Normativ guruhlar — bu shaxs uchun shunday insonlar guruhiki, ularning normalarini u ma’qullaydi, ularga amal qilishga hamisha tayyor bo’ladi. Bunday guruhlarga birinchi nav-batda oilani, diniy yoki milliy uyushmalarni, professoinal guruhlarni kiritish mumkin. Masalan, o’zbek xalqi uchun dasturxon atrofiga o’tirgan zahoti yuzga fotiha tortish, mezbonlarning mehmonlarga «Xush kelibsizlar» deyishlari norma hisoblanadi va har bir oilada shunday xarakatlarga nisbatan ijobiy ustanovka shakllanadi. Bunda bola uchun referent rolini ota-onasi, kattalar, mahalladagi xurmatli insonlar o’ynaydi.
Qiyoslash guruhlari — bu shunday guruhki, shaxs o’sha guruhga kirishni, uning ma’qullashiga muhtoj bo’lmaydi, lekin o’z harakatlarini yo’lga solishda unga asoslanadi va korreksiya qiladi. Masalan, talabalar guruhida shunday yoshlar bo’lishi mumkinki, shaxs ular bilan umuman muloqotda bo’lmaydi, ularning fikrlari yoki qarashlarini yoqlamaydi, lekin bu guruh aynan o’shalarga o’xshamaslik va o’z ustida ko’proq ishlashga o’zini safarbar qilish uchun kerak. Yoki talaba yoshlar sessiya yakunlariga ko’ra differensial stipendiya oladilar. O’rtacha o’zlashtiruvchi talaba uchun «hamma talabalar» oladigan stipendiya miqdorini nazarda tutib, o’zini tinchlantiradi, a’lochi esa, o’zinikini nafaqat oddiy, o’rtachalar bilan balki, davlat stipendiyalari oladiganlar bilan ham solishtiradi. Ko’rsatgichlar qanchalik yuqori bo’lsa, shunga mos da’vogarlik darajasi ham yuqori bo’ladi, shaxsning qiyoslash guruhlari ham ortiqroq bo’ladi.
Negativ guruhlar — shundayki, shaxs ularning xatti-harakatlaridan ataylab voz kechadi, chunki ular shaxsiy qarashlardan mutloq farq qiladi. Masalan, ikki qo’shni bir-biri bilan murosalari kelishmasa, xattoki, devorlarini oqlashda ham biri tanlagan rangni ikkinchisi tanlamaydi. Biri «oq» desa, ikkinchisi — aksincha, «qora» deb turaveradi.
Kundalik hayotda shaxs muloqotda bo’ladigan, vaqtini birgalikda o’tkazadilar kishilar guruhi ham turli xil bo’ladi. Masalan, agar odamlar ko’chada tasodifiy hodisani tomoshabini bo’lib turishgan bo’lsa, ularni psixologiya tilida guruh emas, agregasiya (olomon) deb atashadi. Haqiqiy guruh uchun o’sha odamlarning barchasiga aloqador umumiy faoliyat va hamkorlik qilish, bir-birlariga ta’sir ko’rsatish imkoniyati bo’lishi kerak. Amerikalik psixolog Ch. Kuli hamkorlikning darajasi mezoniga ko’ra guruhlarni birlamchi va ikkilamchi turlarga bo’lib o’rganishni taklif etgan edi. Birlamchi guruhda shaxslararo o’zaro ta’sir «yuzma-yuz, bevosita» ro’y beradi. Masalan, oila davrasidagi, sinfdagi, hisobchilar xonasida o’tirganlar birlamchi guruhga misoldir.
Ikkilamchi guruhlarda har doim ham odamlarning bevosita muloqotda bo’lish imkoniyatlari bo’lmaydi. Ular o’rtasidagi munosabat va o’zaro ta’sir bilvosita bo’ladi. Masalan, yirik bir tashkilotdagi tizimlar orqali muloqat, kasaba uyushmasiga birlashgan odamlar, «Vatan» taraqqiyoti partiyasi a’zolarining bog’liqligi ikkilamchi guruhga misol. Ularda ham umumiylik bo’ladi, masalan, o’sha partiyani oladigan bo’lsak, ular Qashqadaryoda bo’ladimi, Farg’onadami, baribir umumiy g’oya atrofida birlashishadi, a’zolik badallarini vaqtida to’lab turishadi, saylov oldi kompaniyalarida bir-birlarini qo’llab-quvvatlab turadilar.
Ko’pincha guruhlarni rasmiy va norasmiy turlarga ham bo’lib o’rganishadi. Rasmiy guruhdagi munosabatlar rasmiy normalar va xuquq burchlar tizimi bilan belgilangan bo’ladi. Masalan, guruhda boshliq bilan xodimlar o’rtasidagi munosabatlarni ta’minlovchi guruh rasmiy bo’lsa, norasmiy — ichki, bevosita psixologik munosabatlarni ta’minlovchi guruh hisoblanadi. Masalan, do’stlar guruhi, yoki talabalar guruhidagi barcha qizlarning tanaffus paytidagi muloqoti guruhi.
Turli guruhlar inson hayotida bir necha funksiyalarni bajaradilar: a) ijtimoliylashtiruvchi funksiya; b) instrumental, ya’ni, aniq mehnat funksiyalarni amalga oshirishga imkon beruvchi muhit; v) ekspressiv — odamlarning o’zgalarning tan olishlari, hurmatga sazovor bo’lish, ishonch qozonishini ta’minlash; g) qo’llab-quvvatlash, ya’ni, qiyin paytlarda, muammolar paydo bo’lganda odamlarni birlashtirish funksiyasi.
Guruhning psixologik tizimga ta’sir etuvchi omillarga yana ularning jinsiy, yosh jihatdan, ma’lumoti va malakasi nuqtai nazaridan farq qiluvchi va uyg’unlikni tashkil etuvchi omillar ham kiradi.
Guruhning uyushganligi ham dinamik ko’rsatgichlardan bo’lib, shu nuqtai nazardan har bir guruh bir-biridan farq qiladi. Masalan, odamlar hamkorlikda bajarayotgan ishning qiziqarli va hamma uchun manfaatli ekanligi, guruh normalarining a’zolar tomonidan umuman olganda qabul qilinishi, qadriyatlar tizimini tasavvur qilishdagi fikrlar mosligi uyushqoqlikning mezonlaridir.
Guruhning tizimi yana uning katta-kichikligiga ham bog’liq. Masalan, 5-10 kishidan iborat guruhdagi munosabatlar yaxshiroq, uyg’unroq va faoliyat samaraliroq hisoblanadi. Chunki bunday guruhlarda norasmiy muloqot uchun ma’qul sharoit mavjud bo’ladi. Bunday guruhlarda «guruhbozlik» degan illat ham bo’lmaydi. Guruhning hajmi ortib borgan sari ularda rasmiyatchilik, rasmiy yuzaki munosabatlar ko’payadi va bu odamlar o’rtasidagi insoniy munosabatlarda o’z aksini topadi.
Jamoalarda psixologik o’zaro moslik. Guruh hayoti va undagi a’zolarning o’zlarini yaxshi xis qilishlari ko’p jihatdan ularning hamkorlikda ishlay olishlari va bir-birlariga ijobiy munosabatda bo’la olishlariga bog’liq. Bu hodisani tushuntirish uchun psixologiyada psixologik moslik tushunchasi mavjud. Psixologik moslik deganda, guruh a’zolari sifatlari va qarashlarining aynanligi emas, balki ular ayrim sifatlarining mos kelishi, qolganlarining kerak bo’lsa, tafovut qilishi nazarda tutiladi. Moslikning mezoni sifatida
N. Obozov quyidagilarni ajratadi: a) faoliyat natijalari; b) a’zolarning sarflagan kuch-energiyalari; v) faoliyatdan qoniqish.
Ikki xil o’zaro moslik farqlanadi: psixofiziologik va ijtimoiy psixologik. Birinchi xolatda faoliyat jarayonida odamlarning bir xil va mos tarzda harakat qila olishlari, reaksiyalar mosligi, ish ritmi va tempidagi uyg’unliklar nazarda tutilsa, ikkinchisida ijtimoiy xulqdagi moslik — ustanovkalar birligi, ehtiyoj va qiziqishlar, qarashlardagi monandlik, yo’nalishlar birligi nazarda tutiladi. Birinchi xil moslik ko’proq konveyer usulida ishlanadigan sanoat korxonalari xodimlarida samarali bo’lsa, bu oliygoh o’qituvchilari, ijodiy kasb egalarida iloji yo’q va bo’lishi mumkin emas, ularda ko’proq ijtimoiy psixologik moslikning ahamiyati kattadir.
O’tkazilgan tadqiqotlar psixologik moslikning ko’plab qirralari bo’lishi mumkinligini isbot qildi. Asosan shuni unutmaslik kerakki, qaysi faoliyat va uning maqsadi odamlarni birlashtirgan bo’lsa, o’sha maqsadni idrok qilish va birgalikda anglash istagida uyg’unlikning bo’lishi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’ladi.
Gruppaviy qarorlar qabul qilishda o’zaro ta’sir masalasi. Guruhda odamlarning bir-birlarini yoqtirishlari yoki aksincha, inkor qilishlari ko’pincha turli xil qarorlar qabul qilish jarayonida ro’y beradi. Gruppaviy qarorlar qabul qilish individual qarorlar qabul qilish jarayonidan tubdan farq qilmaydi. Ikkalasida ham avval muammo aniqlanadi, ma’lumotlar to’planadi, bir nechta takliflar ilgari suriladi va nihoyat, eng ma’quli qabul qilinadi. Lekin guruhda bu jarayon biroz boshqacharoq kechadi va nizolar ko’pincha aynan shu jarayon bilan bog’liq bo’ladi.
Amerikalik psixolog T. Mitchellning fikricha, o’zaro ta’sir gruppa sharoitida quyidagi omillar vositasida ro’y beradi: 1) ayrim a’zolar boshqalariga nisbatan ko’proq gapirishga moyil bo’ladilar; 2) yuqoriroq mavqyega ega bo’lgan shaxslar qarorlar chiqarish jarayonida ham boshqalarga tazyiq o’tkazishadi; 3) guruhda ko’p vaqt o’zaro fikrlardagi kelishmovchiliklarning oldini olishga ketib qoladi; 4) guruhda ayrim odamlar ta’sirida asosiy maqsaddan chetlash va maqsadga nomuvofiq qarorlar qabul qilish hollari kuzatiladi; 5) barcha a’zolar o’zlari sezmagan xolda konformlilikka berilishlari va guruh ta’siriga tushib qoladilar. Shuning uchun ham ba’zan majlisni olib boruvchi rais kun tartibini e’lon qilgan bo’lsa-da, undan chalg’ib ketishi va o’rinsiz qarorlar qabul qilishi mumkin.
Lekin gruppaviy qarorlar qabul qilish jarayonining eng katta ijobiy tomoni shundaki, unda ko’plab fikrlar tug’iladi va o’rtaga tashlanadi. Bu fikrlar shunday sharoit yaratadiki, oxir-oqibat alohida individual fikrlardan biroz bo’lsa-da, farq qiladigan original yangi fikr paydo bo’ladi. Shuning uchun ham rahbarlik san’ati ko’pchilik fikriga tayangan holda oxirida eng ma’qul qarorga kela olishdir. Lekin salbiy tomoni shundaki, gruppaviy muzokara va qarorlar qabul qilish jarayoni ba’zi a’zolarda loqaydlik («Menga nima, ular gapirishyapti-ku» kabi), tashabbussizlik («Baribir meniki qabul qilinmaydi, gapirim nima qildim?» kabi) illatlarini ham paydo qilishi mumkin. Bu o’sha muhitda ayrim odamlar fikri doimo qo’llab-quvvatlangan, ayrim odamlarga e’tibor, imtiyoz berilgan sharoitlarda rahbarning aybi bilan ro’y beradi.
Xoffman o’z eksperimentlarida gruppaviy qarorlar qabul qilishga guruhning tarkibi ta’sir qilish mumkinligini isbot qilgan. Uning fikricha, yaxshi, sifatli, ijobiy fikrlar va qarorlar guruh tarkibi har xil (geterogen tarkib) bo’lgan sharoitlarda uning tarkibi bir xil (gomogen) bo’lgandan ancha ko’p va sifatli bo’ladi. Gomogen guruhlarda (masalan, taxminan bir xil o’zlashtiradigan talabalar guruhi) qarorlar qabul qilish mobaynida konfliktlarning kam bo’lishi va qarorlar tezda qabul qilinishi aniqlangan.
