7-MAVZU: TARIXIY JARAYONDA JAMIYATNING MADANIY VA MA’NAVIY QADRIYATLARI. JAMIYAT VA TARIX FALSAFASI 109
tarqatilayotgan yangi qadriyatlarga moslashishga majbur etuvchi davrlarda alohida ahamiyat
kasb etadi. Qadriyatlar va mo‘ljallarni yo‘qotish yoki vujudga kelgan qadriyatlar tizimi-dan voz
kechish esa muqarrar tarzda jamiyatning tanazzulga yuz tutishi va parchalanishiga olib keladi.
Qadriyatlar – madaniyatning tizim yaratuvchi muhim omili. Qadriyatlar mazmuniga qarab butun
jamiyat haqida hukm chiqarish mumkin. SHu sababli, qadriyatlar nima, qadriyat va bahoning
o‘zaro munosabati qanday,qaysi qadriyatlar inson uchun eng muhim va qaysilari ikkinchi
darajali, degan savollar bugungi kunda olamshumul ahamiyat kasb etadi. Aksiologiyaning
predmetini barcha turdagi qadriyatlar, ularning tabiati, turli qadriyatlarning bir-biri, ijtimoiy va
madaniy omillar hamda shaxs strukturasi bilan aloqasi tashkil etadi. Aksiologiya ta’limotiga
ko‘ra, qadriyatlar muayyan normativ kategoriya bo‘lib, ular maqsad, ideal, mayl, intilish,
qiziqish predmeti sanalgan hamma narsani qamrab oladi. Quyidagilar bu nazariyaning asosiy
tushunchalari va kategoriyalari hisoblanadi: yaxshilik, qadr-qimmat, foyda, ahamiyat, baho,
g‘alaba,hayotning mazmuni, baht, hurmat va hokazo.
«qadriyat» tushunchasining falsafiy mazmuni nimada ? Qadriyat mohiyati va tabiatining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Qadriyat o‘z mohiyatiga ko‘ra ijtimoiydir va ob’ekt-sub’ektli xususiyat kasb etadi. Ma’lumki,
jamiyat bo‘lmagan joyda qadriyatlar mavjudligi haqida gapirishning o‘zi behudadir. Zero,
narsalar, voqealar, ularning inson Bilan, sotsium hayoti bilan aloqasisiz, o‘z holicha qadriyatlar
bilan bog‘lanmaydi. Xullas, qadriyatlar doim insoniy qadriyatlar hisoblanadi va ijtimoiy
xususiyat kasb etadi. Bu insoniylashgan tabiatga, ya’ni butun sivilizatsiyagagina emas, balki,
hatto ko‘p sonli tabiat ob’ektlariga ham taalluqli. Masalan, kisloroddan iborat bo‘lgan atmosfera
Erda inson paydo bo‘lishidan ancha oldin mavjud bo‘lgan, lekin kishilik jamiyati vujudga
kelganidan keyingina atmosferaning odamlar hayoti uchun ulkan ahamiyati haqida so‘z yuritish
imkoniyati tug‘ilgan.
2. Qadriyat insonning amaliy faoliyati jarayonida vujudga keladi. Insonning har qanday faoliyati
muayyan maqsadni belgilashdan boshlanadi va mazkur faoliyat ayni shu maqsadga erishishga
bag‘ishlanadi. Maqsad – individga o‘zining muayyan ehtiyojlarini qondirish imkonini berishi
mumkin bo‘lgan faoliyatning pirovard natijasi haqidagi insonning tasavvuri. SHunday qilib,
individ o‘z faoliyatining mo‘ljallangan natijasiga avval-boshdanoq qadriyat sifatida qaraydi. SHu
sababli, inson natijaga erishishga qaratilgan faoliyat jarayonining o‘ziga ham o‘zi uchun muhim,
qadrli bo‘lgan jarayon sifatida yondashadi.
Albatta, insonning har qanday faoliyati va uning har qanday natijalari emas, balki ijtimoiy
ahamiyatga ega bo‘lgan, ijtimoiy ehtiyojlarga va odamlarning manfaatlariga mos keladigan
faoliyat va natijalargina qadriyatlarga aylanadi. Qadriyatlar qatoriga narsalargina emas, balki
g‘oyalar, munosabatlar, faoliyat usullari ham kiradi. Biz moddiy ne’matlarni ham, insoniy xatti-
harakatlar ezguligini ham, davlat qonunlarining odilonaligini ham, olamning go‘zalligini ham,
aqlning ulug‘vorligini ham qadrlaymiz.
3. «Qadriyat» tushunchasini «muhimlik» tushunchasidan farqlash lozim. qadriyat «muhimlik»
tushunchasi bilan nisbatlashadi, lekin u bilan ayniy emas. Muhimlik qadriyatga bo‘lgan
munosabatning faollik, qizg‘inlik darajasini tavsiflaydi. Nimadir bizni ko‘proq, nimadir kamroq
ta’sirlantiradi, nimadir bizni o‘ziga nisbatan butunlay befarq qoldiradi. SHuningdek, muhimlik
qadriyat xususiyatigagina emas, balki «aksilqadriyat», ya’ni ziyon xususiyatiga ega bo‘lishi ham
mumkin. YOmonlik, ijtimoiy adolatsizlik, urushlar, jinoyatlar va kasallik lar jamiyat va shaxs
uchun ulkan ahamiyatga ega, lekin bu hodisalarni qadriyatlar deb nomlash odat tusini olmagan.
Qadriyat tushunchasining yuqorida keltirilgan umumiy tavsifidan kelib chiqib, unga quyidagi
ta’rifni berish mumkin: «Qadriyat – bu borliq rang-barang elementlarining ob’ektiv ahamiyati
bo‘lib, ularning mazmuni jamiyat sub’ektlarining ehtiyojlari va manfaatlari bilan belgilanadi».