Etnopsixologik tadqiqotlarda qo`llaniladigan metodlar
Etnopsixologik tadqiqotlarda xilma-xil uslub va metodlar qo`llaniladi. Chunki bunday
tadqiqotlarda shaxs xususiyatlarini o`rganuvchi
turlicha testlardan tortib, proektiv
metodlar, eksperimentlarning turlicha ko`rinishlari, so`roq metodlari — anketa,
intervyu, sotsiometriya, shakl metodlari va boshqalar ishlatiladi. Bu metodlar hozirgi
kunlarda ham ''madaniy muhit va shaxs", guruhlararo munosabatlar hamda boshqa
tadqiqotlarda qo`llanilmokda. Bunday ishlarni faqatgina ijtimoiy psixologlar emas,
balki umuman psixologiya bilan shug`ullanuvchi olimlar ham o`tkazmokdalar. Lekin
shunday bo`lishiga qaramay, etnopsixologik metodlarni hammaga ham birday
qo`llash to`g`ri kelmasligi tufayli ularning tanqisligi sezilarlidir. Chunki
etnopsixologiya muammosi bilan shug`ullanishni maqsad qilib qo`ygan har bir
tadqiqotchi yo mavjud metodikalardan birini qayta o`zgartirishga, yoki bo`lmasa,
o`zicha yangi metodni kashf qilishga majbur bo`lmokda. Nihoyat, etnopsixologik
metodlarni qo`llashning noqulayligi shundaki, masalan, Amerikada juda yaxshi natija
berib, ishonchli ma’lumotlar to`plangan metodika Osiyo mamlakatlari yoki bizning
jumxuriyatimiz sharoitida umuman hech narsani o`lchamasligi mumkin. Shuning
uchun ham hozirda butun jahon olimlari har qanday madaniy muhitdan ham yuqori
turadigan, universal test yoki metodika yaratish fikrining asossizligi haqida umumiy
fikr bildirmoqdalar
.
Etnopsixologik tadqiqotlar o`tkazishni maqsad qilib qo`ygan
har qanday tadqiqotchi
asosiy prinsiplar sifatida madaniy muhit sharoitlarining xilma-xilliga va ularning
o`zaro bir-birlariga ta’sir ko`rsatishini inobatga olmog`i zarur. Bu narsa
etnopsixologik tadqiqot dasturini tuzishda albatta, hisobga olinishi kerak Misol uchun,
O`zbekiston sharoitida tadqiqot o`tkazilmoqchi bo`linsa, quyidagi narsalarga e’tiborni
qaratish lozim: bu sharoitida yashovchi barcha millatlarga xos bo`lgan umumiy
psixologik omillar
va ularni aniqlash usullari; faqat o`zbek millatiga xos bo`lgan
psixologik sifatlar
va omillarni aniqlash; aniqlangan omillarni yoki psixologik
sifatlarnn o`lchaydigan yoki eksperimental usulda tekshirishga imkon beradigan
metodlarni tanlash va ularni konkret sharoitlarga moslash; tadqiqotchilar guruhini
tekshirilayotgan milliy guruh tilini, urf-odatini biladigan xodimlar bilan ta’minlash.
Chunki, tadqiqot ob’ekti hisoblangan guruhda o`sha guruh tilida tadqiqot o`tkazish
kerak, bu orqali esa tekshiriluvchilarga qo`yilgan har bir talab,
savol va topshiriqlar
ular uchun tushunarli bo`lishi ta’minlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, u yoki bu milliy guruh psixologiyasini, undagi etnik
stereotiplarni tekshirishga qaratilgan maxsus metodlar yo`q, shuning uchun ham
tadqiqotlar mavjud metodlar orasidan keragini tanlab, ularni joy sharoitlariga
moslashtirish zaruratini tug`diradi va buning uchun zarurat bo`lsa bu metodlarni u
tildan bu tilga tarjima qilish ham kerakdir. Tarjima xususida shuni aytish kerakki,
maxsus psixologik testlar yoki metodlarni (anketalar, so`roqlar, shkalalar savollarini)
tarjima qilish tarjimondan yuksak bilimdonlik va professional sifatlarni talab qiladi.
Aks holda, metodika o`z qimmatini yo`qotishi yoki kerakli sifatni aniqlamasligi yoki
o`lchamasligi mumkin. Hattoki, noverbal (og`zaki berilgan) testlarni turli sharoitlarda
qo`llab, olingan ma’lumotlarni sharhlash bosqichida uning mazmuni yoki maqsadi
o`zgarganligi ko`plab tadqiqotlarda isbotlangan. Shuning uchun ham har qanday
metodik uslubni qo`llashdan oldin uni kichikroq guruh doirasida sinab ko`rish va
natijalarni ekspertlarga berib yoki boshqa yordamchi
metodlar yordamida qayta
sinovdan o`tkazish yo`li bilan tekshirib olish maqsadga muvofiqdir.
Konkret etnopsixologik tadqiqotlarga qo`yiladigan yana bir talab — tadqiqotni tabiiy
sharoitlarda, tekshiriluvchilar uchun tanish bo`lgan joylarda qisqa ko`rsatmalar
berish
yo`li bilan o`tkazishdir. Chunki etnopsixologik tadqiqotlarda ko`pincha
turli yosh,
kasb va ma’lumotga ega bo`lgan shaxslar ishtirok etadilar.
Shuning uchun ham
ularning barchasi uchun tushunarli, aniq topshiriqlar
tizimini tuza olish ham
psixologdan qator professional malakalarni talab qiladi. Metodik uslublar milliy
psixologiyani o`rganishda millatning ko`p qirralarini, psixologik holatini aniqlashga
imkon beradi. Bu esa tadqiqotchining uslubiy tayyorgarlik darajasiga bog`liqdir.