Madaniy-ma’rifiy hayotda bir qator tadbirlar amalga oshirilgan. Bu yirik shaharlarda bunyod etilgan masjid, madrasa, rabot, karvonsaroy, hammom, bozor va boshqa qurilish majmualarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Hozirgi kungacha qad ko’tarib kelayotgan Buxorodagi Mir Arab, Abdullaxon, Qulbobo, Ko’kaldosh, Kalon, Abdulazizxon, Ubaydullaxon madrasa va masjidlari, Toshkentdagi Ko’kaldosh, Qaffoli Shoshiy, Baroqxon madrasalari, Samarqanddagi Sherdor va Tillakoriy madrasalari, Xivadagi Arab Muhammadxon, Sherg’ozixon, Muhammad Amin inoq madrasa va masjidlari xonliklar davrida qurilgan va yuksak mahorat bilan bezatilgan me’morchilik yodgorliklaridir. Ko’plab madrasalarda yoshlarni o’qitish, ta’lim-tarbiya ishlari yo’lga qo’yilgan. Maorif ikki bosqichdan iborat bo’lib, quyi bosqichda o’qish-yozishga o’rgatilgan. Yuqori bosqichda diniy ilmlar, shuningdek grammatika, mantiq, aljabr, handasa, hisob amallari o’rgatilgan. Madrasani bitirganlar qozi, uning yordamchisi, masjid imomi lavozimlarida ishlaganlar, mudarrislik qilganlar.
Buxoro amirligi.Buxoro amirligi o’zbek xonliklari orasida o’zining hududiy o’rni, aholisi va tabiiy resurslari jihatidan muhim mavqyeiga ega edi. XIX asrga kelganda, Buxoro amirligining hududi qariyb 200 ming kvadrat kilometrni tashkil etardi. Uning chegaralari janubda Amudaryoning so’l qirg’og’idan boshlanib, Sirdaryogacha cho’zilib, qozoq juzlari bilan chegaradosh edi. Amirlik sharqda Pomir tog’lari, g’arbda Xiva xonligi chegaralarigacha bo’lgan hududni ishg’ol etardi. Buxoro va Samarqand kabi yirik shaharlar joylashgan Zarafshon vodiysi amirlikning markaziy qismi hisoblanardi. Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, hozirgi Tojikiston hududidagi Vaxsh, Kafirnihon, Panj daryolari vodiysida joylashgan shahar va qishloqlar, hozirgi Turkmaniston hududidagi Murg’ob daryosi vohalaridagi yerlar Buxoro amirligiga qarar edi. Buxoro amirligining poytaxti Sharqda eng nufuzli shahar sifatida e’tirof etilgan Buxoroi Sharif edi. Yirik shaharlardan Samarqand, Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Termiz, Sherobod, Hisor, Dushanbe, Ko’lob va boshqalar amirlik tasarrufida edi. Marv va Chorjo’y shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Xiva xonligi o’rtasida, Jizzax, O’ratepa va Xo’jand shaharlari uchun Buxoro amirligi bilan Qo’qon xonligi o’rtasida tez-tez urushlar bo’lib, bu shaharlar qo’ldan-qo’lga o’tib turardi.
XIX asr birinchi yarmida Buxoro amirligida 2 millionga yaqin aholi yashardi. Aholi amirlikning sersuv vohalarida yashab, jazirama issiq, suvsizlik hukmronlik qiluvchi Qizilqum sahrolari va cho’llari kimsasiz yastanib yotardi. Zarafshon vodiysida 300-350 ming, Qashqadaryo vohasida 500 ming, Surxandaryo vohasida 200 ming, Sharqiy Buxoroda 500 mingcha aholi yashardi. Amirlikning yirik shaharlari - Buxoroda 60 ming, Samarqandda 50 mingga yaqin aholi yashardi. Aholi etnik jihatdan ko’pgina elatlardan iborat bo’lib, ularning qariyb 57 foizi o’zbeklar edi. O’zbeklar bir qancha qabilalardan tashkil topgan bo’lib, ular orasida mang’it, saroy, qo’ng’irot, jabg’u, qarluq, qalmoq, nayman, qipchoq, ming, yuz qabilalari ko’pchilikni tashkil etardi. Ular asosan Zarafshon, Qashqadaryo va Surxandaryo vohalaridagi shahar va qishloqlarda yashardi. Buxoro amirligining Xisor, Dushanbe, Sharqiy Buxorodagi Vaxsh, Kafirnihon va Panj daryolari vodiylarida, asosan tojiklar yashar edi. Amirlikning janubiy va g’arbiy qismida turkmanlar, shimoliy-sharqiy tomonida qozoq va qirg’izlar yashardi. Shuningdek, amirlik hududida afg’onlar, eroniylar, arablar, yahudiylar, hindlar va boshqa etnik guruhlar mavjud edi. Aholining aksariyat ko’pchiligi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ular dehqonchilik, chorvachilik bilan shug’ullanardi. Sug’oriladigan yerlarda paxta, bug’doy, sholi, jo’hori, bog’ va poliz mahsulotlari yetishtirilar edi. Uzum, olma, nok, shaftoli, o’rik, gilos, anjir, qovun, tarvuz yetishtirilardi. Meva-chevalar quritilib shirinlik o’rnida ishlatilardi. Chorvachilikda qo’ychilik, qorako’l qo’ychiligi, hunarmandchilikda gilamdo’zlik, o’ymakorlik, zardo’zlik,tegirmonchilik, ko’nchilik, to’quvchilik, temirchilik, kulolchilik, beshikchilik, sandiqchilik, etikdo’zlik, moyjuvozlik, sovungarlik keng tarqalgan edi.
