a1bc0f9914e02e976d8aa0909664216a ижтимоий хизматMicrosoft Office Word
Xulq-atvori og‘ayotgan bolalar bilan ijtimoiy ish olib borish “Xulq-atvori me’yordagidan og‘ayotgan” deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Me’yordan og‘ish va me’yorning o‘zi ko‘pincha test yoki eksperimental usullar yordamida aniqlanadi. Biroq, og‘ayotgan xulq-atvorning barcha ko‘rsatkichlarini nazariy jihatdan talqin qilish va o‘lchash imkoni yo‘q. SHunday hollarda simptomatik kuzatish amalga oshiriladi.
Og‘ayotgan (asotsial, deviant) deb ijtimoiy me’yorlardan chetga chiqish hollari muntazam kuzatilayotgan xulq-atvorga aytiladi:
- g‘arazli yo‘naltirilganlik (moddiy, pul, mol-mulk manfaatini ko‘zlab sodir etilgan hatti-harakat va huquqbuzarliklar: o‘g‘irliklar, o‘zlashtirishlar, chayqovchilik, proteksiya va h.k.);
- agressiv yo‘nalishdagi (shaxsga qarshi yo‘naltirilgan hatti-harakatlar: haqorat qilish, bezorilik, kaltaklash, zo‘ravonlik qilish, qotillik);
- ijtimoiy-passiv yo‘nalishdagi (faol ijtimoiy hayotdan chetga chiqishga intilish, o‘z majburiyatlari va burchini bajarishdan qochish, o‘zining shaxsiy va ijtimoiy muammolarini hal qilishni istamaslik: ishlash va o‘qishni hohlamaslik, daydilik, alkogolli va giyohvand moddalar, toksik vositalar iste’mol qilish, o‘zini-o‘zi o‘ldirish, suitsid).
Og‘ayotgan (deviant) xulq-atvorni ikki darajaga bo‘lish mumkin: delinkvent yoki kriminallashuvgacha bo‘lgan daraja, unda shaxs hali jinoyat va tergov, sud organlari tomonidan ta’qib qilinmaydigan va jiddiy ijtimoiy xavf tug‘dirmaydigan jinoiy hatti-harakatlar sub’ektiga aylanib ulgurmagan bo‘ladi.
O‘smirlik yoshida xulq-atvor buzilishi ko‘rinishlarini quyidagicha tasnif qilish mumkin: 1) darslarga qatnashmaslik (ba’zi darslarga yoki ba’zi kunlari maktabga bormaslik); 2) uydan qochib ketish; 3) o‘g‘irlik; 4) bosqinchilik (tahdid yoki kuch ishlatish yo‘li bilan); 5) mushtlashishlarda qatnashish; 6) tez-tez nizolarga kirishish (sinf rahbari bilan, ba’zi o‘qituvchilar, maktab ma’muriyati, oila a’zolari, sinfdoshlar, tengdoshlar, muqobil jins vakillari va boshqalar bilan); 7) alkogolli ichimliklar, giyohvand moddalar, uyquni keltiruvchi va trankvilizatorlarga, chekishga berilish (simulyasiya, sigaretalarni o‘ynash, engillash vositasi, obro‘ni ko‘tarish, odat); 8) seksual xulq-atvordagi deviatsiyalar (masturbatsiya, peting, erta jinsiy hayotni boshlash va h.k.); 9) suitsid xulq-atvor; 10) qo‘rqishlar (qorong‘ulikdan, yolg‘izlikdan, yaqin qarindoshlar va yaqin odamlardan ajralib qolishdan va h.k.); 11) o‘rganib qolishlar, hatti-harakat va rituallar (ko‘z qisishlar, peshona va burunni tirishtirishlar, elkani uchirish, barmoqni so‘rish, tirnoqni tishlash, omadsizlik va yomon fikrlardan asrashga qaratilgan rituallar); 12) so‘kinishlar; 13) deviant xulq-atvor belgilari (manmansirash, faollarga salbiy munosabat, qimorga berilish, sovuq qurol (pichoq, kastet va boshqalar) olib yurish; tatuirovka; kiyimdagi o‘ziga xos belgilar va boshqalar).
Hozirgi kungacha “hech kimniki bo‘lmagan” bolalar toifasi mavjud bo‘lib kelmoqda-ki, uning miqyosi ancha katta. Ular ota-onalari bilan bir xonadonda turmush kechirsalar ham, oilaviy aloqalar juda zaiflashgan yoki mutlaqo barbod bo‘lgan. Tegishli qarov va parvarishning yo‘qligi, rivojlanib kelayotgan shaxs ehtiyojlari va manfaatlariga beparvolik, ota-onalar tomonidan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qarovsiz bolaning psixofizik rivojlanishiga, axloqiy taraqqiyotiga jiddiy tahdid tug‘diradi. Maktab ana shunday bolalarni ijtimoiy muhofaza va reabilitatsiya qilish muammosini to‘la hal etish imkoniyatiga ega emas. Bunday bolalar ko‘pincha qarovsiz bolalar guruhiga o‘tib qoladi. Ular vokzallarda tunashadi, ko‘pincha och-nahor yurishadi, rivojlanishda esa anomaliyalarga ega.
