Tizimli yondashuv zarur Raqamlashtirishning kundalik hayotimizga tezroq kirib kelishini xohlasak, raqamlashtirish ta’sirida turmushimizda turli qulayliklar paydo bo’lsin, desak, raqamlashtirish tatbig’ida, albatta, tizimli yondashuv lozim. Qarang, salkam o’n yildan buyon elektron hukumat tizimini rivojlantirishga intilib kelamiz.
Natijalar esa faqatgina so’nggi yillarda ko’zga tashlana boshladi. Birgina bank plastik kartasi misolida olaylik. Ilgari bank kartalarida mablag’ bo’lsa-da, uni sarf qilish yoki naqdlashtirish imkoniyati juda ayanchli holatda edi. O’z oylik maoshimizning qaysidir qismidan voz kechishimiz yoki zarur tovarlarni qimmatroq narxlarda xarid qilishimiz ham bor gap edi. Endilikda esa, bank mijozlari onlayn xaridlarni amalga oshirish, mobil qurilmalar yordamida pul mablag’larini erkin o’tkazish imkoniyatiga ega.
Raqamlashtirish texnologiyalarini kundalik hayotimizga maqsadli joriy qilishda eng muhimi, davlat xizmatlarini aholiga taklif qilish orqali xalq bilan interfaol muloqot tezlashmoqda. Bu esa “intellektual hukumat” tamoyillari asosida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tizimini yanada kengaytirish naqadar to’g’ri yo’l ekanligini ham ko’rsatadi.
Tabiiyki, mazkur holatlarni ijobiy baholash, e’tirof etish mumkin. CHunki davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirishga oid dasturlar xalqimiz, qolaversa, tadbirkorlarimiz xohish-istaklarini to’g’ri anglash imkonini beradi. Tabiiyki, ushbu dasturlarni yanada kengaytirish, takomillashtirish kerak. Biroq ayrim muammolar borki, ularning yechimini qisqa fursatda topish talab etiladi.
Birinchidan, raqamlashtirish bu “ma’lumotlar ombori”dir, ma’lumotlar juda katta hajmdan iborat. Ikkinchidan, bizda “ulkan ma’lumotlar” oqimini boshqarish, saqlash va qayta ishlash turli platformalarni kengaytirish muhim. Uchinchidan, esa mazkur dasturlar ijrosini ta’minlashda amalga oshirish mexanizmlari hamda moliyalashtirish manbalari ko’rsatilgan bo’lsa-da, monitoring jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirilishi muhim, deb hisoblaymiz.
Jahon bankining “Raqamli dividentlar” nomli tadqiqoti natijalari mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning naqadar dolzarb va muhim masala ekanligini ko’rsatadi. Xususan, internet tezligining 10 foizga yuqorilashi mamlakat YaIM o’sishiga ham olib keladi. Rivojlangan davlatlarda bu ko’rsatkich, 1,21 foizni tashkil etsa, rivojlanayotgan davlatlarda 1,38 foizni tashkil etadi. Demak, internet tezligi 2 barobar oshadigan bo’lsa, YaIM hajmi ham qariyb 15 foizga oshishiga erishish mumkin.Raqamli iqtisodiyot rivojlangan davlatlarda YaIM hajmi ham, YaIMning aholi son boshiga ulushi ham yuqoridir. SHu jihatdan, davlatimiz rahbarining bu masalaga davlat miqyosida e’tibor qaratishi bir maqsadni ko’zlaydi, u ham bo’lsa, birinchidan, aholining yashash darajasini yuksaltirish, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishdir.