RESEARCH AND EDUCATION ISSN: 2181-3191 VOLUME 1 | ISSUE 1 | 2022
https://t.me/ResearchEdu_Journal
Multidisciplinary Scientific Journal April, 2022
341 Yuqorida tavsiflangan subyektiv nazorat turlarining har biri o‘zining afzallik va
kamchiliklariga ega. Tashqi lokus nazoratiga ega bo‘lgan kishilar apatiya,
mas’uliyatsizlik, infantilizm va nochorlikni his etadilar. O‘ziga talabning kuchayishi,
shuningdek, hamma narsa va hodisalarni nazorat qilish istagida bo‘lgan internallar
sezilarli darajada depressiya va boshqa psixik kasalliklarga duch kelishlari mumkin.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA G‘arb mamlakatlarida lokus nazoratini o‘rganish mobaynida bir qator olimlar
lokus nazoratini o‘lchashga qaratilgan metodlarni yaratdilar. Ularning eng
mashhurlaridan biri bu Amerika psixologiyasida va hozirgi kunda butun dunyo
psixologiyasida keng qo‘llaniladigan metod "J.Rotter shkalasi" deb ataladi.
Rotter lokus nazoratini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus shkalani ishlab chiqdi
hamda tashqi va ichki nazorati bo‘lgan odamlarning munosabati va xatti-harakatlarini
o‘rgandi. Shunga ko‘ra, J.Rotter lokus nazoratining ikki turini belgilab o‘tadi: eksternal
va internal.
"Subyektiv nazorat darajasi" metodi hozirgi kunda insonning xatti-harakatlarini
boshqarish va o‘zini o‘zi boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan xususiyatlarini,
dunyoqarashi va hayotiy pozitsiyalarini, o‘ziga xos shaxsiy munosabat va moyilliklarni
o‘rganish uchun keng qo‘llaniladigan metoddir.
J. Rotter shkalasining yakuniy shakli 29 ta bandni o‘z ichiga oladi. Ularning har
biri ikkita qarama-qarshi hukmdan iborat bo‘lib, biri ichki - internal bo‘lsa, ikkinchisi
esa tashqi - eksternal tiplardir.
Tadqiqotlar davomida ma’lum bo‘ldiki, odamlar hayot sharoitlarini nazorat qilish
qobiliyatlariga qarab, dunyoga yondashuvlari va munosabatlarida farqlanadi. Tashqi
lokus nazorati bilan ichki lokus nazoratini ajratib turadigan asosiy farqlardan biri bu
ularni qamrab oluvchi atrof-muhitga nisbatan turli xil qarashlarida va atrof-muhit
haqida ma’lumot izlashning turlicha ekanligidadir.
Aytib o‘tish mumkinki, eksternal - tashqi lokus nazorati holatga yo‘naltirilgan
bo‘lsa, internal – ichki lokus nazorati natijaga yo‘naltirilgan hisoblanadi. Shu nuqtai
nazardan, lokus nazorati shaxsning umumiy faoliyati xarakteri sifatida namoyon
bo‘ladi. Ushbu teoriya K. A. Abulxanova fikricha, ikkita tarkibiy qismdan iborat:
tashabbus darajasi va mas’uliyat darajasi [4].