Reja: Oila tarbiyasining mohiyati. Oilaviy tarbiyada milliy qadriyatlardan foydalanish. Oilaviy tarbiya to’g’risida sharq mutafakkirlarining fikrlari. Oila a’zolarining tarbiya jarayonida tutgan o’rni. Oilaviy tarbiyada hamkorlik



Yüklə 125,05 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/8
tarix25.12.2023
ölçüsü125,05 Kb.
#195749
1   2   3   4   5   6   7   8
 
 
 


Oilaviy tarbiyada milliy qadriyatlar. Sharq mutafakkirlari 
ta’limoti. 
Inqilobdan oldin, uning dastlabki kunlaridayoq sharqona tarbiyaga yuksak baho 
berilgan edi. «Bolaga muhabbat, bolaga diqqat – e’tiborni rusiyaliklar Sharq 
xalqlaridan o’rganishlari kerakligi» e’tirof etilgan edi.
Bir qancha rus etnograflarining Turkiston xalqlari turmush tarzi, oilaviy 
munosabatlari, an’analari bilan qiziqishlari tarixdan ma’lum. Lekin vaqt o’tishi bilan 
nimagadir milliy qadriyatlarga bid’at va xurofot deb nom berildi. Bizda e’tiborga 
olinmagan Kaykovusning «Kobusnomasi», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig», 
Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul haqoyiq»i jahonda tan olindi. Navoiy bobomiz, 
Munis Xorazmiy, Abdulla Avloniy, Hoji Abdullo Orif, Sa’di Sheroziy, Mirzo Bedil, 
Hamzalar o’z asarlarida o’zbek xalqining o’ziga xos xususiyatlarini ochib berishgan. 
O’zbeklardagi ota–onaga bo’lgan izzat–hurmat, birodarlarga bo’lgan mehr–shafqat, 
insoniylik, ma’rifatga chanqoqlik, onani (ayolni) ulug’lash, farzandga nisbatan 
fidoyi bo’lish kabi fazilatlar albatta ular qalami orqali dunyoga tanilgani 
shubhasizdir.
O’zbek xalqining tarixi haqida gapirilganda inqilobdan oldin bironta oliy o’quv 
yurtining bo’lmaganligi haqida ko’p gapiriladi. (Bu faktlar xatoligini tarix 
ko’rsatmoqda). O’zbeklarda ta’lim – tarbiya masalalariga e’tibor hamma vaqt asosiy 
bo’lgan. Xalq pedagogikasi ularning vazifasini a’lo darajada o’tab kelgan. Bular 
xalq og’zaki ijodi durdonalari bo’lmish ertaklar, rivoyatlar, maqollar, topishmoqlar, 
ona allalaridir.
 
Bolalik kunlarimda,
 
Uyqusiz tunlarimda.
 
Ko’p ertak eshitgandim, 
So’zlab berardi buvim. 
H. Olimjon 
Zamondoshimiz Hamid Olimjonning bu satrlarini o’qigan har bir kimsa, 
aminmizki, ko’z o’ngiga o’zining yoshligini keltiradi. Chunki, har birimiz 
yoshligimizda bunday ertaklardan bahramand bo’lganmiz. Ular orqali keksa avlod 


