Qirqquloqtoifa (Rolypodiophyta) oʻsimliklar boʻlimining asosiy sinflari
2.2 Polipodiumsimonlar - Polypodiopsida sinfi
Bu qirqquloqlar bo’limining eng yirik ajdodi. U 6 ta qabila, 240 ga yaqin turkum va 9000 dan ziyod turni birlashtiradi. Ular butun Yer shari bo’ylab keng tarqalgan. Ko’pchilik turlari tropik o’rmonlarda tuprokda yoki daraxtlarga yopishgan holda o’sadi. Tropikaga xos turlari orasida daraxt va lianalari ham bor. Siateyadoshlar oilasining 500 dan ziyod daraxtsimon turlari bunga misol bo’ladi. Ularning bo’yi 15-20 m gacha boradi. Barglari bir necha marta patsimon bo’lingan, uzunligi 5-6 m etadi. Sporalari teng, ayrimlari esa har xil spora hosil qilib ko’payadi. Teng sporali vakillarida gametofit yaxshi taraqqiy etgan. Har xil sporalilarining gametofiti juda reduksiyalangan, bir necha hujayradangina tashkil topgan. Polipodiyasimonlar ajdodi 3 ta ajdodchaga bo’linadi: Polipodiyakabilar (Polypodiidae), Marsiliyakabilar (Marsileidae), Salviniyakabilar (Salviniidae). Polipodiyakabilar ajdodchasi 4 ta qabilaga ajraladi: Osmundanamolar (Osmundales), Sxizeyanamolar (Schizeales), Polipodiyanamolar (Polypodiales), Siateyanamolar (Cyatheales). Bulardan eng yirigi polipodiyanamolar qabilasi bo’lib, u 5 ta oilani birlashtiradi. Shulardan bittasiga to’xtab o’tamiz. Polipodiumdoshlar (Polypodiaceae) oilasi 50 turkumga mansub 1500 ga yaqin turni birlashtiradi. Ular Yer yuzida keng tarqalgan. Bu turkum vakillarining ildizpoyalari yo’g’on, shoxlangan va tashqi tomondan qo’ng’ir rangdagi tangachalar bilan qoplangan. Barglari murakkab patsimon. Oval yoki dumaloq shakldagi soruslari bargning ostki tomonida joylashgan. O’simlikning yumshoq, seret va shirin ildizpoyasi tarkibida glyukozid, olma kislotasi va saponinlar saqlaydi. Bargi va ildizpoyasining qaynatmasi tibbiyotda ishlatiladi. Oddiy polipodium (Polypodium vulgare) manzarali o’simliklar sifatida o’stiriladi.Dryopteridaceae oilasi shimoliy yarim sharning mo’tadil mintaqalarda 500 turi tarqalgan, turlarga boy turkumlari Polystichum (200 tur) va Dryopteris (150 tur) dir.