Rasmiy uslub Davlat idoralari tomonidan chiqariladigan qarorlar, qonunlar, nizomlar, xalqaro hujjatlar rasmiy-idoraviy uslubda yoziladi. Ariza, tilxat, ma’lumotnoma, chaqiruv qog‘ozi, taklifnoma, shartnoma, tarjimai hol, e’lon, tavsifnoma, dalolatnoma, hisobot kabilar ham shu uslubda yoziladi. Bunday uslubdagi hujjatlar qisqa, aniq, barcha uchun tushunarli qilib tuziladi. Bu uslubning asosiy belgisi: jumlalarning bir qolipda, bir xil shaklda bo‘lishi. Bu uslubda ham so‘zlar o‘z ma’nosida qo‘llanadi, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan ayrim qisqartma so‘zlar ishlatiladi, har bir sohaning o‘ziga xos atamalaridan foydalaniladi, qaror qilindi, inobatga olinsin, ijro uchun qabul qilinsin, tasdiqlanadi, yuklatilsin, tayinlansin kabi so‘z va so‘z birikmalari ko‘plab uchraydi.
Ilmiy uslub
Ilmiy uslub Fan-texnikaning turli tarmoqlariga doir ilmiy asarlar, darsliklar ilmiy uslubda yoziladi. Mantiqlilik, aniqlik bu uslubga xos xususiyatlardir. Ilmiy uslub aniq ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalar (qoidalar, ta’riflar)ga boy bo‘lishi bilan boshqa uslublardan farq qiladi. Misol uchun: Yomg‘ir – suyuq tomchi holidagi atmosfera yog‘ini. Tomchining diametri 0,5-0,6 mm bo‘ladi.
Ommabop uslub
Ommabop uslub Tashviqot-targ‘ibot ishlarini olib borishda qo‘llanadigan uslub, ya’ni matbuot uslubi ommabop uslub hisoblanadi. Soddalik, tushunarli bo‘lish, ta’sirchanlik, adabiy til me’yorlariga rioya qilish bu uslubning asosiy belgilaridan hisoblanadi. Ommabop uslubning radio, televideniyeda ishlatiladigan ko‘rinishi og‘zaki ommabop uslub deyilsa, gazeta jurnallarda ishlatiladigan ko‘rinishi yozma ommabop uslub hisoblanadi. Bu uslubda ijtimoiy-siyosiy so‘zlar ko‘p qo‘llanadi. Nutq ta’sirchan bo‘lishi uchun ta’sirchan so‘z va birikmalardan, maqol va hikmatli so‘zlardan ham foydalaniladi. Bunday uslubda gap bo‘laklari odatdagi tartibda bo‘ladi, kesimlar buyruq va xabar maylidagi fe’llar bilan ifodalanadi, darak, his-hayajon va ritorik so‘roq gaplardan, yoyiq undalmalardan, takroriy so‘z va birikmalardan unumli foydalaniladi: 1. Azamat paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirish uchun fidokorona mehnat qilishyapti. 2. Partiya faollari o‘zlarining navbatdagi majlisiga yig‘ilishdi.