vakillari yosh avlodga ota–bobolar tarixi, udumlari, an’analarini singdirish bilan bir 
qatorda tarbiyaviy maqsadni ham ko’zda tutganlar. 
Ertak, afsona, rivoyatlar o’zining jozibadorligi bilan faqat bolalarnigina emas, 
balki kattalarning ongiga ham ijobiy ta’sir qilgan. Ular insonlarni yaxshilik qilishga, 
mehnatni sevishga, Vatanga nisbatan fidoyi bo’lishga asrlar davomida undagan. 
Shiroq, To’maris, Go’ro’g’li, Rustami–doston, Alpomishlarni hozir ham bolalarimiz 
hayrat bilan tinglashadi. Bola qiziqdimi demak, u haqiqiy narsa, chunki sal bo’lsa-
da soxtalikni bolaning beg’ubor ko’ngli darhol sezadi. 
«Yoshi bir erga borib, vaqt esa umr binosini emirib tamom qilayotganini sezgan 
keksa shoh bir kun ikki ko’zining oqi qorasi bo’lmish yagona o’g’lini huzuriga 
chaqirib, unga davlatini topshirmoqchi ekanligini aytibdi. O’g’li hali yoshligi
davlatni boshqarishni uddalay omasligini vaj qilib otasining gapini odob ila rad 
qilibdi. Ota o’g’lining odobidan xursand bo’lib unga mehri yana ham tovlanibdi va 
unga yuzlanib so’z qotibdi: 
- Men taxtga o’tirganimda sendan ham yosh edim. Yaxshidan o’rgandim, 
yomondan hazar etdim, el ko’nglini ovladim, osoyishtalik uchun kurashdim. Aslo 
zarar va zavol ko’rmadim. Ahli ne’matlari ila umrimni baxtli hayot shukrlariga 
chosh etdim. 
- Baribir, siz bilan tenglashmoq-sahroda turib, dengizda suzishni orzu qilish 
bilan barobardir. Siz-boshqasiz, xon hazrat! – dedi qobil o’g’il tabassum ila. – 
Qolaversa, ko’pchilikka bosh bo’lgan odam ularni nimaga da’vat etayotganini o’zi 
yaxshi tushunishi, uzoqni mo’ljallagan aniq bir dasturi bo’lmog’i kerak-ustozlar 
shunday ta’lim beradilar. Lekin, men bu haqda o’ylab ko’rmaganman. O’g’lining 
samimiy gaplaridan otasining ko’ngli tog’day bo’lib uni safarga jo’natmoqchi 
bo’ldi. Safar oldidan: 
- O’g’ilginam shartimiz shunday, diling og’rimasin: navkarlar ko’zingni 
bog’lab, ma’lum bir manzilgacha senga hamroh bo’lib boradilar. So’ng ular seni aro 
yo’lda qoldirib qaytishadi. Otlarning dupuri olislab ketgandan keyingina 
ko’zingdagi bog’ichni echasan. Endi gapning buyog’iga quloq ber! Senga beshta 
shart aytaman. Har qanday sharoitda ham bu shartlarni bajarishing farzdir. 


Ko’zingni ochganda birinchi bor ko’rgan narsangni eb-yutib yuborasan, ikkinchi 
uchragan narsani yashirasan, uchinchi narsaga sadoqat ko’rsatasan, to’rtinchi bo’lib 
uchragan narsani noumid qilmaysan, beshinchi uchragan narsadan qochasan. 
Uqdingmi? 
- Uqdim, padari buzruk! – debdi shahzoda ta’zim ila. 
- Bu vazifalarni bajargach, yana ortingga qaytasan. Oq yo’l o’g’lim! Safaring 
bexatar bo’lsin. 
Ota bola quchoqlashib xayrlashibdilar. Shaxzoda navkarlar bilan yo’lga 
chiqibdi, uzoq yo’l yurishibdi. Manzilga etganlarida kuzatuvchilar sarboni endi 
ortga qaytajaklarini shahzodaga aytibdi. Otlar tuyog’i tinib, har yonni sukunat 
qoplagandan keyin shahzoda ko’zlarini zim – ziyo qilib turgan bog’ichni ko’zidan 
olibdi. Ko’zi ravshanlashgach, biydek dashtda yolg’iz turganligini ko’ribdi-yu, 
yuragi uvishibdi «Yo alhazar! » -deb yuboribdi. Axir u birinchi ko’rgan narsasini 
eb–yutib yuborishi kerak edi–ku! Bir oz turdi–da, irodasiga sabr tiladi, o’zini qo’lga 
olib, keyin xuddi g’am tog’ini eb– yutib yuborguday shaxt va shijoat bilan tog’ 
tomonga yura boshladi. Yurib toqqa yaqinlashgan sari shaxzodaning taajjubi osha 
bordi. Chunki, g’aroyib bir mo’’jiza ro’y berayotganday edi: U toqqa yaqinlashgani 
sayin haybatli qora tog’ tobora kichrayib borar va nihoyat shahzoda tog’ etagiga etib 
kelganida undan nom-nishon qolmagan edi. Faqat tog’da bosh barmoqday keladigan 
qop – qora bir toshchagina qolgandi, xolos. 
G’am tog’ini elkasidan qulatgan mo’’jizadan ko’ngli behad shod bo’lgan 
shahzoda tog’dan namuna sifatida qolgan kichkina qora toshni og’ziga solibdi –yu, 
yutib yuboribdi. Shu payt hayratdan yana dong qotibdi. Chunki u shu paytgacha totib 
ko’rgan shirinliklari ichida bunaqangi mazali va totli narsa aslo tomog’idan 
o’tmagan edi. 
Mo’’jizadan hayajonlangan shahzoda yana yo’lda davom etibdi. Bir vaqt 
qarasa yo’li uzra yalt–yalt tovlanib bir lagan oltin turgan emish. Shahzoda otasi 
aytgan shartlarni eslab: «Ikkinchi uchratgan narsani yashirishim kerak», - deya 
xayolidan o’tkazibdi. U darhol bir chuqur kavlab, oltinli laganni ko’mib tashlabdi. 
Shahzoda o’z ishidan xursand bo’lib yana yo’lga tushibdi. Biroq 5–6 odim yurib 