Har qaday qarorlar qabul qilish jarayoni psixologik jihatdan tavakkalchilikka asoslanishi ham isbotlangan. Lekin tavakkalchilik darajasi guruh sharoitida individual xolatdagidan ancha past bo’lar ekan. O’rtacha guruh a’zosining bu o’rindagi fikri: «Tavakkal shu gapni aytaychi, noma’qul bo’lsa, guruh borku, ular ma’qullashganku?». Demak, guruh sharoitida qabul qilingan har qanday qaror mohiyatan ijtimoiy xarakterli bo’lib, uning to’g’ri va foydali, natijali bo’lishida rahbarning roli katta bo’ladi.
Guruh va jamoalar to’g’risida gap ketganda, ko’pincha uning «ma’naviy muhiti», «psixologik muhiti» degan iboralar ishlatiladi. Chunki bu narsa o’sha yerdagi ishning yaxshiligi, faoliyatning samarasi bilan bog’lanadi. Ijtimoiy psixologik muhit deganda, biz o’sha guruhning a’zolari fikrlari, hissiyotlari, dunyoqarashi, ustanovkalar va o’zaro munosabatlaridan iborat bo’lgan emosional-intelletual xolatni tushunamiz. Bu o’rindagi asosiy omil — bu a’zolarning o’zaro munosabatlaridir. Ma’lumki, o’zaro munosabatlar ish yuzasidan, faoliyat maqsadlari va mazmuni bilan hamda bevosita bir-birlarini yoqtirish-yoqtirmaslikka asoslangan insoniy emosional hissiyotlar ko’rinishida bo’lishi mumkin. Professional faoliyatni bajarish jarayonida tabiiy birinchi tipli munosabatlar ustivor bo’lib, ikkinchilarining xarakteri birinchisidan kelib chiqadi. Do’stlar to’plangan davradagi muhit esa aksincha, bevosita simpatiyalarga tayanadi.
Ijtimoiy psixologiyada ana shunday psixologik muhitni eksperimental tarzda o’rganishga katta e’tibor beriladi. Eng keng tarqalgan usullardan biri sosiometriya bo’lib, uning asoschisi amerikalik olim Jon Moreno hisoblanadi. Sosiometriya lotincha «so cietas» — jamiyat, va «metreo» — o’lchayman so’zlaridan olingan bo’lib, guruhdagi shaxslararo munosabatlarni o’lchashga qaratilgan texnikadir. Nazariy sosiometriya uning muallifi fikricha, jamiyatdagi barcha nizolar, muammolarni yechishning usullaridan biri — insonlar o’rtasidagi munosabatlarni o’rganish va shunga ko’ra, jamiyatda o’zgarishlarni amalga oshirish kerak, degan g’oyaga asoslanadi. Amalda esa har bir jamoalarda maxsus sosiometrik so’rovlar o’tkaziladi va uning natijalari tashkiliy jarayonlarda inobatga olinadi.
Lekin oxirgi paytlarda sosiometriyaga nazar o’zgargan, uning yuzlab modifikasiyalari, turlari ishlab chiqildi. Ahamiyatlisi shuki, uni haqiqatdan ham guruhdagi ma’naviy-psixologik muhitga ta’sir etuvchi emosional munosabatlarni aniqlashda mutaxassis tomonidan ishlatish mumkin. Bunda har bir guruh a’zosi tanlov sharoitiga solinadi, ya’ni u u yoki bu sharoitda, vaziyatda yoki faoliyatni bajarishda o’ziga yoqqan (yoqmagan ham) sherigini guruhdoshlari orasidan tanlashi kerak. Masalan, maktab o’quvchilariga «Kim bilan birga dars tayyorlashni xohlarding? », «Kim bilan maktab yer uchastkasidagi xasharda yonma-yon turib ishlashni istarding?», mehnat jamoalarida esa «Boshliq tomonidan berilgan muhim topshiriqni ikki kishi bajarishi kerak bo’lsa, sheriklikka kimni olgan bo’lardingiz?», talabalarda «Xorijga o’qishga yuborishsa, guruhdoshlaringdan kimlar senga sherik bo’lishini istaysan?» kabi savollar bilan murojaat qilinadi. So’rov anonim bo’lib, har bir ishtirokchi 3 — 5 tagacha tanlash huquqiga ega bo’ladi. Natijalar jadvalga solinib, qayta ishlanadi va hattoki, grafik tarzida chiziladi. Tadqiqotda maktab jamoasida qo’llanilishi mumkin bo’lgan sosiometrik testdan biri havola etilgan. (1-ilova).
Metodika guruhdagi odamlar bir-birlarini yaxshi bilgan taqdirdagina o’tkaziladi. Ma’lumotlarni qayta ishlash har bir xodimning to’plagan tanlovlarini sanash va tahlil qilishga asoslanadi. Ular asosida guruhdagi liderni va liderlik stilini aniqlash mumkin.
Sosiometriya korxona tarkibida kadrlar zahirasini shakllantirish, har bir xodimning reytingini aniqlash orqali ularda liderlik sifatlarining borligini o’rganishga imkon beradi. Bu metodni psixolog o’tkazgani ma’quldir.
Psixologiya kichik guruhlardan tashqari katta ijtimoiy guruhlarni ham o’rganadi. Katta guruhlar boshqa toifadagilardan miqdor ko’rsatkichi bo’yicha farq qiladi. Katta guruhlar uyushgan (sinflar, millatlar, xalqlar, katta jamoalar va b.q.) yoki uyushmagan (olomon, namoyishchilar guruhi kabi) bo’lishi mumkin. Katta guruhlar psixologiyada nisbatan kam o’rganilgan bo’lib, bu narsa metodologik muammolar bilan bog’liq. Lekin ularning orasida millatlar psixologiyasi yoki boshqacha qilib aytganda, etnopsixologiya ko’proq o’rganilgan.
Etnopsixologiyaning asosiy maqsadi, xalqlar va millatlar psixologiyasidagi o’ziga xoslikni o’rganish orqali, har bir shaxsda bir tomondan, o’z millatiga nisbatan hurmat, uning madaniyatini e’zozlash hissini tarbiyalash bo’lsa, ikkinchi tomondan, o’zga millatlar psixologiyasini o’rganish orqali ular etnomadaniyatini ham bilish va hurmat qilishga o’rgatishdir. Bu narsa shaxsdagi etnosentrizmni oldini oladi vav millatparvarlik psixologiyasini to’g’ri shakllanishiga imkon beradi. Etnosentrizm — bu o’z millatiga xos xususiyatlarni faqat ijobiy, deb e’tirof etish orqali, o’zgalar milliy xususiyatlarini mensimaslikdir. Mustaqil O’zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim mafkuraviy ishlardan biri — o’zga millatlarga nisbatan tolerantlilik, ya’ni insoniy bag’rikenglik psixologiyasini shakllantirish bo’lib, bu millatlararo do’stlikni va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Demak, etnosentrizm va millatparvarlik bir qarashda bir-biriga yaqin tushunchaga o’hshaydi, lekin aslida millatparvarlik — ijobiy sifat bo’lib, yurt va millat ravnaqiga xizmat qilsa, ikkinchisi — salbiy bo’lib, milliy adovatlarga asos bo’lishi mumkin. Demak, mafkuraviy tarbiyaning muhim yo’nalishlaridan biri — yoshlarda baynalminalchilik va millatparvarlik xislatlarini tarbiyalash va etnosentrizmning oldini olish bo’lmog’i lozim.
Ma’lumki, har qanday pedagogik jarayonning asosiy maqsadi — ta’lim oluvchida bilim, malaka va ko’nikmalar hosil qilishdir. Bu narsa ma’lumotlar almashinuvi orqali ro’y beradi. Pedagogik muloqot jarayonidagi ma’lumotlar almashinuvi asosan uch shaklda amalga oshiriladi:
monolog;
dialog;
polilog.
Dostları ilə paylaş: |