3801e3ba156a9d876bcdf91e187071aa Fuqarolik va oila huquqi Darslik
«Mualliflik huquqi» tushunchasi, tamoyillari va asosiy kategoriyalari
Intellektual faoliyat mahsullari orasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlari alohida ajralib turadi.
Jahonda turli mamlakatlar o‘rtasida ijtimoiy-madaniy aloqalar o‘sib borgani sayin bir mamlakatdagi ijodkorlar asarlaridan boshqa mamlakat- lardagi kishilar foydalanish imkoniyatlari kengayib bormoqda, bu esa mualliflik va turdosh huquqlar dunyoning ko‘p mamlakatlarida bir xilda tartibga solinishiga bo‘lgan zaruratni vujudga keltirmoqda. Ushbu zarurat taqozosiga ko‘ra, mualliflik huquqi bo‘yicha Butunjahon Konvensiyasida (uni Jeneva Konvensiyasi ham deyishadi) hamda adabiy va badiiy asar- larni muhofaza qilish bo‘yicha Xalqaro Konvensiyada (uni Bern Kon- vensiyasi deb ham ataydilar1) ishlab chiqilgan va dunyoning ko‘pgina mamlakatlari o‘z milliy qonunlarini u yoki bu Konvensiya asosida shakl- lantirmoqdalar. Bern Konvensiyasi me’yorlari mualliflik huquqlarini huquqiy muhofaza etishda qat’iyroq tusga ega2. O‘zbekiston Respublika- sining 2006-yil 20-iyuldagi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘- risida»gi qonun mazmunida Bern Konvensiyasining asosiy qoidalari yotadi.
Mualliflik huquqi fuqarolik huquqining tarkibiy qismi bo‘lib, uning eng muhim institutlaridan hisoblanadi. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar adabiyot, san’at asarlarini yaratish, ulardan foydalanish va ijro etish bilan bog‘liq bo‘lgan shaxsiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Mualliflik huquqi tamoyillari deb uning negizida yotgan asosiy qoida- larga aytiladi. Bu tamoyillar ichida O‘zbekiston Respublikasi Konstitu- tsiyasining 42-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan ijod erkinligi muhim ahamiyatga ega. Uning mohiyati shundan iboratki, ijodkor o‘z ijodiy mahsuli mavzusini tanlashda, uning shaklini belgilashda, uni yaratish uslublarini tanlashda, undan foydalanishda erkin va mustaqildir. Ayni vaqtda bu erkinlik qonun doirasida amalga oshirilishi lozim. Ijodkor o‘z asari orqali konstitutsiyaviy tuzumga qarshi, zo‘ravonlik yoki behayolik- ni targ‘ib qilish, boshqalarning huquqlarini poymol qilish maqsadlarini ko‘zlamasligi lozim. Muhim konstitutsiyaviy tamoyillardan yana biri
1 Ўзбекистон Республикаси мазкур конвенцияга 2006 йил 19 апрелдан бошлаб аъзо ҳисобланади.
2ТошевБ. Муаллифлик ҳуқуқи. – Т., 1997. – Б.88-96.
ijodiy mahsulotlarga nisbatan senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoidadir.
Muallif asarni yaratishda yoki e’lon qilishda agarda u davlat sirlari, shaxsiy sirlar yoxud boshqalarning qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lmasa, oldindan ruxsat olish, asar mazmunini nazoratdan o‘tkazish talab etilmaydi. Mualliflik huquqining yana bir asosiy qoidalaridan biri – muallif huquqlarining vujudga kelishi, uni muhofaza etish, asarni yaratish fakti asosida vujudga kelishi, u qandaydir rasmiyatchiliklarga rioya etilishi talab etilmasligidir. Ushbu tamoyil FKning 1041-moddasi va qonunning 10-moddasida o‘z ifodasini topgan.