beixtiyor ortiga qarasa, oltinlar lagani bilan yana er betida turgan emish. U hayratdan 
yoqasini ushlabdi. «Tavba! » - debdi shahzoda va erni yanada chuqurroq kavlab 
oltinli laganni qayta ko’mibdi. Sal fursat o’tmay, avvalgi mo’’jiza takrorlanibdi. 
Shahzoda oltinlarni uchinchi marta ham mahkamlab ko’mib tashlabdi. So’ng biroz 
yuribdi–yu, xotirjam bo’lmabdi – ortiga qarasa oltinlar yana er betiga chiqib 
olganmish. Shahzoda: «endi, bularni berkitishning iloji yo’qqa o’xshaydi. Shart 
talabning farzini ado etib, uch marta bajardim! » - debdi -yu, yo’lda davom etibdi. 
Ancha yo’l bosibdi. Bir vaqt qarasa, bir oppoq chinni kabutar boshi uzra 
aylanayotgan emish. Kabutar odam kabi gapirib, shaxzodaga yolvoribdi: 
- «Ey, sahovatli odamzot! Mening ortimdan lochin quvlab kelyapti, hayotimni 
saqlab qolishga suv ber, qo’yningga kirib yashirinay! ». 
Shahzodaning kabutarga rahmi kelibdi, o’ylasa, otasi tayinlagan shartga ko’ra, 
uchinchi uchragan narsaga sadoqat ko’rsatishi ham zarur edi-ku! Shuni o’ylab 
shaxzoda kabutarni darhol qo’yniga yashiribdi, lekin lahza o’tmay shahzoda boshi 
ustida charx urib paydo bo’lgan lochin tilga kiribdi:
- «Ey, sohibqiron shahzoda! Mening rizqimni qo’yningga yashirib turish senga 
yarashadimi? Tog’ qoyasidagi uyamda uch poloponim ochlikdan chirqillab yotibdi, 
ber ular nasibasini! » - deb nola qilibdi. 
Shahzoda nima qilishini bilmay qolibdi. Kabutarni lochinga berib yuborsa, 
uchinchi vazifa sharti buziladi, bermasa... Zero, shahzodaga lochin to’rtinchi bo’lib 
uchradi – uni noumid qilmasligi shart. Shunda shahzoda keskin qat’iy qarorga kelib 
o’z sonidan bir parcha go’sht kesib olibdi–da: 
- «Mana poloponingga olib bor!» - deb, lochinga o’z go’shtini tutib yuboribdi. 
Joni og’rigan bo’lsa ham lochinni noumid qilmay, kabutarga sadoqat ko’rsatganidan 
shahzodaning dimog’i nihoyatda chog’ bo’libdi. Muhtaram va mo’’tabar otasi 
oldida yuzi yorug’ bo’lganidan dili nurga to’libdi. 
Yo’lida davom etgan shahzodaning ko’ziga uzoqdan qanaqadir bir shahar 
ko’rina boshlabdi. Shaharga yaqinlashib qolay deganda, qandaydir badbo’y hiddan 
shahzodaning ko’ngli behuzur bo’libdi. Diqqat bilan qarasa dalada bir o’limtik eshak 
bijg’ib-sasib yotgan emish. Shahzoda o’zini yo’ldan chetga olishga majbur bo’libdi. 


