Bank-moliya tizimining barqarorligi – banklarning va boshqa moliya muassasalarining o’z majburiyatlari yuzasidan talablarga to’la javob bera olishi. Bu likvidlilik, kapitalning etarliligi, aktivlar sifati, rentabellik ko’rsatkichlari orqali aniqlanadi.
Birlamchi daromad– institutsion birliklar tomonidan milliy daromadning birlamchi taqsimlash natijasida olingan daromadlar: ish haqi, mulkdan olingan daromadlar, foyda, aralash daromad, ishlab chiqarish va import solig’idan iborat.
Bo’lajak umrning o’rtacha uzunligi– insoning shu mavjud avlod ichida tug’ilib kelajakda yashashi mumkin bo’lgan davrni ifodalaydi.
Barcha turdagi iqtisodiy faoliyatlarning xalqaro andozalar asosida tasniflash– makroiqtisodiy statistikaning muhim tasniflaridan biri hisoblanadi. Bunday tasniflash birligi qilib alohida korxona yoki muassasa olinadi va ular ishlab chiqarayotgan mahsulot yoki harajatlar tarkibi, yohud qo’yilayotgan texnologiyalari bir xil bo’lgan taqdirda ayrim tarmoqlarga birlashtiriladi.
Boshqa ishlab chiqarish soliqlari – ishlab chiqarish omillaridan foydalanganlik uchun to’lov, undan tashqari litsenziyalar va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnomalar uchun va rezident faoliyati uchun kerak bo’lgan boshqa to’lovlar kiritiladi. Ularga ish haqi, imoratlar, inshootlar, transport vositalari, tadbirkorlik va h.k.lar uchun to’lovlar misol bo’la oladi.
Bozor kon’yunkturasi – muayyan vaqt mobaynida tovarlar bozorining holatini tavsiflovchi vaqtinchalik iqtisodiy vaziyat bo’lib, quyidagi belgilar orqali aniqlanadi: ichki va tashqi savdodagi o’zgarishlar; ishlab chiqarish va qurilish dinamikasi; tovar zaxiralari harakati; narxlar dinamikasi va boshqalar.
Byudjet defitsiti – byudjet xarajatlarining byudjet daromadlaridan oshib ketishi natijasida vujudga kelgan taqchillik.
Davlat byudjeti – davlat daromadlari va sarflarining moliyaviy rejasi.