Zamonaviy san’at turlari. Texnikaviy yutuqlar asosida vujudga kelgan zamonaviy san’at
turlari insonning har qanday qulay sharoitdan yangi san’at turi yoki asarlarini yaratish uchun
foydalanishini ko‘rsatadi, insondagi san’atga bo‘lgan azaliy va abadiy intilishidan dalolat beradi.
Bir paytlar, o‘ta ratsional, san’at bilan sig‘ishmaydigan, qo‘pol deb hisoblangan texnikadan
hozirgi paytda inson ildizi noratsionallikka borib taqaladigan badiiy qiyofa yaratish uchun
foydalanmoqda. SHuning natijasi o‘laroq, keyingi bir yarim asr ichida bir necha zamonaviy
(texnikaviy) san’at turlari paydo bo‘ldi va rivojlandi.
Fotosan’at. XIX asrning 20-30-yillarida fransuzlar J.Nens, L.Dager, ingliz U.Tolbot
tomonidan shahar manzaralari, mevalarning rassomlik san’atidagi ko‘rinishlarini optika va
kimyo yordamida suratga ko‘chirish amalga oshiriladi. Uni dastlab «fotogeniya», «fotogenik
san’at» deb, keyinroq esa, uni rassomlik san’atidagi rangtasvir va grafikaga yaqinligi nazarda
tutib, «fotografiya» degan nom bilan atashdi. Muhimi shundaki, suratga tushirishni
badiylashtirish, fototexnika asosida san’at asari yaratish boshlandi. Ayni paytda, endi
rangtasvirning kuni bitdi, degan, shoshib aytilgan fikrlar ham o‘rtaga tashlandi.
Badiiy suratkashlikning, ya’ni nurtasvirning rangtasvirdan farqi va eng muhim belgisi – bu
uning hujjatlilik xususiyati, undagi har bir suratga olingan hodisa real asosga ega. Rassom o‘zi
tanlagan syujet tasvirida tasavvur va xayolotga keng o‘rin beradi, fotosan’atkorda bu imkoniyat
yo‘q, u tasvir ob’ektini real, hayotdagi holatida qanday bo‘lsa, shunday suratga tushiradi. Lekin u
ob’ektning «yalt» etgan jonli ko‘rinishini topa bilishi va o‘sha jonlilikni saqlab qoladigan
nuqtadan turib ijod qilishi, ba’zan ob’ektning ishiga aralashishi, uni muayyan ruhiy yoki
manzaraviy holatga kelishi uchun ko‘maklashishi kerak bo‘ladi. Biroq u rassomning erkin