2.2. O.Matjon she’rlarida assotsiativ birliklarning hosil bo‘lish omillari Tilda assotsiativ birliklar turli omillar ta’sirida yuzaga keladi. Assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishida til birligiga xos lingvistik belgilar qatorida jamiyatda shakllangan madaniy, siyosiy, diniy qarashlar, til egalarining voqelik haqidagi bilimlari, ko‘rgan-kechirganlari, hayotiy tajribalari, shaxsiga xos jihatlar (yoshi, jinsi, kasb-kori, ijtimoiy mavqei, qiziqishlari) kabi tashqi omillarning ham ta’siri katta.
O.Matjon she’rlarida assotsiativ birliklarning hosil bo‘lishida ham lingvistik omillar bilan birga tashqi omillarning roli kuzatiladi. Shoir she’rlarida, asosan, quyidagi lingvistik omillar asosida assotsiativ birliklarning hosil bo‘lganligi aniqlandi:
1. So‘zlarning paradigmatik va sintagmatik aloqasi. 2. So‘zlarning uslubiy belgisiga ko‘ra aloqadorligi.
3. So‘zlarning derivatsion belgisiga ko‘ra aloqadorligi.
4. So‘zlarning dialektal belgisiga ko‘ra aloqadorligi.
5. So‘zlarning milliy-madaniy belgisiga ko‘ra aloqadorligi.
6. So‘zlarning ijtimoiylik va gender belgisiga ko‘ra aloqadorligi.
1. So‘zlarning paradigmatik va sintagmatik aloqasi. Assotsiativ birliklarning o‘zaro aloqasida ularning paradigmatik va sintagmatik munosabati muhim o‘rin tutadi. Ma’lumki, badiiy matndan o‘rin olgan birliklar matn mavzusi doirasida birlashib, voqelik fragmentini tasvirlashga qaratilgan hamda ijodkorning tasvir obyekti bo‘yicha tasavvurlari, qarashlarini aks ettiruvchi assotsiativ birliklardan tashkil topadi. Bunday birliklar matn tarkibida sintagmatik va paradigmatik aloqaga kirishib, uning yaxlitligini ta’minlaydi. Biror mavzu doirasidagi so‘zlarning o‘xshash, yondoshlik belgisi asosida matn tarkibida birlashuvi ularning paradigmatik munosabatiga asoslansa, bu birliklarning o‘zaro grammatik jihatdan bog‘lanib, matn sintaktik strukturasiga asos solishi sintagmatik munosabatiga ko‘ra amalga oshadi. Anglashiladiki, matn tarkibidagi hech bir birlik matndagi boshqa birliklardan ajralgan holda bo‘lmaydi. U o‘zining haqiqiy mohiyatini matndagi boshqa so‘zlar bilan bo‘lgan munosabatida namoyon qiladi.
Turtki so‘z – assotsiativ birlik yoki assotsiativ birlik – assotsiativ birlik o‘rtasidagi paradigmatik aloqa bu so‘zlar orasida kuzatiluvchi sinonimik, antonimik, omonimik, uyadoshlik, partonimik, giper-giperonimik munosabat asosida yuzaga chiqadi.
Sinonimik munosabatga asoslangan assotsiatsiya O.Matjonning quyidagi she’riy parchasida kuzatiladi:
Ammo orzularimdan Tunning umri qisqadir,