Biror qismi frazeologik ibora yoki murakkab tushunchani bildiradigan turg‘un birikma bilan ifodalanadigan so‘z birikmasi ham oddiy so‘z birikmasiga mansub bo‘ladi. Masalan: yulduzni benarvon uradigan odam, Fanlar akademiyasi institutlari kabi.
Murakkab so‘z birikmasi. Bunda birikmaning qismlaridan biri yoki har ikkisi so‘z birikmasi bilan ifoda etiladi. Masalan, mehnat qilishni sevadigan odam, odamlarga xayrixoh bo‘lgan kishi kabi so‘z birikmalarining tobe a’zosi («mehnat qilishni sevadigan», «odamlarga xayrixoh bo‘lgan») so‘z birikmasi shaklida qo‘llanib, hokim so‘zga bitishuv yo‘li bilan bog‘langan.
Murakkab so‘z birikmasining biror qismi, ko‘pincha tobe qismi predikativ birlik, predikativ bog‘lanma bilan ham ifodalanishi mumkin: qiliqlari yoqimli bola, ota-onalarimiz bergan nasihatlar kabi birikmalarning tobe a’zosi («qiliqlari yoqimli», «ota-onalarimiz bergan») gapga teng qurilma, ya’ni predikativ birlik, predikativ bog‘lanma bilan ifodalangan.
Sintaktik aloqa turlari
So‘zlarning, shuningdek, gaplarning orasidagi bog‘lanish, aloqa ikki xil bo‘ladi:
1) teng bog‘lanish, yoki teng aloqa;
2) tobe bog‘lanish, yoki tobe aloqa.
Teng bog‘lanish
sintaktik jihatdan teng huquqli bo‘lgan, biri ikkinchisiga bo‘ysunmagan so‘zlarning yoki gaplarning aloqasidir. Bunda teng aloqadagi so‘zlar yoki gaplar o‘zaro teng bog‘lovchilar, teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar, sanash ohangi (ohang) yordamida munosabatga kirishadi.
Masalan: 1. Beminnat qilingan ezgulik eng maqbul va go‘zal ezgulikdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). 2. Bilmaslik ayb emas, bilishni istamaslik aybdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur).
Birinchi misolda eng maqbul, go‘zal sifatlari o‘zaro teng bog‘lanib, gapda uyushiq sifatlovchilar vazifasini bajargan. Ikkinchi misolda esa Bilmaslik ayb emas va Bilishni istamaslik aybdir gaplari bir-biri bilan teng aloqaga kirishgan.