Mualliflarning asarlarni yaratish va ulardan foydalanishda ma’naviy va moddiy manfaatdorligini har tomonlama muhofaza etish ham qonun- larda mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu tamoyil mualliflik huquqiy muno- sabatlari qatnashchilarining huquq va burchlarini belgilovchi me’yor- lardagina emas, balki subyektiv huquqlarni amalga oshirish kafolatlarida, muallif huquqlarini muhofaza etish bo‘yicha davlat organlari zimmasiga yuklangan majburiyatlarda, buzilgan muallif huquqlarining himoya qili- nishini ta’minlovchi me’yorlarda ham o‘z ifodasini topgan.
Mualliflik huquqi bo‘yicha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (27, 29, 42, 67-moddalar va boshqalar), O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (1041-1081 moddalar), «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonun, «EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari to‘g‘risida» qonun, «Noshirlik faoliyati to‘g‘ri- sida»gi qonun, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonuniy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Bu borada, ayniqsa, FK muhim ahamiyatga ega. FKning bevosita mualliflik huquqi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlardan tashqari boshqa me’yor- lari ham bu sohada tartibga soluvchi vazifalarni bajaradi. Masalan, fuqa- rolarning huquq layoqati mazmunini belgilovchi me’yorda fuqarolarning fan, adabiyot, san’at asarlariga muallif bo‘lish huquqi (FK 18-m.), mod- diy va ma’naviy zararlarni undirish bo‘yicha qoidalari (FK 14, 1021-m.), intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mutlaq huquqlar haqidagi qoida- lari (FK 97-m.) shular jumlasidandir.
FK 1041-moddaga asosan, mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot, san’at asarlariga ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek, ifodalanish usulidan qat’i nazar, joriy etiladi.
Har qanday asar mualliflik huquqi obyekti sifatida muhofaza etilishi uchun u ijodiy faoliyat mahsuli bo‘lishi shart. Shu sababli ham oddiy,
kundalik hayotdagi so‘zlashuvlar, muloqotlar mualliflik huquqi obyekti bo‘lib hisoblanmaydi. Ijodiy jarayon bu, eng avvalo, inson tafakkuri, aqliy faoliyat mahsuli, u o‘ziga xos original tusga ega.
Huquqiy adabiyotlarda ijodiy jarayonning ikki holati ta’kidlab ko‘rsatiladi:
asar yaratish jarayonining ongli, intellektual xarakteri;
yaratilgan asarning yangiligi, originalligi1.
Ijodkor ijodiy jarayonining ongli, intellektual tusi shundan iboratki, asar yaratilishidan oldin u ijodkorning ongida, xayolida shakllanadi, vujudga keladi. Asar ma’lum bir o‘y-fikr asosida paydo bo‘lib, u fikr- g‘oya, fikr-reja, fikr-qoralama tarzida bosqichlardan o‘tadi, shu tarzda asar yaratilib, shakllanib boradi2.
Asarning yangilanishi ijodiy faoliyatning zarur unsuri sifatida asar- ning yangi mazmunida, yangi shaklida, yangi g‘oyalarida, yangi milliy konsepsiyada ifodalanadi3.
Asarning yangiligi haqidagi mezon mutlaq tusga ega bo‘lmay, nisbiy tusga ega. Ilm-fan sohalaridagi asarlarda yangi g‘oyalar, yechimlar muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, adabiy asarlarda va san’at asarlarida shaklan yangilik muhim o‘rinni egallaydi. Masalan, o‘tmishda «Hamsa» – 5 doston sujeti bo‘yicha Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy asarlari bunga yaqqol dalildir. Oybekning «Qutlug‘ qon» va Hamzaning
«Boy ila xizmatchi» asarlarida sujet bo‘yicha o‘xshashlik mavjud, biroq asar shaklan bir-biriga o‘xshamaydi. Shu sababli ham mualliflik huqu- qida shakl bo‘yicha yangilik o‘ziga xos tarzda birinchi rejaga chiqadi, deyish mumkin.
Asarning mualliflik huquqi obyekti sifatida muhofaza qilish uchun yana bir belgisi bu uning obyektiv shaklda ifodalanganligidir. Asardagi g‘oya, mazmun, o‘y-fikr, obraz uchinchi shaxslar idrok etishi, tanishuvi, qabul qilishi uchun imkon beruvchi ma’lum bir obyektiv shaklda ifoda- langan bo‘lishi shart. Shu ma’noda olganda hali muallifning o‘y-fikrida bo‘lgan, biroq boshqalar qabul qilish uchun obyektiv shaklga kiritilma- gan asar mualliflik huquqi obyekti bo‘lib hisoblanmaydi.
FK 1041-moddaga asosan, asar og‘zaki, yozma shaklda yoki uni idrok etish imkonini beradigan boshqa obyektiv shaklda ifodalangan bo‘lishi lozim. Yozma shaklda yoki moddiy jismda o‘zgacha usulda ifodalangan
1 Гражданское право. Т. I. – М., – С.321.
2СеребровскийВ.Й.Вопросы авторского права. – М., 1956. – С.35.
asar (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuvlar, texnika vositalari yordamidagi yozuv, shu jumladan, audio va video yozuvi, ikki o‘lchamli yoki hajmiy-fazoviy shaklda yaratilgan tasvirda va hokazo) uning uchinchi shaxslar uchun foydalanish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, obyektiv shaklga ega hisoblanadi. Moddiy jismda ifodalan- magan og‘zaki yoki boshqa xil asar, basharti u uchinchi shaxslarning idrok etishi uchun maqbul kelgan, kifoya qilgan bo‘lsa (omma oldida so‘zlash, ommaviy ijrochilik va hokazo) obyektiv shaklga ega hisoblanadi.
Ijodkor asarining uchinchi shaxslar tomonidan idrok etilishi, qabul qilinishi, hozircha insonning ko‘rish va eshitish xususiyatlari, qobiliyati asosida ro‘y beradi.
Yozma asarlar, videotasvirlar, ikki o‘lchovli asarlar (rasmlar) hajmiy- fazoviy shakldagi tasvir (masalan, haykal, me’moriy binolar) ko‘rish tuyg‘usi orqali qabul qilinsa, musiqa, nutqlar, badiiy o‘qishlar eshitish tuyg‘usi orqali qabul qilinadi.
Mualliflik huquqi obyektlari quyidagi turlardan iborat:
adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
drama va ssenariy asarlari;
matnli yoki matnsiz musiqa asarlari; musiqali drama asarlari;
xoreografiya asarlari va pantomimalar; audiovizual asarlar;
rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’at- ning boshqa asarlari;
manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari; fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan
asarlar;
jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
barcha turdagi EHM uchun dasturlar, shu jumladan har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda, chunonchi boshlang‘ich matn hamda obyekt kodida ifodalanishi mumkin bo‘lgan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;
Qonunning 5-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan boshqa asarlar (qonunning 6-moddasi).
Mualliflik huquqi obyekti bo‘lishi uchun asar tugallangan bo‘lishi shart emas. Shu sababli asar tugallanmagan bo‘lsa ham, agarda ularda ijodiylik unsurlari mavjud bo‘lsa, mualliflik huquqining mustaqil obyekti bo‘lib hisoblanadi.
Mualliflik huquqi e’lon qilingan (nashr etilgan) va shuningdek, nashr etilmagan, hali qo‘lyozma holatida bo‘lgan asarlarga birday joriy etiladi.
Mualliflik huquqining vujudga kelishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biror rasmiyatchilikka rioya qilish talab etilmaydi. Holbuki, intellektual faoliyatning boshqa obyektlari bo‘yicha huquqiy muhofaza bu obyekt vakolatli davlat idorasi tomonidan maxsus muhofaza yorlig‘i (patent, guvohnoma) olgandan keyin vujudga keladi.
