Kurash choralari. Kasallik mavjud bo‘lgan dalalarga 4-5 yilgacha qovun ekmaslik; so‘lishga chidamli navlar ekish; urug‘likni faqat sog‘lom o‘simlik mevalaridan olish, ekishdan oldin uni mikroelementlar (Fe, B, Zn, Mn, Cu) eritmasida ivitish, quritish va samarali fungitsid (misol uchun, Vitavaks 200FF) bilan dorilash; tarkibida elementlar balansi mavjud bo‘lgan o‘g‘itlarni kiritish; o‘simlik qoldiqlarini daladan chiqarib, yoqib yuborish tavsiya qilinadi (Gerbanevskaya, 1958; Andreyeva, 1960; Kuznetsova, Tursumetova, 1970; Pessov, 1974; Shtok, 1974; Peresipkin, 1982; MacNab et al., 1983; Bernhardt et al., 1988; Hakimov, Shukina, 1996).
O‘zbekistonda ekinga superfosfatning 5% li eritmasini 3 marta (ekin 4-10 barg chiqarganda, gullash-meva tugish paytida hamda mevalar pisha boshlaganda) purkash kasallikka qarshi yaxshi natija bergan (Gerasimov, Osnitskaya, 1961).
Poliz ekinlarining ildizi va poyasi fuzarioz chirishiniFusarium solani f.sp.cucurbitae gifomitset zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Kasallik bilan o‘ris, oddiy va oyim qovoq juda kuchli, qovun turlari va bodring kuchli zararlanadi. Qo‘zg‘atuvchining ikkita fiziologik irqi mavjud, 1-irq ekin mevalari, ildizi va poyalarini, 2-irq esa faqat mevalarini zararlaydi (Bernhardt et al., 1988). Zamburug‘ ekinlarni butun o‘suv davrida zararlaydi. Erta zararlangan maysalar chirib ketadi, ekin siyrak bo‘lib qoladi. Fuzarioz vilt kabi, bu kasallik ham o‘simlik bo‘yini sezilarli pasaytiradi hamda yetilgan o‘simliklar so‘lishiga olib keladi. Ammo fuzarioz so‘lish bilan zararlangan o‘simliklarning ildiz tizimi va ildiz bo‘g‘zi chirimaydi; bu kasallik esa o‘simlikning ildiz bo‘g‘zi yaqqol qo‘ng‘ir chirishi, poyanining pastki qismi xalqasimon o‘rab olinishi va chirishi, chirigan to‘qimalar yumshab ketishiga olib keladi. Yuqori namlikda to‘qimalar ustida oq mog‘or paydo bo‘ladi. Ildiz ham zararlanadi va chiriydi. Qovun mevalari odatda yerga tekkan joylaridan zararlanadi, ularning ustida dumaloq, konsentrik shaklli, qattiq, quruq chirish rivojlanadi.
Kurash choralari.Kasallikka chidamli navlar mavjud emas. Zamburug‘ tuproqda uzoq saqlanmaydi; zararlangan ekin o‘sgan dalaga poliz ekinlarini 2 yil ekmaslik tuproq tozalanishini ta’minlaydi. Ekinni baland jo‘yaklarning yon tomonlariga ekish tavsiya qilinadi (MacNab et al., 1983; Bernhardt et al., 1988).
Kasallik O‘zbekistonda ham uchrashi va qovunga katta zarar keltirishi xabar qilingan (Gerasimov, Osnitskaya, 1961), ammo bu xabar tadqiqotlarda isbotlanishi lozim.