Olimpiada. 1993-yilning sentabrida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining 101-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi to‘la-to‘kis tan olindi. Qo‘mita shu bugungi kungacha xalqaro sport va olimpiya harakatining rivojlanishiga yordam berib kelmoqda. U O‘zbekistonda olimpiya g‘oyalarini targ‘ib qilish, Olimpiya o‘yinlarida
respublika vakillari ishtirokini ta’minlash, jahon sportchilari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatish va rivojlantirish vazifalari bilan shug ‘ullanmoqda. 1996-yil yanvarda Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining qaroriga muvofiq,jahon sportini rivojlantirishdagi xizmatlari va olimpiya g‘oyalariga sadoqati uchun O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Olimpiya Oltin ordeni bilan mukofotlandi.
Toshkentda 1996-yil avgustda Olimpiya shon-shuhrati muzeyi tashkil etildi. 2000–2016-yillar oralig‘idagi yozgi Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyat bilan ishtirok etishdi. A.Taymazov, M.Ibragimov (erkin kurash), A.Doktorashvili (yunon-rum kurashi), R.Sobirov (dzyudo), O‘.Haydarov, A.Atoyev, B.Sultonov (boks), A. Fokin (sport gimnastikasi), Yekaterina Xilko (gimnastika) kabi sportchilarimiz mamlakatimiz sporti shuhratining xalqaro maydonda yanada oshishiga o‘z
hissalarini qo‘shdilar. Xususan, erkin kurashchi Artur Taymazov bir necha karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan yagona sportchi bo‘ldi. 2016-yilgi Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada mamlakatimiz tarixidagi eng sermahsul musobaqa bo‘ldi. Ushbu Olimpiadada eng ko‘p medalni bokschilarimiz qo‘lga kiritishdi.
Yoshlar tashkiloti. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin mamlakat yoshlarini birlashtirish uchun “Yoshlar ittifoqi” tashkiloti tuzildi. Tashkilot yoshlarni o‘z plenumi va konferensiyalari qarorlarini bajarishga safarbar qilishga urinishi, qarorlarda yoshlarning manfaatlari va ehtiyojlari to‘la aks etmaganligi natijasida 1996-yilda “Yoshlar ittifoqi” tashkiloti tugatilib, O‘zbekiston Respublikasi yoshlarining “Kamolot” jamg‘armasi tuzildi. “Kamolot” jamg‘armasining vazifasi yoshlarning manfaat va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni qondirish yuzasidan dasturlar tuzish va davlat ko‘magida hayotga tatbiq etishdan iborat edi. Ammo “Kamolot” yoshlar jamg‘armasi bunday vazifalarni bajara olmadi, yoshlarning haqiqiy ma’nodagi yetakchisiga aylana olmadi, deb topildi. 2001-yil Toshkentda bo‘lgan yoshlar qurultoyida o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuzildi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining asosiy maqsadi yoshlarni birlashtirish, jamiyatda munosib o‘rnini egallashga ko‘maklashish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning o‘z aql-zakovati, kuch-g‘ayratini to‘la namoyon etishi uchun zarur shar-tsharoit yaratib berish, yosh avlodning tayanchi va suyanchi bo‘lishdan iboratdir. Harakatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar bo‘limlari, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, huquq-tartibot organlarida boshlang‘ich tashkilotlari tuzildi. Ular 14 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari – yoshlarni o‘z safl arida ixtiyoriy ravishda birlashtirgan holda faoliyat ko‘rsatdi. 2017-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati (YoIH) qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bu qurultoyda “Kamolot” YoIH tashkiloti tugatilganligi va “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” tashkil etilganligi e’lon qilindi. Yoshlarning muammolari hamda tashabbuslari O‘zbekiston Prezidentining to‘g‘ridan- to‘ g‘ri e’tiborida bo‘lishini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” raisi bir paytning o‘zida Prezidentning Davlat maslahatchisi
lavozimida bo‘lishi ham belgilab qo‘yildi.