VIII. MEHNATGA HAQ TO’LASH. KAFOLAT VA KOMPENSASIYA TO’LOVLARI
8.1. Xodimlarga to’lanadigan ish haqi miqdori mehnat shartnomasida va tasdiqlangan shtat jadvaliga muvofiq belgilanadi hamda ko’rsatilgan pulli xizmatlardan va O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablag’lardan to’lanadi.
Xodimlar mehnatiga haq to’lash Mehnatga haq to’lash yagona tarif setkasining razryadlari bo’yicha amalga oshiriladi. Yagona tarif setkasi bo’yicha boshlang’ich razryad birinchi razryad hisoblanadi.
Tuman AKMda ish haqi to’lovlari Yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo’lmasligi kafolatlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-dekabrdagi PQ-4939-son Qaroriga binoan, Kasaba uyushmasi qo’mitasi xodimlarining mehnat huquqlarini himoya qilishni ta’minlab, ularning malaka darajasini hisobga olgan holda ish haqi to’lanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatadi.
8.2. Mehnatga haq to’lash bo’yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari yanada takomillashtirilganda, bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini ham ko’rib chiqish Kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan kelishgan holda, ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko’ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensasiya qilinishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 281-, 286-moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan kafolatli to’lovlar, kafolatli qo’shimcha to’lovlar, kompensasiya to’lovlaridan tashqari Tarmoq kelishuvi va mazkur Shartnoma bilan belgilangan boshqa kafolatli to’lovlarni, kafolatli qo’shimcha to’lovlarni, kompensasiya to’lovlarini ham to’lashi shart.
8.3. Ish beruvchi belgilangan tartibda har yarim oyda kamida bir marta xodimlarga ish haqi to’lashni o’z zimmasiga oladi:
- oyning birinchi yarmi uchun har oyning 15 (sanasigacha);
- oyning ikkinchi yarmi uchun keyingi oyning 5 (sanasigacha).
Haq to’lanadigan kun dam olish kuni yoki bayram kuniga to’g’ri kelib qolsa, mehnat haqi shu kun arafasida to’lanadi.
Har bir xodim tegishli davrda unga to’lanadigan ish haqining tarkibiy qismlari, ushlab qolingan pul miqdorlari va uning asoslari, shuningdek to’lanadigan umumiy pul summasi to’g’risida xabardor qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 333-moddasiga asosan, Ish beruvchi ish haqini, ta’til to’lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to’lovlarni va (yoki) xodimga to’lanishi lozim bo’lgan boshqa to’lovlarni to’lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to’lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o’z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o’sha vaqtda amalda bo’lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensasiya) bilan birga to’lashi shart.
Xodimga to’lanishi lozim bo’lgan pulli kompensasiyaning miqdori O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o’n foizi miqdorida belgilanadi.
8.4. Kutubxona xodimlariga umumjamoa mehnat yutuqlariga har bir xodim qo’shgan hissasini, shuningdek haqiqiy mehnat qilgan kunlari nazarga olinib, mukofotlar, ish doirasining ko’lami ortganligini inobatga olgan holda shaxsiy qo’shimcha haqlar to’lashni, Kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan kelishgan holda, ishlab chiqilgan Nizomlar asosida amalga oshirishni Ish beruvchi o’z zimmasiga oladi (5-ilova).
8.5. Xodimlarning ish haqi 100 foiz miqdorida plastik kartochkaga o’tkazib beriladi.
8.6. Xodimlarning xizmat doirasi kengayganligi, biror xorijiy tilni bilishi, kompyuter texnologiyalarini yaxshi bilishini inobatga olib, ularning mehnat haqi miqdori mehnat shartnomasining tomonlar o’rtasidagi kelishuviga binoan lavozim maoshining 25 foizidan 75 foiz miqdorigacha (Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg’armasi mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to’g’risidagi Nizomi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2012-yil 4-apreldagi 98-son Qarori 4-ilovasi) belgilanadi.
8.7. Xodimlarni mukofotlash, kutubxonaning mukofotlash Qoidasiga asosan amalga oshiriladi (5-ilova).
8.8. Ish beruvchi ustamalar hajmini har bir xodimning bajarayotgan ish sifati va qo’shayotgan hissasiga qarab belgilab, ish sifati susaygan holda barcha ustamalarni bekor qilishga haqli. (“Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg’armasi” mablag’lari hisobidan belgilangan ustamalar bundan mustasno).
8.9. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarorida belgilangan normativlar asosida amalga oshiriladi.
8.10. O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safarlari uchun to’lanadigan kompensasiyalar (O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2015-yil
19-oktyabrda 92-son bilan tasdiqlangan, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 19-noyabrda ro’yxatdan o’tkazilgan, ro’yxat raqami 2730) “Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari O’zbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablag’lar berish tartibi to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” binoan amalga oshiriladi.
8.11. 11-noyabr “O’zbekiston kasaba uyushmalari kuni” arafasida Tuman AKM kasaba uyushmasi qo’mitasi a’zolarini mehnatga haq to’lashning bazaviy hisoblash miqdoridan 1 – 10 barobari miqdorida rag’batlantirilishi mumkin.
8.12. Mehnat normalarini ishlab chiqish ish beruvchi tomonidan mehnatning aniq tashkiliy-texnologik sharoitlarida xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi uchun mehnat sarflarini tahlil etish asosida amalga oshiriladi.
Mehnat normalarini joriy etish, almashtirish va qayta ko’rib chiqish Ish beruvchi tomonidan Kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Mehnat normalarining joriy etilishi, almashtirilishi va qayta ko’rib chiqilishi to’g’risida xodim ular joriy etiladigan, almashtiriladigan, qayta ko’rib chiqiladigan kundan kamida ikki oy oldin ogohlantirilgan bo’lishi kerak.
Ayrim xodimlar yoki ularning jamoaviy tuzilmalari (brigadalari) tomonidan o’z tashabbusi bilan mehnatning yangi yo’llari va usullari qo’llanilishi hamda ish o’rinlarini takomillashtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishning (xizmatlar ko’rsatishning) yuqori darajasiga erishish ilgari belgilangan mehnat normalarini qayta ko’rib chiqish uchun asos bo’la olmaydi.
8.13. Ish beruvchi quyidagi kafolatli qo’shimcha to’lovlarni amalga oshirishi shart:
a) ish beruvchiga va xodimga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra bekor turib qolish chog’ida bunday bekor turib qolish davom etgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan, tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini to’lashi;
b) ish beruvchiga va xodimga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra xodim tomonidan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda xodimning amalda ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini saqlab qolishi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 281-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatli qo’shimcha to’lovlardan tashqari ish beruvchi xodimlarga ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilangan boshqa kafolatli qo’shimcha to’lovlarni amalga oshirishi shart.