Ba’zi maktab o‘quvchilari tomonidan spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish muammosi ayniqsa xavflidir. Buning sabablari: 1) qiziquvchanlik (alkogol menga qanday ta’sir qilar ekan?) – bunday hodisaga yo‘l qo‘ymaslik uchun ota-onalar o‘z farzandlarining xulq-atvorlarini muntazam nazoratda tutishlari, alkogolning inson tanasi, ayniqsa bola tanasi uchun qanchalik zarar keltirishini tushuntirib borishlari lozim; 2) maqsadi spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni qay yo‘l bilan bo‘lsa ham topish va birgalikda iste’mol qilish bo‘lgan yoshlar guruhiga qo‘shilib qolish, bunday o‘smirlar ko‘pincha past ruhiy taraqqiyot darajasiga ega bo‘lishadi, foydali jamoaviy faoliyatda va ko‘ngil ochishlarda ishtirok etishmaydi, o‘zlariga ishonchlari yo‘q va passiv bo‘lishadi. Bunday o‘quvchilarni spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishning halokatli oqibatlaridan ihotalash uchun ularni ma’naviy rivojlanishlari va o‘zlarini namoyon qilishlariga yordam beradigan sog‘lom tengdoshlari jamoasi faoliyatiga jalb qilish lozim.
Ichkilikbozlikka ruju qo‘yishning sabablaridan yana biri ba’zi o‘quvchilarning kriminal guruhlarga kirib qolishi bilan bog‘liq. Bunday hollarning tashabbuskori barcha ko‘ngil ochish va hordiq chiqarishning zaruriy sharti alkogol va giyohvand moddalar, deb hisoblaydigan yoshlar bo‘lishadi. Ularga irodasi zaifroq va qat’iyati yo‘q bolalar ergashadi. Bu hol birdamlik tuyg‘usi yuzasidan amalga oshiriladi. Bunday o‘quvchilar uchun mast bo‘lish o‘z-o‘zidan emas, balki o‘zini katta va mustaqil odam sifatida namoyon qilish uchun zarur. Bunday o‘quvchilarga hozirgi zamon shaxsining haqiqiy qimmatli sifatlarini tushuntirish, ana shularga ergashish istagini paydo qilish, foydali ish yordamida o‘z xarakterini shakllantirish, qobiliyatlarni rivojlantirish, o‘zligini namoyon qilishga o‘rgatish lozim.
Qizlarning ichkilikbozlikka berilishi shaxsning jiddiy deformatsiyaga uchraganidan dalolat beradi. Bunday hollarda hordiq chiqarish ustidan har tomonlama nazorat o‘rnatish va ularda haqiqiy axloqiy ustanovkalar va qadriyatlarni tiklash uchun tinimsiz va davomiy ish olib borish zarur bo‘ladi.
O‘smirlik yoshida surunkali alkogolizm hollari uchraydi. Ijtimoiy soha xodimi o‘smirlarni mast qilib qo‘yishga qarshi muayyan huquqiy me’yorlar mavjudligini bilishi lozim. Masalan, ularga spirtli ichimliklar sotish va ichish ma’n qilinadi. O‘quvchilarning mast holda paydo bo‘lishi ularning ota-onalariga jarima solishni keltirib chiqaradi. Balog‘atga etmaganlarga spirtli ichimlik ichirish ma’muriy javobgarlikka olib keladi, shunday hol xizmat yuzasidan bog‘liqlik sharoitida amalga oshirilsa, unda jinoiy jazo choralari ko‘riladi. O‘smirlarga muntazam tarzda spirtli ichimliklar ichirish ham xuddi shunday choralar qo‘llashga sabab bo‘ladi.
YOshlar tomonidan spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish hollariga qarshi kurashni hech qachon ma’n qilish yoki qoralash, chetdan bo‘layotgan ta’sirni bartaraf etish shakllari bilan cheklab bo‘lmaydi, buning uchun o‘quvchilar axloqini rivojlantirish, ularning qiziqishlarini kengaytirish yo‘lida katta ish bajarish lozim.
14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tomonidan huquqning buzilishi ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun sabab bo‘la olmaydi. Bolalar uchun ota-onalari yoki murabbiylari javob beradi. 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar faqatgina juda og‘ir jinoyat sodir etganliklari uchun sud orqali jazolanadilar, bunda ularga nisbatan qo‘llanadigan jazo choralari kattalarga nisbatan qo‘llanadigan jazo choralariga nisbatan ancha yumshoq bo‘ladi.
Ana shunday bolalarga yordam ko‘rsatish maqsadida oilaviy aloqalarni yo‘qotgan, internatda yashashni istamayotgan, qarovsiz, doimiy turar joysiz, yashash vositalarisiz qolgan bolalarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maxsus markazlari tuzilgan.