Shaharga ancha naridan aylanib o’tib kirib boribdi. Keyin o’ylab qarasa, eshak 
o’limtigi shahzoda yo’lida uchragan beshinchi topshirig’i shartini ham bajarganini 
anglab, xursand bo’libdi. Shahzoda damini olib shaharni aylanar ekan, ko’z o’ngida 
bo’lib o’tgan mo’’jizalar yechimini topishga urinar va uni echolmay garang ekan. 
Bu qisqa safar shahzodada shunday katta taasurot qoldiribdiki, u o’zini go’yo o’n 
yillarga ulg’ayganday his etibdi. O’zi shohid bo’lgan mo’’jizalarni padariga so’zlab 
berish uchun poytaxtga yo’l olibdi. 
Keksa shoh ham mukarramida shahzodani xushvaqtlik bilan kutib olibdi. 
-Qalay, safaring xayrli bo’ldimi, shartlarimni bajardingmu? – debdi shoh 
tabassum bilan. 
-Oliy hazrat! Bu mo’’jizaviy safar mening butun fikru zakovatimni qamrab 
olmish. Bunda ne sir – sinoatlar darig’ ekanligini bilolmay giryonman, - debdi 
shahzoda va safarida ko’rgan kechirganlarini ipidan – ignasigacha otasiga so’zlab 
beribdi. 
Shoh jon-qulog’i bilan o’g’lining hikoyasini tinglagach anchagacha sukut 
saqlabdi, so’ng so’zlay boshlabdi: 
-Birinchi bor ko’zingga ko’ringan qop-qora tog’, vaqtiyki, inson boshiga 
tushishi mumkin bo’lgan g’am-kulfatdir. Bunday paytda insonga beqiyos sabr-
bardosh kerak bo’ladikim, uning asnosida g’am tog’i emirilib, pirovardida kishilar 
ezgu ro’shnoliklarga ega bo’ladilar. Ikkinchi ko’ringan narsa – oltinli lagan. Bu 
kishilarning bir – birlariga qiladigan yaxshiliklaridir. Yaxshilikni hech qanday kuch 
berkita olmaydi, yo’q ham qila olmaydi. Zero, hayotda yaxshilikni yo’q qiluvchi 
qudratli kuch yo’qdir. U yo’q bo’lganda ham, vaqt o’tib, baribir bir kunda o’sha 
lagandagi oltinday namoyon bo’laveradi. Va’da–eng muqaddas tuyg’udir. O’z 
so’zlarining ustidan chiquvchi sadoqatli kishilar ko’p bo’lgan mamlakatda halollik, 
mardlik hukmron, el–ulus to’q va badavlat, davlat esa mustahkam bo’ladi. Hamma 
ham baxtiyorlik og’ushida bo’ladi. Kabutarga ko’rsatgan sadoqating ana shu 
ezguliklar namunasidir. Boshiga tushgan mushkulini oson etmoq niyatida bir kishi 
yuz o’y va istihola bilan ikkinchi kishi huzuriga qadam ranjida qiladi. Aftodahol 
kimsani hech qachon noumid qilmaslik zarur. Sening o’zingga ayon, ozgina azob 


