Zararli odatlar. Alkogolizm — ashaddiy ichkilikbozlik, ayrim kishilarning o‘z salomatligi va mehnat qobiliyatiga, shuningdek jamiyat farovonligiga zarar yetkazadigan darajada muntazam ravishda me’yori- dan ortiq spirtli ichimliklar ichishidir.
Spirtli ichimliklar odam organizmidagi hamma tuzilmalar va a’zolarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Odam o‘zi ichayotgan ichkilik miqdorini bilmay, me’yorini yo‘qotib qo‘yadi, natijada markaziy va periferik nerv sistemasi faoliyati buzilib, ruhiy xastaliklar, nevroz va boshqa kasalliklar paydo bo‘ladi, ichki a’zolar faoliyati ishdan chiqadi. Ichkilikbozlik (hatto biror tasodif bilan ichilganda ham) odam ruhiyatining o‘zgarishi, ya’ni mast holatda o‘z joniga qasd qilish va boshqa baxtsiz hodisalarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Ichkilikning zaharli ta’siri moddalar almashinuvining buzilishi, nerv sistemasining zararlanishiga olib keladi. Ko‘p ichadigan odamda ko‘z xiralashib, ba’zan quloq ham og‘irlashib qoladi. Ichkilikning me’daga ta’siri natijasida barcha funksiyalari buzilib, surunkali alkogol gastritiga sabab bo‘lishi mumkin. Ichkilikbozlik ayniqsa jigarga zararli ta’sir ko‘rsatadi: odam hadeb ichaveradigan bo‘lsa, jigar sirrozi yuzaga keladi. Alkogolizm pankreatit, qand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti xastaliklariga ham sabab bo‘ladi. Mudom ichib yurgan kishi barvaqt qarib, nogiron bo‘lib qoladi.
Tamaki chekish — kishi sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazadigan eng zararli odatlardan biridir. Tamakining vatani Janubiy Amerika. Tama- kini ispanlar XVI asrda Yevropaga keltirishgan. Dastavval tamakini hidlash yoki chaynash odat bo‘lgan. Bora-bora u chekiladigan bo‘ldi, chunki tamaki chekilganda undagi asosiy modda — nikotin organizmga kuchliroq ta’sir etadi. Nikotin markaziy va periferik nerv sistemasiga vaqtincha qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatadi, arterial qon bosimini oshiradi, mayda tomirlarni toraytiradi, nafasni tezlashtiradi, me’da shirasini ko‘paytiradi. Nikotin bilan birga tamaki tutuni ham a’zolarni zaharlaydi, shuning uchun chekmaydigan kishilarning chekilgan xonada bo‘lishi ham zararlidir.
Tarkibida yonish mahsuloti bo‘lgan tamaki tutuni bilan nafas olinganda arterial qondagi kislorodni kamaytirib yuboradi (kislorod tashuvchi gemoglobin o‘zining kislorodni biriktirib olish faoliyatini yo‘qotadi). U bronxlar shilliq pardasiga ta’sir ko‘rsatib, surunkali bronxit va o‘pka emfizemasiga sabab bo‘ladi. Tamaki chekuvchilar tez-tez yo‘taladigan bo‘lib qolishadi.
Chekish ko‘pincha og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, bronx va o‘pkaning xavfli o‘smalariga sabab bo‘ladi. Surunkasiga uzoq vaqt chekish tez qarishga sabab bo‘ladi.
Nikotin ayniqsa homilador ayollar uchun zararli bo‘lib, bunda bola zaif va kasalmand bo‘lib tug‘iladi. Emizikli ayollarning chekishi ham bola sog‘lig‘iga xavfli ta’sir ko‘rsatadi.
Nikotin ateroskleroz, gipertoniya, gastrit, gastroenterokolit, miokar- diodistrofiya va ba’zi bir endokrin kasalliklaming kechishini og‘irlashtiradi. Chekishdan voz kechmay turib yara kasalligi, trombo- flebit, obliteratsiyalovchi endarteriit, Reyno kasalligi, stenokardiya, miokard infarkti kabi xastaliklardan tuzalish mumkin emas.
