Differensial tashxisi.
Buyrak karbunkulining differensial tashxisida eng
ko‘p qiyinchilik siydik oqimi buzilmagan bemorlarda va yiring o‘choqi buyrakning
po‘stloq qavatida joylashganda (siydik yo‘llari bilan aloqasi bo‘lmaganda)
kuzatiladi. Buyrak karbunkulining klinik simptomlari antibakterial davolash fonida
umumiy sust kechuvchi sepsis bilan namoyon bo‘lib, bemorning qoni ekib
ko‘rilganda mikroorganizmlarning topilishi uning eng ishonchli belgisi bo‘ladi.
Dinamik ssintigrafiya – buyrak karbunkulini izotopning nuqsonli to‘planishiga
qarab aniqlaydi. Ekskretor urografiya yoki retrograd pielografiya yordamida
aniqlanadigan zararlangan buyrakda nafas olish ekskursiyasining cheklanishi va
karbunkul zonasida rentgenkontrast moddaning to‘lish nuqsoni borligi, buyrakni
ultratovush bilan tekshirganda yuqorida ko‘rsatilgan o‘zgarishlar ko‘zga
tashlanishi buyrak karbunkuli tashxisi uchun asos bo‘ladi. Differensial tashxisida
kompyuter tomografiya (buyrak parenximasining zichligi va patologik o‘zgargan
to‘qimalar farqiga qarab) hamda magnit yadroli rezonans bilan tekshirish katta
yordam beradi.
Davolash.
Buyrak karbunkuli bo‘lgan bemorlarni juda ko‘p, hatto eng kuchli
zamonaviy antibakterial preparatlar bilan ham yiringli–nekrotik o‘choqni
yormasdan va drenajlamasdan turib tuzatib bo‘lmaydi.
Buyrak karbunkuli bor deb tashxis qo‘yish tezlik bilan operatsiya qilish;
lyumbotomiya, buyrak dekapsulyasiyasi, karbunkulni krestsimon yorish yoki kesib
olib tashlash va paranefriyni drenajlashni nazarda tutadi. Buyrakka bir nechta
rezina–dokali tamponlar qo‘yilib, jaroxatning orqa burchagi tikilmaydi. Buyrakdan
siydik oqimi buzilganda, uni nefro– yoki pielostomiya yo‘li bilan drenajlash kerak.
Operatsiyadan keyingi davrda ikkinchi sutkada tamponlar rezinali
chiqargichga almashtiriladi, jaroxat nekroz to‘qimalardan tozalanguncha uzoq
muddat davomida va yangi granulyasiya paydo bo‘lguncha drenajlanadi. Siydik
florasi va buyrak to‘qimasi antibiotikogrammasi ma’lumotlarini hisobga olib
antibakterial dorilar buyuriladi, dezintoksikatsion terapiya, davolash gimnastikasi
o‘tkaziladi. Operatsiyadan keyingi davrda kuchli yiringli yoki septik zaharlanish
bo‘lsa, bir qancha davolash tadbirlariga ekstrakorparal detoksikatsiya usullari
(gemosorbsiya, plazmosorbsiya, plazmaferez) kiritiladi Operatsiyadan keyin
bemorlar albatta uzoq muddatli (kamida 1 yil) dispanser kuzatuvida bo‘ladilar.
Buyrakda karbunkul ko‘p bo‘lganda ikkinchi buyrak intakt (jarayonga
aralashmagan) va uning funksiyasi yaxshi bo‘lsa, ayniqsa keksa va qari yoshdagi
bemorlarga nefrektomiya qilish maqsadga muvofiqdir.
|