Iqtisodiy nochor korxonalar – muayyan miqdorda kapital yo’qotish, ishlab chiqarish maydonlarining qisqarishi, ishsizlar sonining ortishi, raqobatbardosh bo’lmagan maxsulot ishlab chiqaradigan va buning uchun katta miqdorda materiallar, xom ashyo, yonilg’i, mehnat resurslari sarflaydigan qoloq, samarasiz korxona.
Iqtisodiy o’sish – real yalpi ichki mahsulot umumiy hajmining yoki aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real yalpi ichki mahsulotning oldingi yilga nisbatan o’sishi.
Import – mamlakat ichki bozorlarida sotish uchun chet el mollarini, kapitalini, texnologiyasini va xizmatlarni olib kelish. Import xalqaro mehnat taqsimoti natijasidir. U vaqtni tejashga, iqtisodiyot, aholi ehtiyojini qondirish vazifalarini muvaffaqiyat bilan hal qilishga ko’maklashadi.
Investitsiya – bu iqtisodiy samara (foyda, daromad) olish yoki ijobiy ijtimoiy natijaga erishish uchun sarflanadigan pul mablag’lari, banklarga qo’yilgan omonatlar, paylar, qimmatli qog’ozlar (aktsiya, obligatsiyalar), texnologiyalar, mashinalar asbob-uskunalar, litsenziyalar va samara beradigan boshqa har qanday boyliklardir.
Investitsiya dasturi – ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida mamlakat yoki chet ellarda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga uzoq muddatli kapital kiritish uchun ishlab chiqilgan dastur.
Investitsiya kompleksi - investitsiya faoliyatini ta’minlovchi tashkilotlar, korxonalar va firmalar majmuasi.
Investitsiya muhiti – investitsiyalar jozibadorligi hamda xavf-xatar darajasini belgilab beruvchi ijtimoiy-iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy omillar majmui.
Investitsiya faoliyati - investitsiya maqsadlarini amalga oshirish bilan bog’liq faoliyat. Investitsiya kompleksi tashkilotlari orqali amalga oshiriladi.
Investitsiya faoliyati ishtirokchilari - buyurtmachilar, pudratchilar, etkazib beruvchilar, banklar, sug’urta kompaniyalari, loyihalovchilar, vositachilar, ilmiy-maslahat firmalari, o’z mamlakatidagi qonunchilikka ko’ra investitsiyaviy mulk egalari (tasarrufchilari) yoki buyurtmalardan foydalanuvchi sifatida qatnasha oluvchi xorijiy tashkilotlarni kiritish mumkin.
Investorlar - xususiy va qarzga olingan mulkiy va intellektual qiymatlarni sarflash haqida qaror qabul qiluvchi investitsiya faoliyati sub’ektlari. Investorlar ob’ektlar va investitsiya natijalariga egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish huquqiga ega bo’ladi. Investorlar kreditorlar va xaridorlar rolini bajarishlari, shuningdek, investitsiya faoliyatining boshqa ishtirokchilari funktsiyalarini bajarishlari mumkin.
Dostları ilə paylaş: |