5-bob. Maktabga o‘qishga qabul qilish
37. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman hokimligining qarori bilan maktabga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida amalga oshiriladi.
38. Maktab rahbariyati mazkur maktabga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida maktabga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
39. Maktabning 1-sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Bolalarni umumta’lim muassasasining 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
- ota-onalar tomonidan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;
- ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
- bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
- bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
- bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
40. Davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekistan Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
41. Maktab yoshiga yetgan bolalar maktabning 1-sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’iy nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.
42. Oʻqishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari mazkur Ustav, ichki tartib-qoidalari va ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.
43. Maktab rahbariyati har yili iyun-avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘radi.
44. Xorijiy fuqarolarni umumta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: |