5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA KATEGORIYALARI 69
Dialektika borliqning barcha jarayonlariga xos bo‘lgan umumiy, muhim, universal aloqalarni
o‘rganadi. Fan borliqning universal qonunlarini tashkil etadigan ichki, zaruriy, muhim,barqaror,
takrorlanuvchi aloqalarga alohida e’tibor beradi. Umumiy aloqalar dialektika kategoriyalarida
yoritiladi.
O‘zaro aloqa. Real voqelikda har bir muayyan ob’ekt ko‘p sonli sababiy zanjirlarning murakkab
«tuguni» hisoblanadi. U boshqa ob’ektlardan ta’sirlanish bilan bir vaqtda o‘zi ham ularga aks
(reaktiv) ta’sir ko‘rsatadi. «Tashqi» va «ichki» sababiy zanjirlar unda uyg‘unlashadi, kesishadi
va tarmoqlanadi. Ular bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va bu o‘zaro aloqa ob’ektda yuz
beruvchi barcha jarayonlarning negiziga aylanadi.Ob’ektni bilish uchun pirovard natijada unda
vujudga kelgan sababiy aloqalar «tuguni»ni echish talab etiladi. Barcha hodisalar mohiyatiga
izohni o‘zaro aloqadan izlash kerak. U hodisalarning barcha xossalari va xususiyatlarini
belgilaydi, amalda mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlar, tasodiflar va zaruriyatlarning
manbalarini o‘zida mujassamlashtiradi. O‘zaro aloqani tushunish umuman ob’ektni tushunish
demakdir. Ammo har qanday ob’ekt boshqa ob’ektlar bilan o‘zaro aloqa qilgani bois,uning
barcha o‘zaro aloqalarini bilish uchun undan boshqa ob’ektlarni o‘rganishga,ulardan – uchinchi
ob’ektlarga o‘tishga to‘g‘ri keladi va hokazo. Ayrim ob’ektning tabiatini belgilovchi o‘zaro
aloqani bilish jarayoni cheksizdir. Paskal ta’biri bilan aytganda, to‘g‘nag‘ich kallagini bilish
uchun butun Olamni bilish talab etiladi.
Aloqa uchun asos. Aloqa, aloqa uchun asos va aloqa shart-sharoitlari tushunchalarini farqlash
lozim. Aloqa yuzaga kelishiga imkoniyat yaratuvchi ayrim xossa, belgi yoki munosabat aloqa
uchun asos bo‘ladi. Asosning mavjudligi aloqa o‘rnatish uchun zarur, lekin etarli emas, chunki
uning o‘rnatilishi doim emas, balki muayyan sharoitdagina yuz beradi. SHart-sharoitlar – bu
avvalo predmet mavjud bo‘lgan muhitdir. U aloqa o‘rnatish uchun qulay yoki noqulay bo‘lishi
mumkin. SHart-sharoitlar o‘z holicha aloqa o‘rnatish omili bo‘lishi mumkin emas, ular faqat
aloqa yuzaga kelishiga ko‘maklashadi yoki monelik qiladi.
Narsalar o‘rtasida aloqa biron-bir muayyan asosga ko‘ra yuzaga keladi. Umumiy asos ayrim
umumiy asosga ega bo‘lgan turli ob’ektlar o‘rtasida umumiy aloqa yo‘lini ham vujudga keltiradi.
Masalan, muayyan manfaat guruhlari o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun siyosiy guruhlarga
birlashadilar, mamlakatdagi siyosiy muhitga kuchli ta’sir ko‘rsatadilar. Ammo boshqa, masalan,
etnik, diniy va boshqa asoslarga ko‘ra ular o‘zaro bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin. SHunday
qilib, mazkur misolda aloqa yo‘li aloqa yuzaga kelishi uchun asos, boshqa belgilar – buning
shartlaridir. O‘zaro aloqa umumiy xususiyat kasb etadi, u butun borliqqa xosdir. SHu sababli
aloqa tushunchasi dialektikada eng umumiy tushunchalardan biri hisoblanadi. Boshqa barcha
kategoriyalar o‘zaro aloqaning muayyan turlari bilan tavsiflanadi.