Bunda modal so‘z birikmaning hokim so‘zi sifatida keladi. Birikma boshqaruv yo‘li bilan tuziladi: bizga kerak, o‘quvchilarda bor.
Sifatli, ravishli, modal so‘zli birikmalar ham fe’lli birikma singari so‘z shakl bilan so‘z (leksema)ning o‘zaro bog‘lashi natijasida hosil qilinadi.
So‘z birikmalari, tobe a’zoning sintaktik vazifasiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi:
So‘z birikmalari, tobe a’zoning sintaktik vazifasiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi:
aniqlovchili birikma;
to‘ldiruvchili birikma;
holli birikma.
Aniqlovchili birikma
Bunday birikmalarning tobe a’zolari aniqlovchining barcha turlari vazifasini bajaradi. Shunga ko‘ra ularni: 1) sifatlovchili birikma; 2) qaratuvchili birikma; 3) izohlovchili birikmalarga ajratish mumkin. Masalan: yozma ish, ilmiy maqola, beshta kitob, allaqanday ovozlar – sifatlovchili birikma; iqtisodiyotning taraqqiyoti, maktab hovlisi - qaratuvchili birikma; o‘qituvchi Salimova, professor Qodirov - izohlovchili birikma.
Aniqlovchili birikma
bitishuv va boshqaruv yo‘li bilan tuziladi.
To‘ldiruvchili birikma
Tobe a’zosi to‘ldiruvchi vazifasini bajaradigan so‘z birikmasi to‘ldiruvchili birikma deb yuritiladi. Bunda qismlar o‘zaro boshqaruv yo‘li bilan birikadi. Masalan: yoshlarga nasihat qilmoq, odamlarni qadrlamoq, talabalar uchun darslik, ilm-fan haqida so‘zlamoq.
Holli birikma
Bu xil so‘z birikmalarining tobe qismi hol vazifasini bajaradi. Holli birikmaning tobe va hokim a’zolari o‘zaro bitishuv yoki boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi: yangicha fikrlamoq, birga ishlamoq, maktabdan qaytmoq, erta boshlamoq.
So‘z birikmalari tuzilishiga ko‘ra 2 xil bo‘ladi: 1) oddiy so‘z birikmalari, 2) murakkab so‘z birikmalari.
Oddiy so‘z birikmasi. So‘zshakl bilan so‘z (leksema)ning yoki ikki so‘zshaklning bog‘lanmasi oddiy so‘z birikmasi hisoblanadi: keng dala, tekisroq yo‘l, tinchlikka da’vat qilmoq, davlatlarning hamdo‘stligi, maktab hovlisi.