1917-yil, 23-dekabr - rus yozuvi va imlosini tartibga solish haqidagi Xalq maorifi komissarligining dekreti;
1918-yil, 10-noyabr – Xalq Komissarlari Sovetining rus alfaviti va imlosini isloh qilish haqidagi qarori;
1919-yil, 26 dekabr – XKSning 8 dan 50 yoshgacha bo'lgan aholini rus tilida yoki o'z ona tilisida (ixtiyoriy - !!!) savod chiqarishga jalb qilish xususidagi dekreti;
1920-yillarning boshi - Savodsizlikni bitirish kurslari (SBK- ликбез ) va chala savodlikni bitirish kurslari (CHSBK)ning tashkil etilishi va hk.
Alfavitni lotinlashtirish Sovet hukumatining ushbu faoliyatlarining davomidir2.
Yana shuni qayd etish kerakki, "madaniy inqilob" bolsheviklar tarafidan zo'rlik bilan amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy tadbirlardan biri bo'lib, uning natijasida nechalab yozuvi yo'q xalqlarning yozuvli, adabiy tili yo'q xalqlarning adabiy tilli, yoppasiga savodsiz xalqlarning savodli bo'lgani, yangi, sotsialistik madaniyatning gullab-yashnagani haqida sovet mafkurachilari 1930-yillardan to SSSRning inqiroziga qadar juda ko'p va xo'p yozdilar3. Bularni takrorlab o'tirishga hojat yo'q. Ammo, madaniy inqilob tufayli yo'qotilgan eski madaniyatning, azaliy an'analarning qiymatini va o'lchamlarini ham belgilab bo'larmikan? Milliy mentalitet, milliy ma'naviyat va mafkuradagi yo'qotishlarni-chi?..
Alfavit haqidagi masala aslida lotin yoki arab alfavitining afzalligini isbotlash tarzida qo'yilgani uchun lotin yozuvi tarafdorlari har jabhada o'zlarining ustunligini isbotlashga tirishdilar. Ushbu masala bo'yicha asosiy ma'ruzalardan birini qilgan prof. N.F. Yakovlevning (Н. Ф. Яковлев) bayon etgan fikrlariga2 e'tibor qilsak, lotinchilarning argumentlari quyidagicha ifodalanadi.
Alfavitlarning afzalligi haqida. Turkiy xalqlar yozuvini lotinlashtirishning ashaddiy tarafdori bo'lgan va bir vaqtlar xuddi E.D. Polivanovga o'xshab XKS va Kominternda kichik amaldor bo'lib ishlagan bu olim lotin va arab yozuvlarini zamonaga xizmat qilish nuqtai nazaridan chog'ishtirib yozadiki, tarix arab yozuvi ustidan o'z hukmini chiqardi. Bu yozuv islom dini tarqalgan joylargagina yoyilgan edi, xolos, hozirgi paytda u birin-ketin o'zi amalda bo'lgan hududlarini yo'qotmoqda. Shu sababli bu yozuvni barcha turkiy tillarga joriy etish haqida so'z bo'lishi mumkin emas (menimcha, muallif yoqut, tuva, xakas, dolgan… kabi musulmon bo'lmagan turkiy xalqlar mavjudligini nazarda tutib shunday demoqda), bu esa arab yozuvining madaniyat vositasi sifatida cheklanganini- kursiv bizniki – J.E.) ko'rsatadi3. Albatta, prof. N.Yakovlevning bu fikrida ilmiylikdan ko'ra mafkuraviylik ko'proqligini aytish kerak. Lotin alfaviti hamda kiril yozuvining dunyoga tarqalishi xristianlik va missionerlikning yoyilishi bilan baravar borganligi hamda lotin va kiril harflarining ham faqat xristianlik yoyilgan joylarda amalda bo'lib kelayotgani fakti ham borki, buni ularning na aybi va na fazilati deb sanash mumkin, bu hollar tarixning mahsuli bo'lgani uchun muhokamaga muhtoj emas. Arab yozuvining "cheklangan madaniyat vositasi" haqidagi tezisni muhokama qilib o'tirishga hojat yo'q.
Dostları ilə paylaş: |