Reja: T. Maltusning iqtisodiy qarashlari J. S. Millning iqtisodiy qarashlari J. B. Seyning iqtisodiy ta’limoti
Reja: 1.T.Maltusning iqtisodiy qarashlari 2. J.S. Millning iqtisodiy qarashlari 3. J.B.Seyning iqtisodiy ta’limoti 1.T.Maltusning iqtisodiy qarashlari
Marksistik iqtisodiy fanda «marksist» bo’lmagan mualliflarni sharmanda qilish «an’anasi» bor edi. Ehtimol, eng ashaddiy va qattiq tanqidga uchragan ingliz olimi Tomas Robert Maltus g’oyalari bo’lsa kerak. Uni nimalar deb atashmadi: kapitalizm himoyachisi (apologeti), odamlarning dushmani, fashizm ideologi. Eng qiziqarli joyi shundaki, T.Maltus nafaqat turli toifadagi sotsialistlarning, balki ularning asosiy muxolifatlari bo’lgan erkin bozor va xususiy tadbirkorlikning mutlaq ustunliklariga ishongan liberallarning ham g’azabini qo’zg’atgan. Nega T.Maltusni shunchalik yomon ko’rishgan? Pessimizmi uchun, aholi farovonligini ancha oshirish mumkinligiga ishonmaganligi uchun. Axir sotsialistlar ham, liberallar ham «baxtli kelajakka» ishongan. Birinchisi, xo’jalik jarayonlarini ongli ravishda ijtimoiy tartibga solish tufayli umumiy farovonlikka erishishga umid qilgan bo’lsalar, ikkinchisi, turmush darajasini oshirish bozor mexanizmining amal qilishi va xususiy manfaatdorlik kuchi bilan ta’minlanishiga ishongan. Unisiga ham, bunisiga ham pessimizm yot bo’lgan.
Ingliz iqtisodchisi Tomas Robert Maltus (1766–1834) dvoryan oilasida tug’ilgan. Kembrij universitetini tamomlagach, qishloq ruhoniysi, 1807 yildan esa siyosiy iqtisod professori bo’ldi. Uning asosiy asarlari «Nufus qonuni to’g’risida tajriba» (1798), «Yer rentasining tabiati va o’sishi to’g’risida tadqiqot» (1815), «Siyosiy iqtisodning printsiplari» (1820) hisoblanadi.
«Nufus qonuni». T.Maltus resurslarning cheklanganligi va ehtiyojlarning cheksizligi sharoitida aholi extiyojlarini qondirish muammosiga o’ziga xos tarzda yondashdi. U o’zining “Nufus qonuni to’g’risida tajriba” asarida aholi soni juda tez ko’payib boradi, oziq-ovqat mahsulotlarning o’sishi esa, ancha orqada qolib ketadi deb ishontirishga uringan. T.Maltus aholining ko’payishini cheklovchi muayyan chora-tadbirlar qo’llanilmasa, insoniyat ocharchilikka duch keladi deb xulosa qiladi va bunday vaziyatdan chiqishning ikki yo’lini taklif etadi: birinchisi – epidemiyalar, urushlar, kasalliklar natijasida aholining kamayishi, bunda tabiatning o’zi kishilar bilan ularning yashash vositalari o’rtasida me’yorl nisbatning o’rnatilishiga qisman yordam beradi, ikkinchi yo’l – nikohdan voz kechish yoki kech turmush ko’rish, tug’ilishni kamaytirish.