Oila uning a'zolarining ijtimoiy guruhlariga qarab ham turlarga bo‘linadi; 1. Oila a'zolari bir xil ijtimoiy guruhga mansub oilalar.
2. Turli guruhga mansub oilalar:
Oilalarning o‘sha oila a'zolari miqdoriga qarab turlarga bo‘linishi uning demografik tarkibini tashkil etadi.
O‘zbekiston uchun shartli ravishda oilaning 3 ta demografik turga ajratish maqsadga muvofiqdir:34 1. Kichik oilalar — 2—4 kishi istiqomat etuvchi oilalar;
2. O‘rta oilalar — 5—6 kishi istiqomat etuvchi oilalar;
3. Katta oilalar — 7 va undan ortiq kishilar istiqomat etuvchi oilalar.
Oila sotsiologiyasi o‘rganadigan navbatdagi demografik jarayon bu nikohdir.
Ma'lumki, oila nikohdan boshlanadi. Nikoh jamiyat taraqqiyotining ma'lum bosqichida paydo bo‘ldi va qator ijtimoiy-iqtisodiy omillar, din, urf-odatlar, qadriyatlar ta'sirida shakllanib boradi. Nikoh va uning turlari, tarixiy evolyutsiyasi, uning turli xalqlar ijtimoiy guruhlar, xududlar bo‘yicha xususiyatlarini, nikoh. qonuniyatlarini, oilada mehnat taqsimotini va yoshlarni nikohga psixologik, iqtisodiy tomonidan tayyorlash va aholini nikohga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganish ham oila sotsiologiyasida muhim ahamiyatga egadir.
Oila tarkibida hamda rivojlanishiga bevosita ta'sir etuvchi demografik omillardan yana biri — nikohning bekor etilishi, ya'ni ajralishdir. Ma'lumki, oilada er-xotinning ajrashishi birinchi navbatda oilaning tarkibiga ta'sir etadi. Oila tugal oiladan, tugalmas oilaga aylanadi. Oilada farzandlar tug‘ilishi ma'lum darajada kamayadi. Bu esa, o‘z navbatida, oilani davom ettiruvchi avlod yaratilishiga, oilaning takror barpo bo‘lishiga salbiy ta'sir etadi. Oila sotsiologiyasi mustahkamligiga salbiy ta'sir etuvchi ajralish jarayonini o‘rganar ekan, uning sabablarini turli tarixiy davrlarda, davlatlarda, xalqlarda va ijtimoiy guruhlardagi xususiyatlarini ochib beradi.
Aholi migratsiyasi ham oilaning ijtimoiy-demografik tarkibiga ta'sir etuvchi omillardandir. Insonning bir ijtimoiy-iqtisodiy muhitdan ikkinchi ijtimoiy-iqtisodiy muhitga o‘tishi (masalan, shahardan qishloqqa, qishloqdan shaharga ko’chishi), uning oilaga bo‘lgan demografik, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlariga ta'sir etadi.