Fuqaroviy huquqiy shartnomaning mazmunini uning bandlari (shart- lari, rekvizitlari) tashkil etadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar taraf- lar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, shart- noma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnoma shartlari (bandlari) muhim, odatdagi va tasodifiy shartlar- ga bo‘linadi. Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar qonun hujjat- larida bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisob- langan shartlar, shuningdek, taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi. Ba’zi shartnomalar uchun xos muhim bandlar qonun bilan belgilanadi.
Odatdagi shartlar muayyan majburiyatga oid munosabatni tartibga soladigan dispozitiv normalar bilan belgilanadigan shartlar hisoblanadi. Masalan, mulk ijarasi shartnomasida mulkni mayda (joriy) ta’mirlash shart qilib ko‘rsatilsa ham, ko‘rsatilmasa ham bo‘ladi, chunki bu shart to‘g‘risida qonunchilikda (dipozitiv xarakterdagi) ko‘rsatma berilgan.
Tasodifiy shartlar umumiy huquq me’yorlari bilan tartibga solin- magan masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishuv bo‘lib ko‘riladi. Chunonchi, ijaraga olingan mulkni ta’mirlash muddati to‘g‘risidagi masala tasodifiy shartlardan biri hisoblanadi.
Shartnomada uning ayrim shartlari tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlar bilan belgilanishi nazarda tutilishi mumkin. Shartnomada namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qo‘llaniladi. Namunaviy shartlar namunaviy shartnoma yoki ushbu shartlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa hujjat shaklida ifodalanishi mumkin.
Sud shartnoma shartlarini sharhlashda undagi so‘z va iboralarning asl ma’nosini e’tiborga oladi. Shartnomaning sharti aniq bo‘lmasa, asl ma’nosi uni boshqa shartlarga va butun shartnomaning ma’nosiga taqqoslash yo‘li bilan aniqlanadi. Agar ushbu qoidalar shartnomaning mazmunini aniqlash imkonini bermasa, taraflarning haqiqiy umumiy xohish-irodasi shartnomaning maqsadini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Bunda barcha tegishli holatlar, shu jumladan, shartnoma tuzish oldidan olib borilgan muzokaralar va yozishmalar, taraflarning o‘zaro
munosabatlarida qaror topgan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflar- ning keyinchalik o‘zlarini qanday tutganligi e’tiborga olinadi.