Mualliflik huquqi g‘oyalar, konsepsiyalar, prinsiplar, tizimlar, taklif etilayotgan yechimlar, obyektiv mavjud kashfiyotlarga nisbatan (agarda ular ilmiy asar sifatida obyektiv shaklga solinmagan bo‘lsa) joriy etil- maydi. Rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar, ajrimlar va shu kabilar), shuningdek, ularning rasmiy tarjimalari, rasmiy ramzlar, xalq ijodiyoti asarlari, oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir va joriy voqealar haqidagi xabarlar, insonning bevosita individual asar yara- tishga qaratilgan ijodiy faoliyati ishtirokisiz muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar (masalan, robot tomonidan bastalangan musiqa, yozilgan she’r) ham mualliflik huquqi obyekti bo‘lib hisoblanmaydi.
Mualliflik huquqi subyektlari ichida fan, adabiyot, san’at asarlarini ijodiy mehnati bilan yaratgan shaxs-muallif alohida o‘rinni egallaydi. Fuqaroning subyektiv mualliflik huquqi vujudga kelishi, fan, adabiyot yoki san’at asarlarining muallifi sifatida e’tirof etilishi uning yoshiga, aqli va ruhiy holatiga, asarning yaratilish joyiga, nashr etilgan-etilmagan- ligiga bog‘liq emas.
O‘zbekiston Respublikasi hududida e’lon qilingan yoki obyektiv shaklda mavjud bo‘lgan asarni yaratgan shaxsning mualliflik huquqi, uning qaysi davlatning fuqaroligidan qat’i nazar, tan olinadi.
Asari xorijda nashr etilgan yoki qo‘lyozma holida xorijda saqlana- yotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mualliflik huquqlari ham tan olinadi. Agarda bunday shaxs xorijiy davlat fuqarosi bo‘lsa, uning mualliflik huquqi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tuzilgan xalqaro shartnomalar asosida belgilanadi.
Qomuslardan, qomusiy lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar va boshqa davriy nashrlardan
foydalanishning mutlaq huquqi ularning noshirlariga tegishlidir. Bunday nashrdan har qanday tarzda foydalanilganda ham noshir o‘z nomini ko‘rsatishga yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.
Mualliflik huquqining eng muhim qoidalaridan biri – hammualliflik bo‘yicha munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlardir. Qonunning 12- moddasiga asosan ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi mazkur asar bo‘linmas, bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.
Hammualiflikning quyidagi belgilari mavjud: a) ikki yoki undan ortiq shaxslarning birgalikdagi ijodiy mehnati; b) bunday birgalikdagi faoliyat natijasida vujudga kelgan asarga nibatan mualliflik huquqining bunday faoliyatda ishtirok etgan barcha shaxslarga taalluqli ekanligi; v) jamoa asarining yaratilganligi.
Hammualliflar tomonidan yaratilgan yagona asarga nisbatan ular- ning huquqlari va o‘zaro munosabatlarini, umumiy mulk institutini birga- likdagi mulk va hissali mulkka nisbatan sherik mulkdorlar huquqlari va o‘zaro munosabatlariga qiyoslash mumkin, zero bunday huquqiy tartibga solish mexanizmida o‘xshashliklar mavjud.
Agar hammualliflar tomonidan yaratilgan asar mazmun yaxlitligiga putur yetmagan holda tarkibiy qismlarga ajralishi mumkin bo‘lsa, u holda qonunning 12-moddasi 2-3-qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi. Unda aytilishicha, agar asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi. Bunday asarlar jumlasiga qo‘shiq (musiqasi va she’r matni bilan birgalikda), kitob (matn va unga ishlangan rasmlar bilan birgalikda), spektakl (drama matni, musiqasi va sahna bezagi) va shu kabilar kiradi. Bunday asarlarda nisbiy mustaqil hammualliflik mavjud, chunki ularning har bir qismi alohida badiiy, ilmiy yoki adabiy ahamiyatga ega. Bunday asarning ma’lum qismi muallifi o‘z qismiga nisbatan mualliflik huquqiga ega. Qonunga asosan hammualliflarning har biri, agar ular o‘rtasidagi bitimda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, asarni o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqli.
