Vatanparvarlik va baynalmilalchilikni tarbiyalash. Jamiyatimizda vatanparvarlik tarbiyasini baynalmilalchilik tarbiyasisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Buning uchun tabiat muhofazasi katta material beradi. Shunga ko’ra vatanparvarlik tarbiyasini atrof tabiatni o’rganish bilan boshlash kerak. Bolalikdan yaqin bo’lgan jonajon o’lka tabiati inson uchun doimiy yo’ldir. Ayni paytda u «Vatan» to’g’risidagi keng tushunchaning tarkibiy elementidir.
O’lkashunoslik ishlari, maktab uchastkasidagi mehnat, ekskursiyalarda jonajon o’lkani o’rganish o’quvchilar xotirasida chuqur iz qoldiradi, o’z o’lkasiga muhabbatni mustahkamlaydi, uning boyliklarini qo’riqlash, ulardan oqilona foydalanish zarurligi to’g’risidagi ongni shakllantiradi. O’lka tabiati, uning boyliklari, xo’jalik xususiyatlari bilan tanishtirish o’quvchilarning sinfda olgan bilimlarini jamiyatimiz xalqining turmushi va mehnat faoliyati bilan bog’lashga yordam beradi. Masalan, «Foydali qazilmalar» va «Mamlakatimiz tabiatining xilma-xilligi» mavzulari. (3-4-sinf «Tabiatshunoslik» darsliklari)
Tabiatga muhabbat va uni saqlash hamda muhofaza qilishga intilishni tarbiyalash. Tabiatga muhabbat – katta va murakkab hissiyotdir. U yuqori ruhiy va aqliy doiralarni o’z ichiga oladi, murakkab psixik kompleksni hosil qiladi. Bu hissiyotni tarbiyalashni bolalikning erta yoshidan boshlash kerak, chunki bolada jonajon tabiatga muhabbat bilan birga jonajon o’lkaga, jonajon mamlakatga ko’ngil qo’yish o’sib boradi. Bolalikda tug’ilgan bu hissiyot maktab yillarida rivojlanib va boyib boradi, bunga ma’lum darajada tabiatshunoslik yordam beradi, u tabiat go’zalligini qabul qilishgagina emas, balki uni muhofaza qilishga, ularni faqat himoya qilibgina emas, balki ko’paytirishga o’rgatadi.
O’lkamiz fuqarolari tabiatni ehtiyot qilishlari, uning boyligini muhofaza qilishlari kerak degan iboraning ma’nosini tushuntira borib, uni M.Prishvinning: «Biz tabiatimizning egalari va biz uchun u – hayotning ulkan qimmatbaho narsalari bilan to’lgan quyosh omboridir. Bu qimmatbaho boylikni muhofaza qilish yetarli emas, ularni kashf qilish va ko’rsatish kerak. Baliq uchun toza suv kerak – suv havzalarini himoya qilishimiz kerak. O’rmonlarda, cho’llarda, tog’larda turlicha qimmatli hayvonlar bor – o’rmon, cho’l va tog’larimizni himoya qilaylik. Baliqqa – suv, qushga – havo, darrandaga – o’rmon, cho’l, tog’lar kerak. Insonga Vatan va tabiatni muhofaza qilish – demak, Vatanni himoya qilish kerak» degan ajoyib so’zlari bilan mustahkamlash mumkin.
Atrof-muhitga ongli munosabatni tarbiyalash uchun birinchi sinfdan boshlaboq atrofdagi olam bilan tanishtirish bo’yicha mashg’ulotlarda (tabiiy xarakterdagi maqolani o’qilgandan keyin) bolalar oldiga amaliy vazifalar qo’yish zarur.
Ikkinchi sinfda shu predmet bo’yicha bilimlar doirasi kengaytirilayotganda nazariy bilimlar, amaliy mashg’ulotlar (qishlovchi qushlarga yordam, yashil ko’chatlarni himoya qilish, erta gullovchi o’simliklarni qo’riqlash, hayvonlarga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish) bilan bog’lanadi.
Uchinchi sinfda tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo’yicha odamlar mehnatiga alohida e’tibor beriladi.
To’rtinchi sinfda tabiat muhofazasi bo’yicha bilimlar quyidagi tartibda sistemalashadi (muntazamlashadi): jonajon o’lka tabiati, Vatanimiz tabiati, insonning tabiatdan farqlanishi va uni qo’riqlashi. O’quvchilarni, tabiatni muhofaza qilish to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Qonunini bajarish degan xulosaga olib kelinadi. Konstitutsiyada yozilgan tabiat muhofazasi to’g’risidagi Qonun mamlakatimizda tabiatni qo’riqlash bo’yicha amalga oshirilgan siyosatning natijasida deb qaraladi, bu siyosat dastlabki tabiatni muhofaza etish hujjatlari bilan bog’langan.
Muhimi shundaki, tabiatshunoslik darslari o’quvchilarni bilim bilan boyitibgina qolmasdan, balki Vatan uchun iftixor tuyg’ularini ham mustahkamlaydi.
O’quvchilarni amaliy faoliyatga tayyorlash. Maktab O’zbekistonda rivojlantirilgan ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlari to’g’risida tasavvurlar berishi, jamiyat hayotida borayotgan jarayonlarning mohiyatini tushunib olishga yordam beruvchi bilim asoslarini shakllantirishi, kasbga yo’naltirishi, kelgusi amaliy faoliyatga tayyorlashda zarur bo’ladigan, amaliy o’quv hamda ko’nikmalarni singdirishi kerak.
