Gemoglobin. Eritrotsitlar vazifasining amalga oshishi murakkab kimyoviy birikma – gemoglobinga bog’liq. Tarkibida temir bo’lgan 4 gem molekulasi va bir oqsil globin molekulasidan tashkil topgan bu xromoproteid kislorodni biriktirish va ajratish qobiliyatiga ega. Gemoglobinning molekulyar massasi 64458. Kislorodni biriktirish va ajratish vazifasini gem molekulasidagi ikki valentli temir bajaradi. Globin esa gemni olib yuruvchi albuminlar turkumiga kiradigan oqsil.
Har bir eritrotsitda 400 mln gemoglobin molekulasi bor. Katta odamning qonidagi konsentratsiyasi 14 g %, umumiy miqdori esa 600 g chamasida. O’pka kapillyarlaridan o’tayotgan eritrotsitlardagi gemoglobin oksigenatsiyaga uchrab, oksigemoglobinga (NvO2) aylanadi, to’qima kapillyarlarida dezoksigenatsiya jarayoni ro’y berishi tufayli, kislorod erkinlashadi va to’qimalarga o’tadi. Kislorodni yo’qotgan oksigemoglobin dezoksigemoglobin deyiladi. Arterial qonning qip-qizil bo’lishi oksigemoglobinga bog’liq. Gemoglobinnning 1 g 1,34 sm3 kislorod kislorod biriktirib olishi mumkin. Demak, qondagi mavjud 600 g gemoglobin kislorodga to’yinsa, 800 sm3 kislorodni bog’laydi. 1 sm3 qon biriktirib olishi mumkni bo’lgan kislorod miqdori qonning kislorod sig’imini belgilaydi. Sog’lom odam qonining kislorod sig’imi taxminan 0,19 sm3.
Gemoglobinni ko’mikdagi eritroblastlar va normoblastlar sintezlaydi. Eritrotsitlar qarib, yemirilgandan so’ng, ulardagi gemoglobin parchalanadi va gemdan o’t pigmenti – bilirubin hosil bo’ladi. Bir kecha-kunduzda organizmda gemoglobinning 1 % ga yaqini parchalanadi.
Oksigemoglobin, dezoksigemoglobidan tashqari, qonda gemoglobin karbonat angidrid bilan birikib, karbogemoglobin (NvCO2) hosil qiladi. Bu birikma modda almashinuvi natijasida bo’lgan CO2 tashilish shakllaridan biri. Oksigemoglobin, dezoksigemoglobin va karmogemoglobin gemoglobinning fiziologik birikmalaridir. Ba’zi sharoitlarda uning g’ayri-tabiiy birikmalari ham paydo bo’lishi mumkin. Gemoglobin is gazi (CO) bilan juda oson birikadi va karboksigemoglobin (HvCO) hosil qiladi. Bu birikmaning parchalanishi juda qiyin. Shuning uchun nafasga olinadigan havoda CO oz miqdorda bo’lsa ham tez vaqt davomida qondagi gemoglobinning ko’p miqdorini egallab oladi, qon kislorod tashish qobiliyatini yo’qotadi. Organizmda kislorod yetishmovchiligining og’ir asoratlari (qayt qilish, bosh og’rishi, xushdan ketish) rivojlanadi.
Zaharlanish unchalik kuchli bo’lmasa, toza havoda nafas olish karboksigemoglobinning asta-sekin parchalanishi va organizmning is gazidan halos bo’lishiga olib keladi. Zaharlangan odamni sof kislorod bilan nafas oldirilsa, karboksigemoglobinning parchalanishi 200 marta tezlashadi. Tabiiy sharoitda gemoglobinning faqat 1 % i CO bilan birikkan.
Organizmga oksidlanish qobiliyatiga ega bo’lgan dorivor yoki boshqa moddalar (kaliy permanganate, bertole tuzi, aniline, fenatsitin) kiritilsa metgemoglobin (MetHb) hosil bo’ladi. Bu moddalar ta’sirida gemoglobin chindan ham oksidlanadi.