Tasviriy metod. Ma’lumki, tasviriy metod barcha ijtimoiy-tarixiy va tabiiy fanlarda keng qo‘llaniladi27. Shunga ko‘ra bu metod boshqa metodlar orasida qo‘llanish ko‘lami jihatidan eng yuqori o‘rinda turadi. Bu metoddan foydalanishning dastlabki bosqichida material to‘planadi, kataloglar (kartochkalar)ga tushiriladi hamda ular sistemalashtiriladi. Bu esa onomastik materialning turli qirralarini sezish, bilish uchun katta imkon beradi. Masalan, toponimlarni tasviriy metod asosida o‘rganishda tog‘, qir, adir nomlari, qishloq, shahar, ko‘cha, mahalla, guzar nomlari ro‘yxati asos qilib olinadi. Xuddi shuningdek, daryo, ko‘l, buloq, ariq, kanal, soy nomlari ro‘yxati gidronimlarni tasviriy metod bilan o‘rganishda katta yordam beradi. Ana shu ro‘yxatlar materiali asosida keyinchalik onomastik birlik (toponim, gidronim kabi)larning lug‘atlari tuziladi. Masalan, G.P.Smolitskayaning “Oka basseyni gidronimlari” (1976), Stefan Ilchevning “Bolgar ism va familiyalarining lug‘ati” (1969), E.Begmatovning “O‘zbek ismlari ma’nosi” (2007: 2010) kabilar shular jumlasidandir.
Onomastik birliklarni o‘rganishning tasviriy metodi boshqa metodlar kabi tarixiy jihatdan o‘zgaruvchan xarakterga egadir. Bu metod o‘z qo‘llanish doirasini, tahlilga tortilgan material ko‘lamini tilshunoslik ilmining yutuqlari bilan bog‘liq holda o‘zgartirib, kengaytirib boradi.
Tarixiy metod. Har qanday fanda ilmiy tahlilning asosiy tamoyillaridan biri tarixiylikdir. Onomastik material tahlilida tarixiylik tamoyili juda muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki onomastik materialda xalqning o‘tmish tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi ildizlarini sezish qiyin emas. SHuning uchun onomastik materialni tarixiy-etnografik nuqtai nazardan o‘rganishga birinchi navbatda tarixchilar qiziqish bildirganlar.
Onomastik birliklarga tarixiy nuqtai nazardan yondoshuv tarixiy, arxeologik va etnografik ma’lumotlarni, faktlarni onomastika doirasiga keng tatbiq etishga olib keldi. SHu bilan birga onomastik leksika tarixiy aspekt (qiyosiy-tarixiy va tarixiy-qiyosiy yo‘nalishlar) da keng o‘rganildi.
Onomastikaga lingvo-tarixiy metodni qo‘llashda A.M.Selishev, A.I.Popov, V.A.Nikonov, B.A.Serebrennikov, V.N.Toporov, O.N.Trubachev, YU.A.Karpenko kabi rus olimlarining, V.Georgiev, V.Tashitskiy, S.Rospond, F.Bezglay singari chet ellik olimlarning xizmati katta bo‘ldi.
Onomastik birliklar tarixiy nuqtai nazardan o‘rganilganda quyidagi ikki yo‘nalishga amal qilinadi: a) onomastik materialning tarixiy holatidan hozirgi ko‘rinishigacha bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash usuli (perspektiv tahlil usuli); b) onomastik materialning hozirgi holatidan uning tarixiy holatigacha bo‘lgan tarixiy rivojlanish jarayonini aniqlash (retrospektiv tahlil usuli). Har ikki tahlil yo‘nalishidan ham asosiy maqsad onomastik birliklarning rivojlanish, o‘zgarish jarayonlarini aniqlashdan iboratdir.
Onomast-toponimistlar to‘plangan materialni tarixiy metod bilan o‘rganganda lisoniy (etnik) stratigrafiya (lotincha: stratum – “qatlam” va yunoncha: grapho – “yozaman” so‘zlaridan)ni aniqlashga intiladilar. Bunday tahlillardan maqsad onomastik birliklarning eng qadimgi o‘z va o‘zlashgan qatlamlarini aniqlash, uning tarkibidagi o‘zgarishlar silsilasini aniqlashdir. Jumladan, antroponimlarning etimologiyasi, uning ma’nosini izohlash, shunga doir turli xil qarashlarni keltirib, ularga munosabat bildirish ana shunday izlanishlar samarasi sanaladi. Keyingi yillarda olimlar toponim va antroponimlardagi ichki (lisoniy-struktur) va tashqi (ekstralingvistik) o‘zgarishlar tarixini o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Birinchi tip o‘zgarishda onomastrik birliklarning lisoniy tarixi, evolyusiyasi aniqlanadi, ikkinchisida esa u yoki bu onomastik birliklarda davr ruhining aksi inobatga olinadi (masalan: BAM, DneproGES, XXP parts’ezd, Komintern, Komsomol kabi abbreviaturalarda sobiq totalitar tuzum aksini sezish qiyin emas).