Endokrin bezlar faoliyatini o'rganish usullari.
Endokrin bezlar faoliyatini o'rganishda keng foydalaniladigan
usullar quyidagilardir:
1. Eksterpatsiya - operatsiya qilib, tegishli endokrin bezini olib
tashlash va shundan keyin organizmda ro'y beradigan o'zgarishlarni
kuzatish.
2. Transplantatsiya - endokrin bezini ko'chirib o'tkazish (auto, gomo
va getero transplantatsiya).
3. Tegishli gormonni yoki endokrin bezdan tayyorlangan
ekstraktlarni organizmga yuborib, kuzatiladigan o'zgarishlarni o'rganish.
4. Parabioz - ikki organizm o'rtasida biologik uzviylik hosil qilish.
Buning uchun ikki yoki undan ortiq tajribadagi hayvonning qon
tomirlari bir-biriga ulanadi. Keksa va yosh, jinsiy jihatdan yetilgan va
yetilmagan, bichilgan va bichilmagan, urg'ochi va erkak hayvonlar qon
aylanish tizimini bir-biriga ulash va keyin tegishli kuzatuvlarni olib
borish yo'li bilan belgili endokrin bezlar faoliyatini o'rgansa bo'ladi.
5. O'rganilayotgan bezga oqib kelayotgan va undan oqib
chiqayotgan qonning fizologik faolligini aniqlab, bir-biriga taqqoslab
ko'rish yoki angiostamiya usuli.
6. Radiofaol izotoplar usuli - bu usul yordamida turli
gormonlarning organizmda sintezlanishini, almashishini o'rgansa bo'ladi.
Bulardan tashqari endokrin bezlar faoliyatini o'rganishda boshqa
turli-tuman fizologik, bioximik, morfologik usullar ham qo’llaniladi.
Qalqonsimon bez.
Qalqonsimon bez barcha umurtqalilarda bo'ladi. Sut
emuzuvchilarning bo'yni sohasida, qalqonsimon tog'ayning ikki yonida
joylashgan bo'lib, shaklan qalqonga o'xshab ketadi. Bu bez o'zaro
tutashgan ikki bo'lakchadan iborat. Qalqonsimon bezning hajmi har xil
turdagi hayvonlarda turlicha bo'lib, bir turdagi hayvonlarda ham bir
muncha farq qiladi. Uning kattaligi hayvonning yoshi, jinsi,
organizmning holati, yilning fasli va bir qator omillarga bog'liq.
Jumladan, ser sut qoramollarda bu bez og’irligi 23-41, go’shtdor
shoxlilarda esa 21-36, cho’chqalarda 12-30, arxarlarda 20-35, qo'ylarda 4-7 grammni tashkil qiladi.
Qalqonsimon bez qon bilan benihoya yaxshi ta'minlanib turadi.
Masalan, itlar organizmida oqayotgan qonning hammasi bu bezlar orqali
bir kunda 16 marta aylanib, oqib o'tadi.
Bezning parenximasi va stromasi bo'lib, parenximasi o'ziga xos
follikulalardan tashkil topgan. Bu follikulalarning devori sekretor
epiteliydan tuzilgan. Sekretor hujayralar uzluksiz ravishda maxsus
kolloid modda ishlab chiqaradi. Shu sababli follikulalarning ichi o’sha
kolloid moddalar bilan to'la turadi. Bu kolloid gidrolizlanganidan so'ng
qon va limfaga o'tadi. Follikulalarning orasida biriktiruvchi to'qima
bo'lib, u bezning stromasini tashkil qiladi.
Qalqonsimon bezning asosiy gormonlari: tiroksin, va
triyodtironinlar bo’lib ularning tarkibida yod bor. Gormon bezda
quyidagicha sintezlanadi: Organizmga o'zi bilan kiradigan yodning
asosiy qismi qonga so'rilgandan keyin qalqonsimon bezga keltiriladi.
Bez hujayralari uni ushlab qoladi. Bu yerda anorganik yo'd
sitoxromoksidaza va peroksidaza fermentlarining ishtirokida
molekulalar yodgacha oksidlanadi. So'ngra taxminan ikki soat
davomida yod tirozin aminokislotasi bilan birikadi. Oqibatda
monoyodtirozin va diyodtirozin molekulalari hosil buladi.
Tetrayodtirozin tiroksin gormoninig o'zidir. Hozir aytilgan yodli
birikmalar bezning follikulalarida oqsillar bilan birikib, tireoglobulin
degan kompleks birikma molekulalarini hosil qiladi. Tireoglobulin
murrakkab glyukoproteiddir. Uning molekulasida 10 ta polipeptid zanjiri
bor. Tarkibida yodlangan aminokislotalardan tashqari glyukoza,
galaktoza, mannoza ham saqlanadi. Tireoglobulin follikulalarning ichidagi kolloidda yig'iladi, ayni vaqtda uning ma'lum qismi parchalanib
ham turadi. Shunda triyodtirozin va tetrayodtirozin - tiroksin hosil bo'lib,
qonga so'riladi. Ular qondagi oqsillar bilan birikadi va tegishli to'qima
hamda organlarga tashiladi. Keyingi vaqtlarda olingan malumotlarga
qaraganda triyodtirozin va tetrayodtirozin to'qimalarda oksidlanib,
dezaminlanadi. Oqibatda triyodtiroatsetat va triyodtiropropinant
kislotalar hosil bo'ladi. Bular tiroksin va triyodtironinga qaraganda 80-
300 baravar faolroqdir.
Tiroksin va triyodtironin to'qimalarda shu birikmalar holida ta'sir
qiladi deb hisoblanadi. Qalqonsimon bez gormonlari organizmning
o'sishi, rivojlanishida, unda oqsillar, yog'lar, uglevodlar, suv va tuzlar
almashinuvida katta ahamiyatga ega. Bu gormonlar energiya
almashinuviga, nerv tizimi, yurak va jinsiy bezlar faoliyatiga ta'sir
ko'rsatadi. Qalqosimon bezda hosil bo'ladigan tiroksin, triyodtironin va
triyodteroatsetat kislota va boshqa ba'zi yodli birikmalar oksidlanish
jarayonini, oqsillar almashinuvini tezlashtiradi. Ayniqsa hujayralarning
mitoxondriyasidagi oksidlanish jarayonini faollashtirib, energiya
almashinuvini kuchaytiradi. Bu gormonlar hujayra fermentlarining
desilfed guruhlarini sulbigidril guruhlarga aylantirib, ularni
faollashtiradi. Organizmda qalqonsimon gormonlari yetishmay qolgan
paytda asosiy almashinuv pasayadi. Organizmda ortiqcha osh tuzi va suv
ushlanib qoladi. Oqibatda shish hosil bo’ladi, - suv shishlari deb
shularga aytiladi. Qonda kalsiy miqdori kamayadi, jinsiy faoliyat
pasayadi. Urg'ochi hayvonlarda ovulyatsiya va urug'lanish jarayonlari
kuzatilsa-da, rivojlanayotgan embrion bo'g'ozlikning boshidayoq halok
bo'ladi.
Umuman olganda, bu bezning gormonlari embriogenezda benihoya
katta ahamiyatga ega. Qalqonsimon bez gormonlari yetishmaganida
(gipofunksiyasida) yosh bolalar va hayvonlar o'sishdan, rivojlanishdan
qoladi, suyaklanish jarayonlari buziladi.
Dostları ilə paylaş: |