Tabiatshunoslik darslarida, shuningdek tirik tabiat burchagi, maktab oldi uchastkasi va boshqalarda amaliy ishlar bajarish vaqtida kichik yoshdagi maktab o’quvchilari oddiy asboblarni ishlata olish, kuzatish va oddiy tajribalar o’tkazish bo’yicha amaliy o’quv hamda ko’nikmalarga ega bo’ladilar.
Maktab oldi uchaskasida qishloq xo’jaligi ishlarini bajarib, dala va fermalarda kattalarga yordam berib, o’quvchilar ta’lim-tarbiya maqsadlariga qaratilgan baholi qudrat unumli mehnatga kirishadilar. Ularda asta-sekin olingan bilimlarni amalda qo’llanish tabiat hodisalarini tushuntirish uchun, qishloq xo’jaligida har xil amaliy ishlar bajarish uchun ulardan foydalanish o’quvlari rivojlanadi. «Yashil patrullar» qishloq xo’jaligi zararkunandalarining paydo bo’lishini kuzatish bo’yicha postlarning ishida qatnashish, olingan bilimlarni to’ldiradi va kengaytiradi, o’quvchilarni tabiatga yaqinlashtiradi, tabiatga ongli munosabatni tarbiyalaydi.
Amaliy faoliyat o’quvchilarda mehnatga muhabbatni, ongli intizomni, maqsadga erishishda astoyidillikni, jamoada ishlash uquvini va boshqa foydali sifatlarni tarbiyalaydi
Shunday qilib, umumiy ta’lim maktablari boshlang’ich sinflarining tabiatshunoslik darslarida ham o’quvchilarga har tomonlama tarbiya berish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bunday tarbiyadan maqsad yosh avlodga ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, mehnatga o’rgatish, odob va axloq qoidalarini ularga singdirish, vatanaparvarlik va baynalmilalchilik ruhida tarbiyalash, estetik didni shakllantirish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylashga o’rgatishdan iborat.
Muammoli masalalar va topshiriqlar: 1. Boshlang’ich maktabda tabiatni o’rganish uchun qo’yilgan asosiy muammoli vazifalar haqida axborot tayyorlang.
2. Boshlang’ich sinflarni isloh qilishning asosiy yo’nalishlariga muvofiq, tabiatshunoslik dasturiga kiritilgan o’zgarishlarni tahlil qiling.
3. 1-2-sinf «Atrofimizdagi olam» darsliklarini tahlil qiling va o’quvchilarda vatanparvarlik hamda baynalmilalchilik tuyg’ularini tarbiyalaydigan maqolalarning nomlarini yozib chiqing.
4. 3-4-sinf «Tabiatshunoslik» darsliklarini tahlil qiling va o’quvchilarda moddiy dunyoqarash asoslarini shakllantirish tuyg’ularini tarbiyalaydigan maqolalarning nomlarini yozib chiqing.
5. Tabiatshunoslik kabineti va tirik tabiat burchagini rasmiylashtirish (bezatish) estetik tarbiyada qanday rol o’ynaydi?
6. «Boshlang’iya ta’lim» jurnallaridan boshlang’ich sinf tabiatshunoslik darslarida ekologik tarbiya berish haqidagi ilmiy maqolalar asosida axborot tayyorlang.
Bilimlarni tekshirish uchun savollar:
1. Tabiatshunoslik fanining ta’limiy vazifalarini izohlab bering.
2. Tabiatshunoslik darslarida mantiqiy tafakkurni rivojlantirish xususiyatlarini izohlab bering.
3. Boshlang’ich sinf tabiatshunoslik darslarida o’quvchilarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishning xususiyatlarini ko’rsating.
4. O’quvchilarga tabiatshnuoslik darslarida moddiy dunyoqarash asoslarini shakllantirishning ahamiyati.
5. Tabiatni estetik qabul qilishning ahamiyatini ko’rsating.
6. Estetik tarbiyada samarali foydalaniladigan vositalarni izohlab bering.
7. Estetik tarbiyaning asosiy vazifalari haqida tushuncha bering.
8. Tabiatshunoslik darslarida odobiy tarbiyaning tutgan o’rnini izohlab bering.
9.Tabiatshunoslik darslarida ekologik tarbiya berish xususiyatlari.
10.Vatanparvarlik va baynalmilalchilikni tarbiyalashda tabiatshunoslik fanining ahamiyatini ko’rsating.
11.Tabiatshunoslik darslarida tabiatga muhabbat va uni saqlash hamda muhofaza qilishga intilishni tarbiyalash yo’llarini ko’rsating.
12. O’quvchilarni amaliy faoliyatga tayyorlashda tabiatshunoslik fanining ahamiyati.
13. «Atrofimizdagi olam» (1-2-sinflar) va «Tabiatshunoslik» (3-4-sinflar) darsliklarining tarbiyaviy imkoniyatlari mavzusida amaliy mashg’ulot o’tkazishga tayyorlaning.
14. Tabiatshunoslik darslarida mehnat tarbiyasi va uni takomillashtirish xususiyatlari haqida ma’lumot bering.
15. Tabiatshunoslik darslarida jismoniy tarbiyaning mohiyatini izohlab bering.