Alifbedan ko'rinib turibdiki, o'zbek tili unlilarini ifodalash uchun unda 9 ta harf qabul qilingan edi. Qator tadqiqotchilar bu holni mazkur alfavitning afzalliklaridan biri edi, deb hisoblasalar1, boshqalari buni 29-yilgi alfavitning nuqsonlaridan biri deb hisoblaydilar2. Bizningcha, ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar biror millatni alifbesini almashtirishga majbur qilganda yoki yozuvi yo'q xalqqa yozuv yaratilayotganda bu xalq tilining barcha tovushlarini maksimum darajada aks ettirgan alfavit tuzilishi kerak. Yozuv tilning barcha boyliklarini va muhimi, uniong tipologik belgilarini ifoda etishi lozim. Turkiy tillar uchun fonetik qurilish borasidagi asosiy belgi – singarmonizm qonuniyatining mavjudligidir. Bu qonun turkiy til hisoblanmish har qanday tilda eng kamida 8 unlining mavjudiyatini talab qiladi. 29-yilda bunga e'tibor bergan edilar. Ammo ayni shu nuqta keyinchalik ziyolilar orasida bahs-munozaraga sabab bo'ldi. Bir qism ziyolilar, ayniqsa, sovet davrida yetishib chiqqan yosh ziyolilar, alfavitga 9 unli kiritilganligini xato deb hisoblay boshladilar, ularning fikricha, yetakchi o'zbek shevalarida, jumladan, Toshkent va Farg'ona guruhi shevalarida to'qqiz emas, olti unlining mavjudligi (ya'ni o, a (tiloldi), e, u (tiloldi), o' (tiloldi), o (tilorqa keng, lablanmagan) tufayli mazkur hol bu shevada gaplashadigan kishilarga qiyinchilik tug'dirgan3. O'sha paytlari Maorif Xalq komissarining birinchi o'rinbosari bo'lib ishlayotgan Botu ham bu xususdagi tortishuvlarga o'z munosabatini bildirgan: "Bir necha yillik tajribamiz hozirgi to'qqiz cho'zg'i (unli – E.J.) omma uchun so'ng daraja og'irlik keltirishini ko'rsatdi. Albatta, ziyoli, munavvar tabaqa uchun bu u qadar og'ir emas. Lekin biz til va imloni bu tabaqaning monopoliyasi demaymiz, shunday bo'lgandan keyin omma bilan ham hisoblashishga to'g'ri keladi"4.
Bu xususdagi bahslarda E.D.Polivanov kabi olimlar ham ishtirok etib, munozaraga "qizg'inlik" baxsh etgan. Bu olimning yozishicha, "ayb lotin yozuvida emas, adabiy tilga asos bo'ladigan sheva tanlanmas ekan, "singarmonistik orfografiya" talablari saqlanib qolaveradi, to'qqiz unlili lotin alfavitidan foydalanish musulmon grafikasidan ko'proq qiyinchilik tug'diraveradi"5. O'zbek adabiy tili esa 1929-yilga kelib shakllanib ulgurgan edi, uning asosiga nafaqat Toshkent-Farg'ona shevalari balki boshqa shevalar ham asos qilib olingan edi. Shunday bo'lsa-da, bahslar tinmadi, xalq nomidan alfavit va imloga o'zgartirish kiritish talablari jaranglayverdi.