tortding, lekin lochinni noumid qilmading. Mehr–oqibatli va mehribon odamlar 
miskin va gadolarga najot qo’lini uzatadilar. Mehribonlik qarshisida har qanday 
balo–qazo ham niyatini o’zgartiradi. Oxirgisi agarda odam o’z umrini fisqu–fujur, 
g’iybat va xusumat, tuhmat va ig’vo, dilozorlik va xunrezlik bilan o’tkazsa, bunday 
kishilarning qadr-qiymati va etgan martabasi o’sha sen ko’rgan o’limtik eshak 
misolida bo’ladi. Unday kishilardan odam bolasi qochadi, ko’rganda hazar qiladi... 
Toju–davlatimiz taqdiri xususida chaqirtirganimda, sen dastur haqida so’zlagan 
erding! Mana shu besh narsa yodingda bo’lsin! Agar xalqimizni shu oliy fazilatlarga 
da’vat eta olsang, yurt to’q va badavlat, el osoyishta, davlat mustahkam, kishilar 
xulqida esa poklik, halollik xislat fazilatlari barqaror bo’ladi. Zero, iymon deganlari 
ham xuddi mana shul fazilatlarga ega bo’lishdir.
Shahzoda donishmand otasining aql–zakovatiga tahsinlar o’qidi, o’rnidan turib 
padari buzrukvoriga boshi yerga tekkancha ta’zim bajo keltirib uning xoki poyini 
o’pibdi. Keyincha ana shu dastur asosida yurtga hukmronlik qilib umrini farog’at va 
ro’shnolikda o’tkazibdi». 
Bu qadimiy hikoyatdan pedagogika tili bilan aytganda ijtimoiy axloqni 
shakllantirishda foydalanish mumkin.
«Odam o’z eliga yaxshilik qilish bilan ularning ulug’iga aylanadi», «Ilm 
egallash yo’lida mahkam turishdan ko’ra yaxshiroq ish yo’q», chunki ilm kishini 
izzat va sharafga yetkazadigan vositadir», «Sharm va hayo fazilatlarning ulug’i», 
«Rostgo’yning hamisha yuzi yorug’, dili shod bo’ladi».
Bu kichik misralarda ham olam–olam ma’no bor. Dono fikrni ikki misraga 
singdira olish insondan juda chuqur bilim va o’tkir zehnni talab qiladi. Xalqimizda 
bunday insonlar donishmandlar yoki donolar deb atalgan. Ular qoldirgan adabiy 
meros esa «Donolar bisotidan», «Donolar xazinasidan», deb aytib kelinib, yoshlar 
tarbiyasida keng qo’llangan. Ulardan ba’zilarini misol tariqasida keltirmoqchimiz: 
Bir dono so’zi: 
-Dunyo azobi to’rt narsadir. Birinchisi–qarilik, tanholik va kimsasizlik. 
Ikkinchisi – bemorlik va bemadorlik, musofirlik. Uchinchisi–kambag’allik onlarida 
qarzdorlik. To’rtinchisi–yo’lning uzoqligi va piyodalik. 


Har bir kishi uyda va jamoat orasida quyidagi odatlarga amal qilmog’i kerak. 
Yurishda: ko’zingga qarab yur, zarurat bo’lmasa shoshma, bilmagan yo’lga 
tavakkal qilib yurma, yurib ketayotib narsa ema! 
Dam olishda: boshni osiltirib o’tirma, o’zingni iztirobli ko’rsatma, majlis 
ahlining ko’zu yuziga ko’p qarama, yonboshlab o’tirma, badan a’zolari, soqol, 
ustivosh bilan qo’lingni o’ynatma, o’tirishda uxlama, o’zgalar uxlayotganda sen 
uyg’oq o’tirma, erta turishni odat qil! 
Odamlarning ravnaq topishi uch narsaga – o’zgalar haqidan qo’rqishga, 
poraxo’r bo’lmaslikka va rost so’zlikka bog’liqdir. Ilm va yaxshilik bir birovisiz 
hech narsadir. 
Kaykovus nasihati: «Xushfe’l odam doimo rohatda bo’ladi, uyqusida ham 
qo’rqmaydi. Chunki, inson bedorlikda nimani odat qilgan bo’lsa, uyqusida ham 
o’shani ko’radi». 
Parviz nasihati: «Ta’magir bo’lmaslik zarurki, balolarning xilma – xili ana shu 
ta’magirlik sababli yuz beradi. Odam arzimas narsalarga ham jahli chiqavermasligi 
kerakki, kishiga jahldan kuchliroq dushman yo’q. Chunki jahli chiqqan odam o’zini 
bilmaydi». 
O’zbek xalqi tarbiyasining o’ziga xos xususiyatlari asosan shulardir. Albatta bu 
tarbiya vositalari zamirida shaxsiy o’rnak muhim o’rin egallagan. Bu haqda xalqda: 
«Qush uyasida ko’rganini qiladi», - degan ibora keng tarqalgan. Oila boshliqlari – 
ota va ona tarbiyani o’zlaridan boshlaganlar. Hech qachon ota bolalar oldida onani 
haqoratlash u yoqda tursin, tanbeh ham bermagan. Onalar ham otani bolalar ko’z 
o’ngida salkam dahoga aylantirib qo’yishgan. Oilalarda baland ovozda gapirish, qah 
– qah otib kulish uyat sanalgan. 

Yüklə 125,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin