Kurash choralari. Issiqxonalarda joriy qilingan ob-havo rejimiga qat’iy rioya qilish, havo va tuproq harorati 20-22°С dan past bo‘lmasligini ta’minlash, iliq(20-25°С) suv bilan sug‘orish; bodring urug‘ini ekish uchun tayyorlangan tuproq yoki kompostga tolklofos-metil yoki etridiazol + kuintotsen fungitsidlarini solish; zararlangan tuproqni ekishdan oldin almashtirish yoki zararsizlantirish; urug‘likni faqat sog‘lom ekinlardan olish; iloji bo‘lsa, 3-4 yilgacha saqlangan urug‘ ishlatish; ekishdan oldin urug‘larni 50-60°С haroratda 4-5 soat davomida isitish; viroz, fuzarioz va askoxitozdan zararsizlantirish uchun urug‘larni ikki bosqichda isitish (oldin 50-52°С da 3 sutka, keyin haroratni asta-sekin 78-80°S gacha ko‘tarish va shu haroratda yana 1 sutka saqlash); saralash (3-5% li osh tuzi eritmasiga solib, 3 daqiqa davomida aralashtirish, yuzaga chiqqanlarini doka bilan suzib olib tashlash, qolganlarini suv bilan bir necha marta yuvish, dorilash va quritish); ularni ekishdan oldin 12-20 soat davomida ivitish; issiqxona va ochiq dalalarda tuproqni chopib, maydalab turish; bodring, qovun, tarvuz va qovoqning sifatli, saralangan urug‘larini keng spektrli fungitsid (misol uchun, Vitavaks 200FF) yoki trixodermin (7 g/kg) bilan dorilash, balandroq jo‘yaklarga sayozroq ekish, keragidan ortiq sug‘ormaslik; almashlab ekish tavsiya qilinadi (Gerasimov, Osnitskaya, 1961; Zaprometov, 1974; Pessov, 1974; Peresipkin, 1982; Fletcher,1987; Bernhardt et al., 1988; Vyangelyauskayte i dr. 1989; Ganiyev, Nedorezkov, 2005).
Qovun fuzarioz so‘lishi (fuzarioz vilt)ni Fusarium oxysporum f.sp.melonis gifomitset zamburug‘i qo‘zg‘atadi. O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Janubiy Qozog‘istonda qovun yetishtirishda eng katta zarar keltiradigan va soha rivojlanishiga to‘siq bo‘lib kelayotgan ikkita zamburug‘ kasalliklari mavjud bo‘lib, ular un-shudring va fuzarioz so‘lishdir.
Fuzarioz so‘lish bilan qovun barcha o‘sish va rivojlanish fazalarida zararlanadi. Yosh maysalarning urug‘barglari, poyasi (gipokotil) va ildiz bo‘g‘zida qaynoq suvga kuyganga o‘xshash, rangsiz, so‘ngra qo‘ng‘ir tus oluvchi dog‘lar rivojlanadi, ular chiriydi va maysalar qurib qoladi, ekin siyrak bo‘lib qoladi. Ertapishar navlar maysalarining 43-86 foizi nobud bo‘lgani O‘zbekistonda qayd etilgan (Gerbanevskaya, 1958).
Fuzarioz so‘lish ekinlarda meva rivojlanishi va pisha boshlashi paytida ko‘plab uchraydi. Oldin o‘simlikning pastki yarusdagi barglarida sarg‘ish, so‘ngra qo‘ng‘ir tus oluvchi dog‘lar paydo bo‘ladi va ular yuqori yarus barglariga o‘tadi. Palaklardan biri yoki bir nechtasi, so‘ngra butun o‘simlik so‘ladi. Ildiz po‘sti titilgan shakl oladi, usti kukunga o‘xshab qoladi. Ba’zan o‘simlik kasallikka mavsum so‘ngigacha qarshilik ko‘rsatadi, so‘lmaydi, ammo ular zaif, palagi kalta bo‘lib qoladi, kam hosil tugadi. Kasallikning tez rivojlanuvchi shakli kuzatilganda o‘simlik 1-2 kun ichida so‘lib qoladi. So‘lishning sababi - o‘simlikning o‘tkazuvchi tomirlari zamburug‘ mitseliysi bilan to‘lishi va suv o‘tmay qolishidir. So‘lgan o‘simliklarning ildizi va poyasi kesib ko‘rilganda, ularda sarg‘ish, jigarrang va qo‘ng‘ir dog‘larni ko‘rish mumkin, ammo bu dog‘lar har doim mavjud bo‘lmaydi. Fuzarioz so‘lish qovun hosilini 30% gacha kamaytiradi. Fusarium oxysporum f.sp.melonis tor ixtisoslashgan va u boshqa poliz ekinlarini zararlamaydi.
Qo‘zg‘atuvchining 4 ta fiziologik irqi mavjudligi aniqlangan va ular ayrim qovun navlarini zararlashi bilan farqlanadi.
O‘zbekiston sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ilmiy tadqiqot instituti xodimlari tomonidan qovunning fuzarioz so‘lishga (va un-shudringga) chidamli navlari va gibridlari (Shirali, Suyunchi, Oltintepa, Lazzatli, Oltin vodiy, To‘yona, Zarchopon, Gurlan va Amudaryo) yaratilgan va tumanlashtirilgan. AQSH va ba’zi boshqa mamlakatlarda fuzarioz so‘lishga mushk qovun va boshqa qovun turlarining ko‘plab chidamli navlari yaratilgan (Bernhardt et al., 1988).
Patogen rivojlanishi uchun mu’tadil havo harorati 25-28°С, minimum 12°С va maksimum 34°С; qishda zamburug‘ 15°S sovuqda ham nobud bo‘lmaydi. Ekin ichida va boshqa dalalarga kasallik tuproq zarrachalari, tuproqqa ishlov berish asbob-uskunalari va sug‘orish suvidagi zamburug‘ propagulalari (mitseliy parchalari, konidiyala-ri va h.k.) orqali tarqaladi. Mavsumdan mavsumga kasallik o‘simlik qoldiqlari va kamroq darajada (3-8% gacha) urug‘lar bilan o‘tadi. Zamburug‘ o‘simliklarga ildizlari orqali kiradi. U tuproqda ko‘p yil saqlanishi mumkin.