Qon ivishining boshqarilishi. Asrimizning boshida hozir stress nomini olgan (qo’rqish, g’azablanish, azoblanish va boshqalar) holatlarda qonning ivishi tezlashishi aniqlangan edi. Ma’lumki, bunday vaqtlarda simpatik nerv tizimi qo’zg’alib, buyrak usti bezlaridan adrenalin ajralishi kuchayib giperadrenalemiya rivojlanadi. Qonning ivish vaqti tromboplastin hosil bo’lish bosqichi hisobiga 5-10 daqiqadan, 3-4 daqiqagacha qisqaradi.
Simpatik nerv tizimi qo’zg’alganidagi qon ivishining tezlashishi (giperkoagumeliya) adrenalin va noradrenalin ta’siriga bog’liq. Uning asosiy sababi shuki, adrenalin qon tomirlar devoridan tromboplastin ajralishini tezlashtirish qobiliyatiga ega. Bundan tashqari, adrenalin tomirlardagi qonning xagemon omilini faollaydi, bu omil esa qon tromboplastini paydo bo’lishining sababchisi hisoblanadi.
Adrenalin to’qima lipazalarini faollab, fosfolipidlarning eritrotsitlardan ajralishini yengillashtirib, qonda tromboplastin faolligini oshiradi.
Simpatik nerv tizimi qo’zg’alganda rivojlangan giperkoagulemiya qo’zg’alish tugagandan so’ng ikkilamchi gipokoagulemiyaga olib keladi. Bu gemakoagulyatsiya mexanizmlarining evolutsiyasida faqat yagona himoya moslashuv reaksiya sifatida (qon oqishini tez to’xtashini ta’minlovchi giperkoagulemiya sifatida) shakllanganidan dalolat beradi.
Katta yarim sharlar po’stlog’i qon ivishi jarayoniga sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Bu ta’sir endokrin bezlar, xususan buyrak usti bezlarining mag’iz qismi faoliyatini o’zgartirish, qon tomirlarni kengaytirish yoki toraytirish yo’li bilan yuzaga chiqadi. Yarim sharlarning qon ivishini boshqarishda ishtirok etishidan giperkoagulemiya yuzaga keltiradigan shartli reflekslar hosil qilish mumkinligi ham dalolat beradi.
Odam qoni guruhlari. Qadim zamonlarda ko’p qon yo’qotgan odamga qon quyilsa, qon yo’qotish natijasida halok bo’layotgan odamni o’limdanasrab qolishi mumkin degan fikr paydo bo’lgan. 1667-yilda farangistonlik faylasuf Deni va shifokor Emmerel qon yo’tib, o’layotgan yigitga qo’zichoq qonini quyishdi, natijada u tuzalib ketdi. Ammo undan keying qon quyishlar natijasi fojiali bo’ldi. Hatto odamning qoni odamga quyilganda ham har 5-6 hodisaning bittasida xalokat ro’y berdi.
Asrimizning boshlarigacha shifokorlar va olimlar har bir odamning qoni o’ziga xos biologik xususiyatga ega ekanini bilishmagan. Buni 1901-yilda avstraliyalik olim K.Landshteyner va 1903-yilda chex olimi Y.Yanskiy batafsil o’rgandilar va qon guruhlarini kashf etdilar.
Agar buyum oynasiga odamning qoni bir-biriga qo’shilsa, ko’pchiligida eritrotsitlar bir-biriga yopishib, g’uj bo’lib qoladi. Bu hodisa agglyutinatsiya deyiladi.
Eritrotsitlar agglyutinatsiyasi antigen bilan antitelo o’rtasidagi reaksiyaning natijasidir. Eritrotsitlarning qobig’i – membranasiga bog’liq bo’lgan agglyutinogenlar antigen rolini o’ynaydi, antitelo sifatida qon plazmasidagi agglyutininlar agglyutinatsiya reaksiyasida ishtirok etadi.
Agglyutinogenlar spetsifik aminokislotali polisaxarid kompleksidan iborat, agglyutininlar esa qonning γ-globulin oqsil fraksiyasidir. Agglyutinatsiya reaksiyasi ro’y berganida agglyutininning 1 molekulasi ikki eritrotsitni bir-biriga bog’laydi. Bu eritrotsitlarga yana boshqa eritrotsitlar qo’shiladi, ular g’uj bo’lib qoladi. Odamning qonida o’z eritrotsitlariga qarshi agglyutinin bo’lmaydi.
Har qaysi odamning qonida faqat unga xos spetsifik eritrotsitlar agglyutonogenlar to’plami bor. Hozirgacha odaminh qonida juda ko’p (400 dan ortiq) agglyutinogenlar topilgan. Ulardan 30 ga yaqini ko’proq uchraydi.
Klinika uchun AVO va Rh (rezus) agglyutinogenlar tizimi katta ahamiyatga ega.