Tarix – xalq ma’naviyatining asosi. Tarixiy taraqqiyot yo’lida insoniyat to’plagan tajriba va saboqlar ma’naviy mezon va qarashlar tizimi sifatida avloddan-avlodga meros bo’lib o’tadi. I.A.Karimovning tarixchi olimlar bilan suhbatda: “Tarix - xalq ma’naviyatining asosidir”,52 – deb aytgan so’zlarining mazmun-mohiyati ana shunda.
Tarix saboqlari insonni xatolardan asraydi, hushyorlikka o’rgatadi, ruhiy evrilishdan asraydi. Biroq, ta’kidlash joizki, ma’naviyat faqat meros bo’lib avloddan-avlodga o’tadigan tarixiy qadriyat bo’lmay, doimiy rivojlanib, yangi davr qadriyatlari bilan boyib, uyg’unlashib boradigan, doimiy harakatdagi hodisadir. SHuning uchun ham mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganidek: “Bizning anhanaviy qadriyatlarimizni hozirgi demokratik jamiyatning qadriyatlari bilan uyg’unlashtirish kelajakda yanada ravnaq topishimizning, jamiyatimiz jahon hamjamiyatiga qo’shilishining garovidir”53. SHuning uchun ham mustaqil O’zbekistonni rivojlantirishning to’rt asosiy ma’naviy negizlari ichida “umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik” belgilandi. Bugungi kunda mamlakatimiz ravnaqini hozirgi tsivilizatsiya o’zida ifoda etadigan demokratiya, inson huquqlariga rioya etish, tadbirkorlik erkinligi, erkin bozor munosabatlari, so’z erkinligi kabi umuminsoniy qadriyatlarsiz tasavvur etib bo’lmaydi.
Inson ruhiyati sog’lom bo’lsa, o’zligini anglasa, shaxsga aylanadi. Kishi shaxs darajasiga ko’tarilsagina, ya’ni o’z mustaqil fikriga, dunyoqarashiga, chinakam insoniy fazilatlarga ega bo’lganidagina, “demokratiya nehmatlarining oddiy istehmolchisi emas, balki ularning faol yaratuvchisi va himoyachisiga aylanadi. Va demokratiya, fuqarolik jamiyati asoslarini amalda barpo etish, inson haq-huquqlari va erkinliklarini ta’minlash mumkin bo’ladi”54.
3. Milliy va ma’naviy o’zgarishlarning davlat va jamiyat
qurilishida aks etishi Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsad etib belgilangan bir paytda, demokratik tamoyillarni egallash, fuqarolar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, shaxs erkinligini amalda joriy etish, siyosiy jarayonlarni erkinlashtirish, demokratik mehyorlar asosida ko’ppartiyaviylik tizimni takomillashtirish, davlat boshqaruvi organlarining ayrim vakolatlarini bosqichma-bosqich jamoat va o’z-o’zini boshqarish tashkilotlariga o’tkazish kabi vazifalar umuminsoniy qadriyatlarni o’zida ifoda etgan holda ma’naviyat bilan tutashadi.
Yangi davrda jahondagi ilg’or mamlakatlarda shakllangan demokratiya va fuqarolik jamiyati asosiy qadriyatlari – xalq hokimiyati, fuqarolar manfaatlarini himoyalashga qaratilgan siyosat, siyosiy qarorlarni qabul qilishda ko’pchilikning irodasiga tayanish, ozchilikning huquqlarini hurmat qilish, inson huquqlariga rioya etishning kafolatlanishi, erkin va adolatli saylovlar tizimining joriy etilishi, barchaning qonun oldida tengligi, hokimiyat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati kabi qadriyatlar xalqning, har bir fuqaroning turmush tarzi, ma’naviyati va madaniyatining uzviy va ajralmas qismiga aylanganidagina, demokratik jamiyatni qurish real voqelikka aylanadi. XVIII asrning mashhur faylasufi Jan Jak Russo: “Demokratiya zolimlarni dunyoga keltiradi”, - deb yozgan edi. Bu o’ta qathiy aytilgan fikrga to’liq qo’shilib bo’lmasa-da, aytish lozimki, uning ortida real xavfga ishora bor. Sobiq SSSRda kechgan jarayonlar bunga yorqin dalil bo’la oladi. Demokratiya shiorlari ostida olib borilgan siyosat ortida alohida shaxsni ko’pchilikning irodasiga bo’ysundirish amaliyoti yashiringan edi. Alohida shaxsning manfaati va huquqlari qonun bilan himoya etilmagan holda esa, har qanday hokimiyat, hatto demokratiya shaklidagisi ham osonlik bilan avtoritarizm va totalitarizmga aylanadi. Ana shu o’rinda ma’naviyatning ijtimoiy-siyosiy xarakteri, huquq bilan tutash nuqtasi namoyon bo’ladi.