Amirlik iqtisodiy hayotida qoloqlik, turg’unlik hollari mavjud edi, aholining turmushi past darajada edi. Yerga egalik shakli ming yillar davomida o’zgarmay kelmoqda edi, aholiga solinadigan o’lpon va soliqlar haddan tashqari ko’p edi. Aholi sotib olish qobiliyatining pastligi hunarmandchilikning rivojlanishiga to’sqinlik qilardi. Buxoro amirligi monarxiya tipidagi davlat bo’lib, amir cheklanmagan hokimiyatga ega edi. Amir o’z fuqarolarini o’ldirishi yoki hayot qoldirishi, butun aholi mulkiga ega bo’lishga ham haqli edi, ko’ngli tusaganini qilardi.
XIX asr boshlariga kelganda, amirlikda xizmatkor amaldorlar tabaqasi shakllandi. Faqat amir saroyining o’zida 300 ga yaqin amaldor xizmat qilardi. Bu tabaqa davlat xazinasidan maosh olar, amirga batamom qaram bo’lib, ularni amirning o’zi tayinlar yoki egallab turgan lavozimidan olib tashlar edi. Amaldorlar amir farmoyishini bajaribgina qolmay, uning istak-xohishi va ko’nglini topa bilishlari, unga doimo xushomad qilishlari kerak edi. Shu bois saroyda xushomadgo’ylik, amir shaxsini ulug’lash rasm bo’lib qoladi. Amir va uning oilasigagina emas, quyi mansabdagilar yuqori amaldorlarga ham xushomadgo’ylik qilardilar. O’z mavqyei, turmushi, oilasining omonligi, mulki uchun qo’rqish, ertangi kunga ishonmaslik kabi og’ir vaziyat vujudga keladi. Qisqasi, mansabdorning taqdiri to’lig’icha yuqori amaldor qo’lida edi. Mansabni sotish, poraxo’rlik keng tarqaldi. Amirlikdagi eng katta saroy mansablari va unvonlari
Amirlikda amaldorlardan tashqari diniy ulamolar ham hukmron mavqyega ega edi. Ular o’zlarini Muhammad payg’ambarning avlodlarimiz deb hisoblovchi sayyidlar hamda choriyor halifalar - Abubakr, Umar, Usmon va Ali avlodlaridanmiz deyuvchi xo’jalardan iborat edi. Ular katta yer-suvga, savdo do’konlariga, hunarmandchilik ustaxonalariga ega edilar. Amirlikda jo’ybor shayxlari alohida mavqyega ega bo’lib, XIX asrda ular Buxoroda 16 mahalla bo’lib yashardi. Sudlov ishlarida shariat qonun - qoidalariga rioya etilishini ta’minlashda shayxulislom, a’lam va qozilar amirning eng yaqin yordamchilari edi. Amirlikda eng katta mansabdorlardan biri Qozi kalon hisoblanardi. Uning mahkamasida har bir viloyatdan bittadan qozi ish olib borardi. Ularni amirning o’zi tayinlardi. Qozi din masalalari, oila, meros, jinoiy ishlarga oid masalalar bo’yicha hukmlar qabul qilardi.
Buxoro amirligi 27 beklik: Karmana, Xatirchi, Ziyovuddin, Nurota, Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog’, G’uzor, Boysun, Sherobod, Denov, Karki, Chorjuy, Xisor, Ko’lob, Qorategin, Darvoz, Baljuvon, Sho’g’non-Rushon, Qo’rg’ontepa, Qobodiyon, Kalif, Bo’rdalik, Qoboqli va Norazm bekliklaridan iborat edi. Har bir beklikni amir tomonidan tayinlab qo’yiladigan hokimlar - beklar idora qilardi. Hokim huzurida yuzlab mahalliy ma’murlar xizmat qilardi. Manbalar amirlikda mahalliy ma’murlar shtati 30000 kishini tashkil etganligidan guvohlik beradi. Hokim va uning xizmatkorlariga maosh davlat xazinasidan berilmas edi, ular mahalliy aholidan olingan turli - tuman soliq va to’lovlar hisobiga tirikchilik qilishardilar. Hokimlar, soliq yig’uvchilar, qozilar xohlagancha ish yuritardilar, ularning faoliyatini belgilovchi qonun - qoidalar yo’q edi. Ularning suiste’mollari xalq gardaniga og’ir yuk bo’lib tushardi.
XIX asr 30-yillarida amir qo’shinida 19 mingga yaqin yollangan askarlar bo’lib, ular turli shahar va istehkomlarda harbiy xizmatni o’taganlar. Qo’shin askarlari, asosan, o’q-yoy, nayza, qilich, xanjar, oybolta kabilar bilan qurollangan. Manbalar amir qo’shinida piltali miltiqlar va kichik to’plar ham bo’lganligidan guvohlik beradi. Amir qo’shinining jangovorlik darajasi past edi. Askarlar harbiy mashqlarga nisbatan ko’proq mehnat bilan band bo’lardi. Sipohlikka 15 yoshdan 70 yoshgacha erkaklar olinardi, qo’shin safida keksayib qolganlar anchagina bo’lardi. Amirlikning yillik daromadi 2 mln. 300 ming so’m bo’lgani holda, uning 1 mln. 300 ming so’mi qo’shinni saqlashga sarflanardi. Oziq-ovqat yetishmasligidan sipohlar qochardi, kiyimi yupun edi. XIX asr o’rtalarida askarlar soni, piltali miltiq va to’plar ham anchagina ko’paygan. Qo’shinda yuz boshi, ming boshi singari harbiy lavozimlar bo’lib, umumiy qo’mondonlikni lashkarboshi boshqargan. Amirlikning qo’shini muntazam bo’lmay, zaruriyat bo’lganda to’planardi, ularni to’plash qiyin kechardi. Bu amirlikning zaiflik omillaridan biri edi.