28-modda. Auditorlik tashkilotining huquqlari Auditorlik tashkiloti:
auditorlik tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun xo‘jalik yurituvchi
subyektning ta’sis hujjatlari hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot hujjatlari bilan oldindan
tanishib chiqishni amalga oshirishga;
auditorlik tekshiruvini o‘tkazish shakllari va usullarini mustaqil tarzda belgilashga;
auditorlik tekshiruvi o‘tkazilayotganda xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xo‘jalik
faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq hujjatlarini to‘liq hajmda olishga, shuningdek ushbu
hujjatlarda hisobga olingan har qanday mol-mulkning amalda mavjudligini hamda har qanday
majburiyatlarning amaldagi holatini tekshirishga;
xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan e’lon qilingan auditorlik tashkiloti tanlovlarida
ishtirok etishga, shuningdek tanlov shartlari bilan tanishib chiqish va o‘z takliflarini taqdim etishga;
xo‘jalik yurituvchi subyektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy
boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan, audit
qo‘mitasidan auditorlik tekshiruvi jarayonida yuzaga kelgan masalalar yuzasidan og‘zaki va yozma
tushuntirishlar olish hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar
olishga;
uchinchi shaxslardan axborotning yozma tasdiqnomalarini olishga;
auditorlik xulosasini tuzish uchun zarur bo‘lgan axborot xo‘jalik yurituvchi subyekt
tomonidan taqdim etilmagan taqdirda auditorlik tekshiruvi o‘tkazishni rad etishga;
auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda ishtirok etish uchun boshqa mutaxassislarni ekspert
sifatida jalb etishga;
auditorlik tekshiruvi bilan qamrab olinadigan davrda xo‘jalik yurituvchi subyektga turdosh
xizmatlar ko‘rsatishga, bundan buxgalteriya hisobini yo‘lga qo‘yish, qayta tiklash, yuritish va
moliyaviy hisobot tuzish, shu jumladan moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha
moliyaviy hisobot tuzish, taftish komissiyasi (taftishchi) vazifalarini, investitsiya aktivlarini ishonchli
boshqaruvchi vazifalarini amalga oshirish mustasno;
o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga hamda boshqa
nodavlat notijorat tashkilotlariga birlashishga haqli.
Auditorlik tashkiloti qonunchilikka va auditorlik xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi
shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.