Narkomaniya (yunoncha narke — karaxtlik va mania — telbalik, jahl, shod-xurramlik) — bangilik, giyohvandlik, narkotik ta’sirga ega moddalarni qabul qilish natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Ushbu xastalik bilan og‘rigan kishining jismoniy va ruhiy faoliyati xumorini bosadigan tegishli narkotik modda iste’mol qilishiga bogiiq. Quyidagi ikki holda narkotik moddalarga o‘rganib qolish mumkin. Birinchi holda kishi o‘z xohishidan tashqari, e’tiborsizligi natijasida narkotik moddalarga o‘rganib qoladi. Bunday bangilik ko‘pincha vrach buyurgan narkotik moddalarni noto‘g‘ri qabul qilish natijasida kelib chiqadi.
Ikkinchi hol ongli ravishda kayf qilish maqsadida narkotik moddalarga o‘rganishdir. Bangilikka odatda o‘zini tiya bilmagan ruhan zaif, irodasi kuchsiz, birovlarga taqlid qiluvchi, xumorni tarqatishdan boshqa narsani bilmaydigan o‘ta xudbin kishilargina beriladilar. Bunga mubtalo bo‘lganlar narkotik moddalarni qayta-qayta va ko‘p miqdorda iste’mol qilgisi kelaveradi. Keyinchalik esa narkotik moddalarni qabul qilmasdan turolmaydigan, u bo‘lmasa o‘zini xuddi «biror narsa yetishmayotganday» his qiladigan bo‘lib qoladi. Bunday ahvoldan qutulish va o‘zini biroz yengil his qilish uchun yana narkotik moddaga ruju qiladi. Shu tariqa narkotik moddalarga moyillik — bangilik kelib chiqadi. Avvaliga bangilarda ruhiy o‘zgarishlar (tajanglik, kayfiyat buzuqligi, xotira pasayishi) paydo bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik jismoniy o‘zgarishlar (terlash, yurak o‘ynashi, og‘iz qurishi, ozib ketish, qo‘l oyoq titrashi, rangining siniqishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi) avj oladi. Agar bangi o‘z vaqtida narkotik moddalarni qabul qilmasa, yuqoridagi holatlar kuzatiladi.
Ruhiy-emotsional zo‘riqishlar — hozirgi davrda kishilar salomatligiga ta’sir etuvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Odam organizmi- ning normal faoliyati uning ruhiyati qay darajadaligiga bog‘liq.
Odamlar ruhiyati va kayfiyatidagi har qanday o‘zgarishlar a’zo va sistemalarning faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Odamning ruhan ezilishi, ko‘ngliga og‘ir botadigan kechinmalar va hayotidagi turli salbiy voqealar ruhiy zo‘riqishlarga olib keladi.
Ruhiy-emotsional zo‘riqishlar natijasida odamlarda gipertoniya, stenokardiya va miokard infarkti, qolaversa, ruhiy kasalliklar, zararli odatlarga ruju qilish kabilar kelib chiqadi.
Ayollarda ruhiy-emotsional zo‘riqishlar ayniqsa, homiladorlik davrida, uning dastlabki uch oyida o‘ta xavfli asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Aholi turmush tarzining yaxshilanishi, ijtimoiy sharoitning bar- qarorlashuvi ruhiy-emotsional zo‘riqishlarning oldini olishning asosiy shartlaridandir.
Yuqorida sanab o‘tilgan salomatlikka salbiy ta’sir qiluvchi omillar haqida tushunchaga ega bo‘lish, ularni bartaraf etish har bir kishining bevosita o‘ziga bog‘liq. Buning uchun esa sog‘lom turmush, uning tarkibiy qismlari nimalardan iboratligi haqida aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish lozim.
Keyingi o‘n yil ichida inson sog‘lig‘ini saqlash masalasi ilmiy asosda hal etila boshladi. Natijada, sanalogiya va valeologiya atamalari paydo bo‘ldi.