Xiva xonligi. Manbalarda ko’rsatilishicha, XIX asr birinchi yarmida Xiva xonligining hududi 19 ming kvadrat milni tashkil etgan. Xonlik janubda Eron bilan, sharqda Buxoro amirligi, g’arbda Kaspiy dengizi, shimolda qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Suvsiz, cheksiz Qoraqum, Qizilqum sahrolari Xiva xonligini hududiy jihatdan boshqa mamlakatlardan ajratib qo’ygan edi. Quyi Amudaryo bo’yi Xiva xonligining markaziy qismini tashkil etardi. Amudaryo sohillarida joylashgan Xiva, Urganch, Qiyot, Ko’na Urganch, Xazorasp, Qo’ng’irot, Xo’jayli, Kurdar (Xozirgi Chimboy) shaharlari xonlikning yirik shaharlari edi. O’rta Osiyoning eng boy savdo markazlaridan biri bo’lgan Xiva shahri xonlikning poytaxti hisoblanardi. Shahar ikki qismdan Ichan qal’a (shaharning ichki qismi) va Dishon qal’a (shaharning tashqi qismi)dan iborat edi. Ichan qal’ada xon qarorgohi va harami, 17 ta masjid, 22 ta madrasa, karvonsaroy va bozor joylashgan bo’lib, ular asosan X1X asrda barpo etilgan. 1842 yilda Dishon qal’a qurilib, devor bilan o’rab olinadi. Dishon qal’ada hunarmandlar, savdogarlar, mardikorlar, qisman dehqonlar ham istiqomat qilganlar. Xiva xonligida taxminan 800 mingga yaqin kishi yashardi. Aholining ko’pchilik qismi o’zbeklar bo’lib, ulardan eng kuchli va ko’p sonlilari qo’ng’irot, nayman, qiyot, uyg’ur, nukuz, qangli, xitoy, qipchoq qabilalari edi. O’zbek qabilalari asosan Amudaryo tarmoq yoygan qismida, kanallar bo’ylarida joylashgan edi. Aholining anchagina qismini (taxminan 1/4 qismi) turkmanlar tashkil etardi. Turkmanlar qadimgi o’g’izlarning avlodlari bo’lib, forscha gaplashuvchi mahalliy xalqlar, o’zbeklar bilan qorishib ketgan edi. Qoraqalpoqlar yashaydigan Amudaryoning quyi havzasi va Orol degizining janubiy qirg’oqlari Xiva xonligi tasarrufida edi. Qoraqalpoqlar bu hududdagi sho’rxok yerlarni qancha mashaqqatlar bilan o’zlashtirib tirikchilik qilardi. Dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, ovchilik qoraqalpoqlarning asosiy mashg’uloti edi. Xonlikning shimoliy qismida qozoqlar yashardi. Shuningdek, xonlikda qisman forslar, arablar va boshqalar ham yashagan.
Muhammad Rahim I (1806-1825 yillar) davrida xonlikdagi o’zaro urushlar biroz tinchidi, xonlikni birlashtirish nihoyasiga yetdi. Qoraqalpoqlar hamda turkmanlarning chavdor qabilalari ham bo’ysundirildi. Mamlakatda o’tkazilgan soliq islohoti, bojxona joriy etilishi, oltin pul zarb etilishi xo’jalik ishlariga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatdi. O’z vaqtida yig’ib olingan soliqlar xonlik daromadini oshirdi. O’rta Osiyodagi qo’shni davlatlar singari Xiva xonligi ham monarxiya tipidagi davlat edi. Davlat tuzumi Buxoro amirligiga o’xshardi. Oliy xokimiyat xon qo’lida bo’lib, uning huquqi chegaralanmagan - hokimi mutlaq edi. Xiva xonligida qulchilik rasmiy jihatdan hamon mavjud edi. Dishon qal’ada qul bozori bo’lib, sotilguncha qullarni ushlab turuvchi maxsus bino mavjud edi. Qul savdosi ayrim toifadagi odamlar uchun daromadli edi, qul sotish bilan ko’proq turkmanlar shug’ullanardi. Ular Eron, Afg’oniston, Badaxshonga hujum qilib, qishloq aholisini qul qilar, bozorda sotardi.
Xonlikda eng nufuzli lavozim bosh vazir yoki qushbegi bo’lib, u soliqlarni to’plash va xonning topshiriqlarini bajarish bilan shug’ullangan. Saroyda Otaliq, Rais, Qozi kalon, Shayxulislom, Mirobboshi, Mirshabboshi, To’pchiboshi, Yasovulboshi kabi amaldorlar xon xizmatida bo’lardi. Devonbegi xon devonini boshqarardi. Xazinachi xonlikning kirim va chiqim hamda sarf-xarajatlarini yuritar, bu haqda xon yoki bosh vazirga hisob berar edi. Xonlikdagi eng katta mansab va unvonlar inoq, otaliq, biy hisoblanardi. Bunday lavozimga ko’tarilganlar xonga eng yaqin odamlar bo’lib, soliqlardan ham ozod qilinar edi. Bunday unvonlar xon farmoni orqali e’lon qilingan va yorliqlar berilgan. Saroyda mirzaboshi, munshay, mahramboshi kabi mansabdorlar ham faoliyat ko’rsatishgan. Ma’muriy-hududiy jihatdan Xiva xonligi Xazarasp, Gurlan, Xonqa, Ko’na Urganch, Qo’shko’pir, Pitnak, G’azovot, Qiyot, Shoxabboz, Shovot, Toshhovuz, Ambor-manok, Urganch, Xo’jayli, To’manoy, Qo’ng’irot kabi beklik yoki viloyatlarga bo’lingan. Bekliklarni xon tomonidan tayinlangan beklar, noibliklarni noiblar idora qilgan. Bek va noiblar huzurida ularga xizmat qiluvchi ko’pdan-ko’p amaldorlar bo’lgan. Xiva shahri shaxsan xonning va bosh vazirning izmida bo’lgan. Shahar ichki tartiblari va osoyishtaligi mirshabboshi, jinoiy ishlarni ko’rish va jazo tayinlash shahar qozisi, poytaxtni tasodifiy xujumlardan himoyalash To’pchiboshi va Ichan-qal’a, Dishon-qal’a qutlovi (komentanti) zimmasida bo’lgan. Xiva xonligida taxminan 40 ming otliqdan iborat qo’shin bo’lib, qo’shinga lashkarboshi qo’mondonlik qilgan. Askarlik xizmatida bo’lganlar soliqlardan ozod etilgan. Yurishda qatnashgan har bir suvoriy 5 oltin tanga olgan. Xonning ko’rsatmasiga binoan, o’zini ko’rsatgan xarbiy lavozimdagilarga 10,20, 50,100 va undan ham ko’proq miqdorda oltin tanga berilgan. Biylarga 50-100 tanga, yuzboshilarga 10-20 tanga maosh berilgan. Tinchlik paytlarida askarlar xo’jalik ishlari bilan shug’ullanganlar. Xon qo’shinlari Buxoro qo’shinlari kabi qilich, o’q-yoy, nayza bilan qurollangan. Ozchilik askarlarda pilta miltiqlar ham bo’lardi, oz miqdorda to’plar ham bor edi.