Hammualliflikning yana bir turi mutlaq hammualliflikdir. Bunda hammualliflar tomonidan yaratilgan asar mazmunan bir butun, yaxlitlik-
ni tashkil etib, u mustaqil qismlarga ajralmaydi. Bunga H.Nu’mon, SH.Shorahmedovning «Ota», Ilf, Petrovning «Oltin buzoq», «12 stul» asarlari yaqqol misol bo‘la oladi. Bunda barcha asarga nisbatan mual- liflik huquqi bir vaqtning o‘zida barcha hammualliflarga teng darajada taalluqli bo‘ladi.
Qonunning 12-moddasiga asosan, bunday hollarda asardan foydala- nishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflarning hech biri haqli emas. Bo‘linmas asar yaratish bo‘yicha hammualliflar- ning majburiyati uchun javobgarlik masalasida ham birgaliqdagi umumiy majburiyatlar haqidagi qoidalarni qo‘llash mumkin. Binobarin, bunday hollarda bir hammuallifning majburiyati bo‘yicha boshqa hammualliflar ham hech istisnosiz javobgar bo‘ladilar.
Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar umumiy qoida bo‘yicha o‘zaro kelishuv, bitim asosida belgilanadi. Bunday bitimda turli masalalar, masalan, asar nashr etilganda zarvaraqda qaysi hammuallif ismi-sharifi qanday tartibda yozilishi, qalam haqini taqsimlash va hokazolar ko‘zda tutilishi mumkin. Bunday bitim bo‘lmagan taqdirda asarga nisbatan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshi- riladi, qalam haqi ular o‘rtasida teng taqsimlanadi. Agarda hammualliflar o‘zaro kelishuvga erisha olmasalar, nizo sud tomonidan hal etiladi.
Hosila asarlar, odatda, boshqa bir asar asosida yaratiladi. Hosila asarni yaratish uchun asos bo‘lgan asar asosiy yoki birlamchi asar sifatida qaraladi. Masalan, Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romani asosiy asar bo‘lsa, «O‘tgan kunlar» radiopostanovkasi yoki «O‘tgan kun- lar» badiiy filmi ssenariysi hosila asar hisoblanadi.
Boshqa asarlarni qayta ishlagan shaxslar, tarjimonlar, to‘plamlar va boshqa jamlanma asarlarni tuzuvchilar hosila asarning muallifi deb e’tirof etiladi. Hosila asarning muallifi qayta ishlangan, tarjima qilingan yoki jamlanma asarga kiritilgan asar muallifining huquqlariga rioya et- gan taqdirdagina hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqidan foydalanadi.
Mualliflarning huquqlari o‘z mazmuniga ko‘ra shaxsiy nomulkiy va mulkiy tusdagi huquqlarga bo‘linadi.
Qonunning 18-moddasiga muvofiq, asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:
asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);
asardan muallifning haqiqiy ism-sharifi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismi-sharifini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki
foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq);
asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;
asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr- qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).
Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:
asarni takrorlash (takrorlash huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetka- zish huquqi);
asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);
tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);
asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);
asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);
asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);
asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);
asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);
asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);
asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomo- nidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).
Asar nusxalarini sotish, almashtirish, ijaraga berish yoki ular ishtiro- kida boshqa amallarni bajarish, shu jumladan, ularni import qilish asarni tarqatish hisoblanadi.
Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish orqali fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularni kelgusida muallifning roziligisiz va unga haq to‘lamasdan tarqatishga yo‘l qo‘yiladi. Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bun- day maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.
Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirochilarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisob- lanmaydi. Boshqacha aytganda, masalan, biror shaxs ilmiy monogra- fiyada berilgan ma’lumotlar va chizmalar asosida qurilma yoki uskuna yasab, undan foydalanish ushbu asardan mualliflik huquqi nuqtai nazari- dan foydalangan bo‘lib hisoblanmaydi.
Muallifning asarni tarjima qilishga va qayta ishlashga bo‘lgan mutlaq huquqlari tarjima qilingan yoki qayta ishlangan asarga nisbatan muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini o‘z ichiga oladi.
Mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno. Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin. Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tka- zilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.
Qonunning 39-moddasiga muvofiq, mualliflik shartnomasida quyi- dagilar nazarda tutilishi kerak:
asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladi- gan konkret huquqlar);
asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miq- dori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.
Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin. Mualliflik shartnomasida asardan foyda- lanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab 5 yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi mavzusi bo‘lishi mumkin emas. To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanish- ning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur mualliflik haqining eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida bel- gilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart. Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shart- nomada bevosita nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin. Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Audiovizual asar yaratish va undan foydalanish uchun mualliflik shartnomasini tuzish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutil- gan bo‘lmasa, bu asar mualliflari tomonidan audiovizual asarni tayyor- lovchiga takrorlash, tarqatish, prokatga berish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga takroran yuborish, audiovizual asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, shuning- dek, audiovizual asarga subtitr qilish va matnni dublaj qilish bo‘yicha mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga olib keladi. Ko‘rsatilgan huquqlar audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqi amal qiladigan muddat mobaynida amalda bo‘ladi. Audiovizual asar tarkibiga kiradigan asar- lardan foydalanish mualliflik shartnomasi asosida va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda amalga oshiriladi. Asarni audiovizual asar tarkibiga kiritishga o‘z roziligini bergan huquq egasi, agar audiovizual
asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asardan foydalanishni taqiqlashga yoki biron-bir tarzda cheklashga haqli emas. Audiovizual asarga tarkibiy qism bo‘lib kirgan, ham ilgari mavjud bo‘lgan, ham uning ustida ishlash jarayonida yaratilgan asarlarning mualliflari, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida shartlashilgan bo‘lmasa, har biri o‘z asariga nisbatan mualliflik huquqidan foydalanadi.
Muallif buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asarni shartnoma shartlariga muvofiq yaratish va uni buyurtmachiga topshirish majburiyatini oladi. Buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha yara- tilgan asarga bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga tegishlidir.
Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari nusxalarini sotishda mualliflik shartnomasi, agar uning shartlari (dasturdan va ma’lumotlar bazasidan foydalanish shartlari) dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxa- larida tegishli tarzda bayon qilingan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.
Muallifning shaxsiy huquqlari uning o‘zidan begonalashtirilishiga, ya’ni boshqa birovlarga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muallifning asardan boshqalar foydalanganligi uchun oladigan haq (gonorar, qalam haqi) miqdori muallif bilan asardan foydalanuvchilar (masalan, nashriyot, teatr, ko‘rgazma tashkilotchilari va hokazo) o‘rtasi- dagi kelishuv asosida belgilanadi. Turmushda bu haq miqdori asarning birinchi marta yoki qayta nashr etilishi, tiraji, muallifning mashhurlik darajasi, asarning buyurtma bo‘yicha yaratilganligi va shu kabi holat- larga bog‘liq. Ko‘p hollarda har bir nashriyotda asarlar uchun ilgaridan belgilab qo‘yilgan gonorar stavkalari amal qiladi.
Muallifning mulkiy huquqlari amal qilish muddatlari Qonunning 35- moddasida belgilab qo‘yilgan. Bunga asosan mualliflik huquqi muallif- ning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin 50 yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hol- lar bundan mustasno.
Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi ham- mualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin 50 yil davomida amal qiladi.
Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin 50 yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, 35-moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.
Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin 50 yil davomida amal qiladi.
Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.
Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak. Mazkur muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvari- dan e’tiboran boshlanadi.
Mualliflik huquqi obyektlariga nisbatan mutlaq huquq sohibi o‘z huquqlaridan barchani xabardor qilish uchun obyektning (asarning) har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch element (unsur)dan iborat mualliflik huquqi himoya belgisidan foydalanishi mumkin:
aylana (doira) ichiga olingan lotincha «S» harfi; mualliflik mutlaq huquqlari sohibining nomi; asar birinchi marta e’lon qilingan yil.
Ushbu belgi xalqaro miqyosda, boshqa xorijiy davlatlarning ko‘pchi- ligida ham qabul qilingan. Amalda muallif yoki uning merosxo‘ri mual- liflik shartnomasi tuzish orqali asardan foydalanish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin. Bunday shartnoma haq baravariga tuzila- digan shartnoma hisoblanadi. Tayyor asar yoki yaratilishi lozim bo‘lgan asar uchun mualliflik buyurtma-shartnomasi tuziladi.
Asarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddati tuga- ganidan keyin asar ijtimoiy boylikka aylanadi. Ijtimoiy boylik (ne’mat) hisoblanadigan asardan, boshqa obyektlardan har bir shaxs mualliflik haqini to‘lamagan va qandaydir ruxsat olmagan holda erkin foydalanishi mumkin. Biroq bunda mualliflik huquqiga, muallif nomiga bo‘lgan huquqqa va asarning daxlsizligiga bo‘lgan huquqqa rioya etilishi shart.
Mualliflik huquqining obyekti bo‘lgan ba’zi asarlar bevosita uchinchi shaxslar tomonidan ijro etilishi (balet, spektakl ko‘rinishida) lozim bo‘ladi. Ijrochilar va ijroni tashkil etuvchilarning faoliyatlari ham o‘z tusiga qo‘ra ijodiy faoliyat hisoblanadi, biroq bunda ijodiy faoliyat uslubi, tusi va mahsullari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi, shu sababli ham u mual- liflik huquqiga tutash, mushtarak bo‘lgan turdosh huquqlar orqali tartibga solinadi. Turdosh huquqlar sahna asarlariga, ijroga, ijroning audio va video yozuviga, efir va kabel orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilot- ning ko‘rsatuv va eshittirishlariga tatbiq etiladi. Binobarin, asarning ijrolari, ijroning audiovizual yozuvlari, radioeshittirish va televizion ko‘rsatuvlar turdosh huquqlar obyekti hisoblanadi. Turdosh huquqlar subyekti bo‘lib, ijrochilar, asarning ijro yozuvini yaratuvchilar, radio- eshitgirish va teleko‘rsatuvlar va ularni uzatuvchi tashkilotlar hisoblanadi (shuningdek, ularning merosxo‘rlari va huquqiy vorislari ham).
Mualliflik huquqlari kabi turdosh huquqlar ham o‘z himoya belgi- lariga ega. Ijro yozuvini yaratgan shaxs va ijrochi o‘z huquqlaridan xabardor qilishi uchun bunday belgidan foydalanishlari mumkin. Audio- yozuv (ovoz yozib olingan gramplastinka, kompaktdisk va hokazo) yoki videoyozuv (tasvir yozilgan videokassetalar)ning har bir nusxasida va (yoki) ular saqlanadigan g‘ilofda aks ettiriladigan bu belgi uch unsur (element)dan iborat:
aylanaga olingan «R» harfi;
turdosh mutlaq huquqlar egasining ism-sharifi (nomi); yozuv birinchi marta e’lon qilingan yil.
Turdosh huquqlarni himoya qilish fuqarolik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha umumiy usullar (FK 11-m.), intellektual mulk obyektlari- ga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari (FK 1040-m.) va qonunning 65-moddasi (mualliflik huquqini himoya qilish usullarining barchasi, turdosh huquqlarini himoya qilishda ham tatbiq etiladi.