Tadbirkorlikning asosiy tamoyillari
Ma'lumki, tadbirkorlik faoliyati uchun sarmoya, ish binolari, asbob-uskunalar, xomashyo va turli materiallar, mablag' hamda boshqa moddiy va nomoddiy resurslar zarur. Tadbirkorlik faoliyatida ishlatiladigan bu sarmoya tadbirkor mulki hisoblanadi. Tadbirkor ana shu mulkdan foydalanishda erkindir, ya'ni undan o'zi ma'qul ko'rgan maqsadlarda foydalanishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va tegishli qonunlarida fuqarolarning shaxsiy va xususiy mulki daxlsizligi va undan foydalanish erkinligi belgilab qo'yilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasi, turi, yo'nalishi, shakli, joyi, hamkorlari va boshqa jabhalarini tanlashda tadbirkor erkin bo’lib, uning bunday erkinligi ham qonunlar yordamida kafolatlangan.
Tadbirkor o'z faoliyatini tashkil etish, yuritish va uning natijasida oladigan daromad (foyda)ni ishlatishda to'la mustaqil hisoblanadi. Olgan foydasini o'zi xohlaganday mustaqil tasarruf etishi mumkin. Tadbirkorlik faoliyatida davlat va hokimiyat organlari, ularning mansabdor shaxslarining aralashuvi taqiqlangan. Tadbirkorlarning mustaqilligi ham tegishli qonun hujjatlarida kafolatlangan.
Tadbirkorlik faoliyati turli mulk shakllariga asoslangan bo'lishi mumkin: xususiy mulk, ommaviy mulk, aralash mulk. Mulkning barcha shakllarini teng huquqli ekanligi qonunlarda belgilab qo'yilgan.
Demak, qanday mulk shakliga asoslanganidan qat'i nazar, hamma tadbirkorlik subyektlari barcha sohada teng huquqli hisoblanadilar.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish, tadbirkorlik sohasida ishchi-xodimlar yollash va ishga yollanish ixtiyoriydir. Tadbirkor xohlagan kishini ishga yollashi mumkin, ishga yollanadigan kishi ham o'z ixtiyori bilan ish joyini tanlaydi va ishga kiradi. Lekin ishga yollash va ishga yollanish bo'yicha mehnat munosabatlari O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Tadbirkorlik faoliyati noaniqlik, tavakkalchilik bilan bog'liq. Bunday holat esa tadbirkorga o'z faoliyati davomida moddiy javobgarlikni o'z zimmasiga olishni taqozo etadi. Tadbirkorlik faoliyatidan zarar ko'rgan taqdirda butun zararni tadbirkorning o'zi qoplaydi va zararni qoplashda unga na davlat, na boshqa tashkilot yordam beradi. Shuning uchun tadbirkorlik bilan shug'ullanishda ko'r-ko'rona tavakkal qilib emas, balki puxta ishlab chiqilgan rejaga asosan ish yuritish kerak bo'ladi.
Ma'lumki, tadbirkorlik jamiyatda amal qiladigan qonunlar doirasida amalga oshiriladigan faoliyatdir. Tadbirkorlik faoliyati amaldagi umumiy va maxsus me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solib turiladi. Har bir tadbirkor o'z faoliyati sohasiga tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar, ularning talablari va ular yaratadigan imkoniyatlarni yaxshi bilishi lozim. Shundagina u o'zining qonuniy huquqlarini bilib oladi, huquqlari va manfaatlarini himoya qila oladi, o'z majburiyatlarini maqbul darajada bajaradi va turli qonunbuzarliklarga yo'l qo'ymaydi.
Shuni ham aytib o'tish kerakki, ayrim tadbirkorlar yuqorida ko'rib chiqilgan umumiy tamoyillarga qo'shimcha ravishda o'zlari uchun muhim hisoblangan alohida tamoyillar shakllantirib, ularga ham rioya etib keladilar. Masalan, amerikalik supermarketlar qiroli Sem Uolton o'zining quyidagi tamoyillariga amal qilgan:
barqaror daromad yuqori daromaddan yaxshiroq;
firmani kengaytirish uni boshqa firmalar bilan qo'shishdan yaxshiroq;
axborot bebahodir;
hamma narsada yoppasiga tejamkorlik;
ishlab chiqarish korxona ostonasida emas, balki savdo peshtaxtasida tugaydi.
Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida tadbirkorlar uchun bir qator ko'rsatmalar, maslahatlar ishlab chiqilgan. Quyida ulardan ayrimlari keltiriladi.
1. Tijoratli g'oyani topish. Tadbirkorning bozorga taklif etishi mumkin bo'lgan tovar, xizmatni aniq tasavvurqilishidir. Oldin tovarni ishlab chiqarib, so'ng uni sotishni o'ylash katta xatodir. Oldin ishlab chiqarilishi mumkin bo'lgan tovarlardan qaysilarini sotaolish mumkinligini aniqlash, undan so'ng ularni ishlab chiqarishga kirishish lozim. Doimo yangilik izlash kerak.
Dostları ilə paylaş: |