7-MAVZU : TA ’LIM TIZIMI ISLOHOTLARI VA KADRLAR TAYYORLASH REJA: 1. Mustaqillikning dastlabki yillarida ta’lim tizimi. 2. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 3. O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’lim tizimining tashkil etilishi 4. Oliy ta’lim va undan keyingi ta’limning takomillashtirilishi. Tayanch atama va iboralar :kadrlar tayyorlash, ta’lim. Mustaqillikning dastlabki yillarida ta’lim tizimi. Madaniy-ma’naviy rivojlanishning eng muhim poydevori – ta’lim tizimidir. Chunki zamon talablariga javob beradigan, ilg‘or fan-texnika, texnologiya yutuqlarini egallab olgan kadrlarni yetishtirmasdan jamiyatni yuksaltirib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda 1992-yil 2-iyulda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu dasturulamal hujjatda ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari, ta’lim tizimi, uning boshqaruv tarkibi, pedagog xodimlarning burch va mas’uliyatlari aniq belgilab berildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida 10 mingdan ortiq xalq ta’limi xodimiga davlat uylari, 22 mingdan ortiq xodimga esa tashkilot va muassasalar tasarrufidagi uylar bepul xususiylashtirilib berildi. 50 mingdan ortiq pedagog xodimga shaxsiy qurilish uchun yer maydonlari ajratildi. Qishloqlarda istiqomat qiladigan pedagog xodimlarning hammasi kommunal xizmat uchun to‘lovlardan ozod etilgan bo‘lsalar, shaharliklar uning 50 foizi miqdorida to‘lab bordilar. Keyinchalik kommunal xizmat bo‘yicha bu imtiyozlar oylik maoshlariga qo‘shib beriladigan kompensatsiya bilan almashtirildi. 1992-yildagi qonun asosida umumiy ta’lim quyidagi bosqichlar bo‘yicha amalga oshirila boshlandi.
I bosqich – boshlang‘ich ta’lim (1–4-sinf);
II bosqich – asosiy (tayanch) maktab (4–9-sinf);
III bosqich – yuqori o‘rta maktab (10–11-sinf);
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil dekabrdagi qarori bilan 1-oktabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” deb belgilandi hamda bu kun bayram sifatida dam olish kuni deb e’lon qilindi.
O‘zbekistonda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqeyi, turar joyidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlandi.
O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi siyosat 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida o‘z aksini topdi. 1996–1997-o‘quv yilidan boshlab maktablarning birinchi sinfl arida o‘qish
lotin alifbosida olib borildi. Yangi alifboda o‘qitish uchun zarur dastur, qo‘llanma va darsliklar yaratildi.