Chirishli (gangrenoz, ixoroz) yallig'lanish V. refringens singari chirituvchi bakteriyalar (patogen anaeroblar) ishtirokida boshlanadi. Odatda tashqi muhit bilan tutashib turadigan organlarda kuzatiladi (gangrenoz angina, pnevmoniya, chirik bronxit). Yallig'lanishning bu turi ko'pincha u yoki bu xildagi ekssudativ yallig'lanishning asorati tariqasida boshlanadi va to'qimalarning chirib, bir talay gazlar xosil qilishi bilan birga davom etib boradi (anaerob infeksiya).
GEMORRAGIK YALLIG'LANISH
Tomirlar o'tkazuvchanligi sezilarli darajada kuchayganida tomirlar o'zanidan eritrotsitlar ham chiqa boshlaydi. Eritrodiapedez leykodiapedezdan fark qilib, passiv jarayondir. Eritrotsitlarning tomirlar devoridan o'tib ketishi tomirlar ichida gidrostatik bosim ko'tarilishiga bog'liq. Tabiatan seroz, fibrinoz yoki yiringli bo'ladigan ekssudatga aralashib, eritrotsitlar bu ekssudatga gemorragik ekssudat tusini beradi. Bunday hollarda aralash xildagi yallig'lanish, masalan, seroz-gemorragik, fibrinoz-gemorragik yallig'lanish boshlanadi. Sof shakldagi gemorragik yallig'lanish bo'lgan maxallarda u qon quyilishiga o'xshab ketadi. Bunday hodisa toun, kuydirgi, toksik gripp singari infeksiyalarda kuzatiladi.
Salmonellat tuphi tufayli paydo bo'ladigan infeksiyalarda organizmda bir tekis tarqalgan mononuklear fagotsitlar yallig'lanish reaksiyasiga jalb etiladi va gistiotsitlar to'planib qolgan joylar yuzaga keladi. Bunday hodisa ko'pincha me'da-ichak yo'lining salmonellyoz infeksiyasi mahalida kuzatiladi. Bunda limfa tugunlari, jigar, taloq ham jarayonga qo'shilib, bulardagi mononuklear fagotsitlar gipertrofiya va proliferatsiyaga uchraydi hamda ular to'planib qolgan o'choqlar (makrofagal, gistiotsitar tugunchalar) hosil bo'ladi. Masalan, ich terlama kasalligida Peyer pilakchalari giperplaziyaga uchrab, hajmi kattalashadi va ularni qoplab turgan ingichka ichak shilliq pardasi yara bo'lib ketadi.