3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
«Ayirboshlash shartnomasi» tushunchasi, huquqiy belgilari va predmeti
Ayirboshlash shartnomasi tovar va pul munosabatlariga asoslangan bozor iqtisodiyotida ham muayyan ahamiyatga ega. Shu boisdan u amal- dagi fuqarolik qonun hujjatlarida o‘zining huquqiy asoslarini topgan. Ayirboshlash barter deb ham yuritiladi.
Ayirboshlash deb shunday shartnomaga aytiladiki, unga ko‘ra shart- nomada qatnashuvchi har bir taraf boshqa tarafga bir tovarni boshqa tovarga almashtirish yo‘li bilan mulk qilib topshirish majburiyatini oladi (FK 497-m.). Uning mohiyati shundaki, shartnoma predmeti bo‘lgan biron-bir tovar ikkinchi tarafga, odatdagidek, mazkur tovar qiymatini umumiy ekvivalent bo‘lgan yoki unga deyarli teng keladigan boshqa bir tovarga ayirboshlanadi. Demak, mazkur huquqiy munosabat odatdagi shartnomalar, aytaylik, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish kabi shart- nomalarga o‘xshab, taraflarga bu orqali kelishi mumkin bo‘lgan muayyan pul summalariga talab-ehtiyojlardan kelib chiqmay, balki bevosita mazkur shartnomaning predmeti bo‘lgan tovarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqadi. Biroq mazkur shartnoma ko‘p hollarda subyektlar o‘rtasida hisob-kitoblar yo‘lga qo‘yilmagan yoki o‘zaro ishonch bo‘lmagan inflya- siya sharoitida keng qo‘llaniladigan shartnomalardan biri bo‘lib qolmoq- da. Rivojlangan bozor tizimida u ahyon-ahyonda qo‘llaniladi.
Shartnomaning yana bir xususiyati shundaki, shartnomaning mazmuni- dan boshqacha hol anglashilmasa, ayirboshlanayotgan tovarlar teng qiymatli deb taxmin qilinadi. Ayni paytda tovarni topshirish va uni qabul qilish xarajatlarini, har bir holda tegishli majburiyatlarni bajaradigan taraf amalga oshiradi. Shubhasiz, boshqa shartnomalarda bo‘lgani singari ayirboshlashda ham uning predmeti hisoblangan tovarning bahosi muayyan ahamiyatga ega. Ba’zan amaliyotda ayirboshlash predmetining qiymati bir xil bo‘lmaydi. Bunday hollarda bahosi ayirboshlashga taqdim qilinayotgan tovar bahosidan past bo‘lgan tovarni topshirayotgan taraf, agar shartnomada haq to‘lashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, tovar yoki tovarni tasarruf qilish hujjatlari topshirilgandan so‘ng kechiktirmasdan baholardagi farqni to‘lashi lozim bo‘ladi. FK 242-mod- dasiga ko‘ra, agar qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor hisoblangan taraf bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
Ayrim hollarda tovarlar o‘rtasidagi yuqorida tilga olingan farq doimo aniq belgilanavermaydi. Fuqarolik qonunchiligining mazmunidan anglashilishicha, bunday hollarda shartnomani bajarganlik uchun xuddi shunga o‘xshash vaziyatlarda, odatda, shunday tovarlar, ishlar yoki xizmatlar uchun olinadigan baholar – haq to‘lanishi kerak. Ushbu hol- larda ish muomalasi odatlari, ya’ni odat huquqi normalari qo‘llaniladi (FK 6-moddasi tartibida).
Ayirboshlash shartnomasi quyidagi huquqiy belgilari bilan xarakter- lidir: konsensual, haq evaziga tuziladigan, ikki taraflama shartnomalar.
Shartnomaning muhim jihatlaridan biri ayirboshlanadigan tovarlarga bo‘lgan mulk huquqining ikkinchi tarafga qachondan boshlab o‘ta boshlashidir. Odatda, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazar- da tutilmagan bo‘lsa, ayirboshlanadigan tovarlarga mulk huquqi ayir- boshlash shartnomasiga muvofiq, sotib oluvchi hisoblanadigan taraflarga ikkala taraf tegishli tovarlarni topshirish majburiyatini bajarganidan so‘ng bir vaqtda o‘tadi (FK 500-m.). Ayirboshlash shartnomasining predmeti muayyan moddiy qiymatga ega bo‘lgan hamda iqtisodiy munosabatning predmeti bo‘la oladigan, ayni paytda kishilarning u yoki bu ehtiyojlarini qondira oladigan narsalar, ya’ni ashyolar bo‘la oladi.