2. Umumiy o‘zaro aloqa va rivojlanishning dialektik tamoyillari. Har qanday konsepsiyaning
mazmunini yoritishda uning tamoyillarini tahlil qilish, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi.
Dialektika ham bundan mustasno emas. Tamoyillar nima?
Falsafiy ma’noda «tamoyil»(prinsip) tushunchasi fundamental qoida,birinchi asosni, biron-bir
konsepsiya yoki nazariyaning eng muhim asosini anglatadi. Falsafiy nazariya sifatidagi
dialektikaga tamoyillar yaxlit tus beradi, uning qonunlari va kategoriyalarini izchil tizimga
soladi. Dialektikaning hozirgi konsepsiyalarida umumiy aloqadorlik va rivojlanish, tarixiylik,
sababiylik, tizimlilik kabi tamoyillar muhim rol o‘ynaydi. Quyida bu tamoyillarni tahlil qilamiz.
Umumiy aloqadorlik tamoyili. Rang-barang dunyoda har bir ob’ekt ko‘p sonli xossalarga ega
bo‘lib, ular boshqa ob’ektlar bilan o‘zaro aloqa jarayonida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib
aytganda, har qanday tuzilma boshqa tuzilmalar bilan aloqaga kirishish orqali namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, har bir ob’ekt o‘zga ob’ektlar bilan qonuniy bog‘lanadi va bu ob’ektlar bilan
o‘zaro ta’sirga kirishish jarayonida ishtirok etadi.
Aloqa. Falsafada aloqa deganda makon yo vaqtda bir-biridan muayyan masofada uzoqlikda
joylashgan ikki yoki bir necha hodisa yoki ob’ektning o‘zaro aloqa jarayoni tushuniladi.
Ob’ektlar diskretlik, shakllanganlik va nisbatan mustaqillikdan mahrum bo‘lgan joyda aloqalar
mavjud bo‘lishi mumkinmi? O‘z-o‘zidan ravshanki, shakllangan, nisbatan mustaqil narsalar
mavjud bo‘lmagan joyda aloqa mavjudligini taxmin qilish ham mumkin emas. SHu sababli
umumiy aloqa kategoriyasi «narsa», «uzluklilik», «uzluksizlik», «cheksizlik»,«tuganmaslik»
tushunchalari bilan tavsiflanadi. Hozirgi ilmiy bilimga tayanuvchi borliqning falsafiy talqini
olamning universal yaxlitligini, dunyoning birligini ochib beradi. Dialektika kategoriyalari
borliqning universal aloqalarini bilish shakli hisoblanadi.
Aloqalarning universalligi ularning tiplari va turlarining rang-barangligida namoyon bo‘ladi.
Aloqalarni tasniflash turli asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi. Xususan, bir tomonlama va o‘zaro
aloqalar, to‘g‘ri va egri aloqalar, bevosita va bilvosita aloqalar, ichki va tashqi aloqalar
farqlanadi. Hajm jihatidan aloqalar umumiy, alohida va xususiy bo‘lishi mumkin. Mazmun
jihatidan genetik, funksional, strukturaviy, energetik, moddiy, informatsion va boshqa aloqalar
farqlanadi. Aloqalarning butun rang-barangligi fanning qaysidir bir tarmog‘i doirasida tadqiq
etilishi mumkin emas. Ularning muayyan turlari maxsus fanlarning predmeti hisoblanadi.