3. So‘zlarning derivatsion belgisiga ko‘ra aloqadorligi. O.Matjon she’rlarida qo‘llangan ayrim so‘zlarning umumiy derivatsion belgisi asosida assotsiativ aloqaga kirishganligi kuzatiladi. Bunday holatda turtki so‘z – assotsiativ birlikning derivatsion xususiyatlarida umumiylik kuzatiladi. Masalan, shoirning “Baxtiyor” nomli she’rining birinchi misrasida baxtiyor stimul so‘ziga nisbatan 3 o‘rinda baxtli assotsiatsiyasi qo‘llangan:
Baxtli odam kim bu kun? Baxt deb yugurgan baxtlidir. Ham zamon ahli aro o‘zlukda turgan baxtlidir... Ko‘rinadiki, baxtiyor stimul so‘zi va baxtli assotsiatsiyasining yasalish asosi umumiy.
Bu o‘rinda e’tirof etish mumkinki, asosdosh so‘zlar ham antonim so‘zlar kabi doimo bir-birini eslatib turadi. Bunday assotsiativlik O.Matjon she’rlarida ham kuzatiladi.
4. So‘zlarning dialektal belgisiga ko‘ra aloqadorligi.Ma’lumki, tilning dialektal birliklari nutqda qo‘llanar ekan, bevosita adabiy tildagi variantini xotiramizda tiklaydi. Bu holat ushbu birliklarning sheva vakillari lisoniy ongida muayyan assotsiativ guruhlarga birlashishini ko‘rsatadi. D.Lutfullayevaning qayd etishicha, o‘zbek tilida narvon – shoti, beshik – gavora, buvi – ena, do‘ppi – kallapo‘sh, ayron – chalop assotsiativ juftliklari adabiy til – dialekt munosabati asosida hosil bo‘lgan.60 Ammo bir dialektal birlik o‘ziga yondosh bo‘lgan, u bilan uyadoshlik munosabatida bo‘lgan ikkinchi dialektal birlik bilan ham assotsiativ munosabatga kirishi mumkin.
O.Matjon she’rlarida ham shevaga xos qo‘llanishlar ko‘p uchraydi. Bunday so‘zlarning turtki so‘z bilan yoki yondosh birliklar bilan assotsiativ aloqasini quyidagi she’riy parchalarda kuzatish mumkin:
SPORT Yugur. O‘kchalab yur. Chuqur nafas ol.
Dustaman yot. O‘tir. Cho‘kka tush. To‘xta. Yelkasiga chiq. Tush... Ushbu parchada qo‘llangan o‘kchalab (yur) va dustaman (yot) so‘zlari shevaga oid bo‘lib, sport turtki so‘ziga nisbatan hosil bo‘lgan assotsiativ birliklardir.
Quyidagi she’riy parchada esa dialektal xususiyatli iboraning o‘ziga yondosh ibora bilan assotsiativ aloqaga kirishishi kuzatiladi: