Lotin o'zbek alifbosiga asoslangan yozuvning grafik tavsifi
Reja:
1. Alfavitni lotinlashtirish harakatlari.
2. Madaniy inqilob ehtiyojlari yozuvni lotinlashtirishning sabablaridan
biri sifatida
3. O'zbekistonda lotin yozuviga o'tish (1929)
Sobiq Ittifoq va sotsialistik lagerning mahv bo'lishi va dunyodagi kommunistik harakatning inqirozi ilm-fanda jahon kommunistik harakatining tarixi va nazariyasini o'rganishga bo'lgan qiziqishni so'ndirdi, desak ham bo'lar. Hozir G'arbdagi yuzlab sovetologlar markazlari zamonning zayliga qarab Rossiyaga oid tadqiqotlar, yo islomshunoslik yoki xitoyshunoslik markazlariga aylantirilgandir. Rossiya hamda sobiq ittifoqdosh respublikalarida marksizm-leninizm masalalarini tezroq unutishga intilmoqdalar. Aslida, dunyo xalqlarining boshiga ko'p savdolarni solgan jahon kommunistik harakatining tarixi va amaliyotini yangicha qarashlar vositasida o'rganish esa bundan keyin kurramizda vujudga keladigan har xil zararli harakat va oqimlarning oldini olish uchun ham muhimdir.
Sobiq SSSRdagi yozuv inqiloblari tarixi tarixi bevosita xalqaro kommmunistik harakat va "jahon proletar inqilobi" masalalari bilan bog'liq bo'lgani uchun "jahon inqilobi" tushunchasi va mohiyati xususida to'xtalib o'taylik.
Ma'lumki, jahon kommunistik harakatining asoschilari K. Marks (K. Marx) va F.Engels (F. Eangeals) kapitalizmning bir tekisda rivojlanishi natijasi o'laroq butun dunyodagi yetakchi kapitalistik mamlakatlarda "jahon proletar inqilobi" bir vaqtda yuz beradi, deb hisoblar edilar. (Qayd etish lozimki, jahon proletar inqilobi g'oyasi kommunistik mafkuraning bosh shiori bo'lmish "Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!" jumlasida ham aks etib turardi).
1917-yilda Rossiya imperiyasida hokimiyatni bosib olgan rus bolsheviklari "jahon proletariati dohiylari"ning ushbu qarashlarini hech o'zgarishsiz qabul qilgan edilar. Vladimir Lenin, Lev Trotskiy va inqilobning boshqa yo'lboshchilari Rossiyadagi Oktabr to'ntarishini rus voqeligiga asoslangan bir rus inqilobi deb tushunmas edilar, ular Rossiyada proletariat va uning "avangardi" - kommunistik partiyaning hokimiyatni qo'lga kiritishi tez orada butun jahonda ro'y beradigan "jahon sotsialistik inqilobi"ning debochasi deb bilar edilar. Shu sababli "jahon inqilobi"ni yaqinlashtirish hamda butun dunyoga kommunistik mafkurani yoyish uchun Sovet hokimiyatining birinchi kunlaridanoq amaliy harakatlar boshlandi. Bunday harakatlardan biri Komintern (III Xalqaro Kommunistik Internatsional)ni qayta tashkil etish bo'lsa, yana bir boshqa amaliy qadam, G'arb va Sharq o'lkalariga "inqilobni eksport qilish" edi.
Dostları ilə paylaş: |