Fan- ilmiy dunqarash shakli. Bilimlarning o‘sishiga qarab har xil muammolar va masalalar soni ham tinimsiz ko‘payib bordi. Bu jarayon fanning rivojlanish sur’ati yanada jadallashuviga va u falsafadan yanada ko‘proq ajralishiga sabab bo‘ldi. Biroq fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat XVII-XVIII asrlarda to‘la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni aytish mumkinki, bu I.Nyuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, shu tariqa tabiatshunoslikning bo‘limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan keyin yuz berdi.
Falsafa va fanning o‘zaro mutanosibligi va farqi.Falsafa nafaqat fan, balki ijtimoiy hayotning boshqa, chunonchi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy, ilmiy jabhalari, san’at va shu kabilar bilan ham uzviy bog‘liq. Biz falsafa va fan munosabatlarining genezisi haqida ularning birligi va farqlarini aniqlash maqsadida so‘z yuritamiz. Mazkur masalani mufassalroq o‘rganishga kirishar ekanmiz, avvalo ko‘rsatilgan tushunchalarning asosiy ma’nolari va mazmunlarini aniqlab olamiz.
Fanning mohiyatini tushunishga nisbatan ikki asosiy yondashuv, uning keng va tor talqinlari shakllangan.
Keng (yig‘ma) ma’nodagi fan – bu butun inson faoliyati jabhasi bo‘lib, uning vazifasi borliq haqidagi ob’ektiv bilimlarni o‘rganish va ilmiy nazariy tizimga solishdan iboratdir. Bu erda “fan”, “olim” tushunchalari muayyanlashtirilmaydi va umumiy, yig‘ma tushunchalar sifatida talqin qilinadi. “Fan” tushunchasi falsafaga tatbiqan ko‘pincha ayni shu kontekstda qo‘llaniladi, faylasuflar esa olimlar deb ataladiki, bu qisman o‘rinlidir.
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular: -avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;
-o‘rganilayotgan ob’ektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo‘ljal oladi;
-kategoriyalar apparatini (o‘z tilini) yaratadi, o‘zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.