Tadqiqotni o‘tkazish jarayoni Ushbu metodika yakka tartibda ham, guruhiy usulda ham o‘tkazilishi mumkin. Sinfdagi o‘quvchilar guruhida o‘tkazilayotganda har bir o‘quvchiga bittadan savolnoma kitobchasi va bittadan javob varaqasi tarqatib chiqiladi. So‘ngra, tarqatilgan savolnomaning boshida keltirilgan tushuntirish xatini diqqat bilan o‘qib chiqishlariga da’vat etiladi. O‘quvchilar birin-ketin o‘qib bo‘lgach, 2-3 kishidan o‘z tushunganlarini gapirib berishlari so‘raladi. Hamma bajarilishi kerak bo‘lgan vazifani tushunganiga ishonch hosil bo‘lganidan so‘ng, vazifa yana bir marta dona-dona qilib tushuntiriladi:
Demak, ushbu test 27 savoldan iborat bo‘lib, ularning har biriga uch variantda javob keltirilgan.
Birinchi savolni va unga berilgan javoblarni o‘qing:
“Men, qachonki: A. Qilayotgan ishimni atrofdagilar qo‘llab-quvvatlashsa,
B. Biror ishni o‘zimga ma’qul, ko‘nglimdagidek qilib bajarsam,
C. Atrofimda yaxshi do‘stlarim borligini his etsam, o‘zimda katta qanoatlanish hosil qilaman”.
Javoblar orasidan Sizning ichki dunyongizga eng yaqinbo‘lgan javobni tanlang (faraz qilamiz – “B”). Endi javob varaqasining birinchi satridan tegishli harfini (“B”ni) topib, uning chap yoniga (“to‘g‘ri keladi” degan so‘zlar ostiga) belgi (“ ”) qo‘ying.
Birinchi savolni yana bir marta o‘qing. Endi qolgan ikki javob variantlari (“A” va “C”) orasidan Sizning nazaringizga eng kam to‘g‘ri keladiganini yoki Siz uchun qimmati eng past bo‘lganini tanlang (faraz qilamiz – “A”). So‘ngra javob varaqasining yana o‘sha birinchi satridan tegishli harfini (“A”ni) topib, uning o‘ng yoniga (“to‘g‘ri kelmaydi” so‘zlari ostiga) belgi (“ ”) qo‘ying. Uchinchi javob varianti esa (bizning misolda –“С”) hech qayerda belgilanmaydi.
Keyingi savolga o‘ting.
Demak, har bir satrga ikkitadan “ ” belgisini qo‘yishingiz kerak bo‘ladi: birinchisi - A, B yoki C variantlaridan birining “to‘g‘ri keladi” ustunidagi katakchasiga, ikkinchisi - shu variantlarning “to‘g‘ri kelmaydi” katakchasiga. Birorta savolni javobsiz qoldirmang. Savollar ustida uzoq o‘ylanib o‘tirmang. Ba’zan bir vaqtning o‘zida ikkita yoki uchala variant javoblar tengdek tuyulishi mumkin: diqqat qiling va o‘zingizga savol berib, ogohona javob berishni mashq qiling. Eng to‘g‘ri javob xayolga birinchi kelgan javobdir. Marhamat boshladik.
Tushuntirish xati o‘quvchilar bilan to‘liq muhokama etilishi va barcha o‘quvchilar qanday ish bajarishlarini aniq tasavvur qilishlariga erishish lozim. Eng muhimi o‘quvchi o‘z-o‘zini imtihon qila olishi, o‘zining xislatlarini ongli ravishda tahlil qilishga o‘rgatib ulgurish kerak. Ya’ni bola har bir savolga javob berishda o‘zidan so‘ray olishi kerak. Shundagina olingan ma’lumotlar jiddiy va haqqoniy bo‘ladi.