Sug’urta bozori assortimenti – sug’urtalanuvchi murojaat qilishi mumkin bo’lgan sug’urta turli ko’rinishlarining (turlarining) to’plami (majmui).
Sug’urta rezervlari – sug’urta badallari hisobidan shakllanadigan va birinchi navbatda, sug’urtalanuvchilarga sug’urta to’lovlarini amalga oshirishga sarf (xarj) qilinadigan maxsus fondlar. Daromadlarga emas, balki sug’urtalovchining majburiyatlariga bog’liq ravishda shakllanadi (tashkil qilinadi).
Smetali moliyalashtirish– noishlab chiqarish sohasi korxona va tashkilotlari xarajatlarini qoplash metodi.
Sotsial ta’minot - qariganda, nogironlik bo’yicha, boquvchisini yuqotganda va qonunda belgilangan boshqa holatlarda fuqarolarni moddiy ta’minlash uchun milliy daromadning bir qismini pul mablag’larining ijtimoiy fondini shakllantirish va undan foydalanish jarayoni bilan bog’liq bo’lgan taqsimlash munosabatlari tizimi.
T
Taraqqiyot byudjeti- davlat byudjetining tarkibiy qismi, uning kapital xarajatlari tarkibida shakllantiriladi va investitsion loyihalarni kreditlashtirish, investitsiyalashtirish va kafolatli ta’minlash uchun foydalaniladi.
Tartibga soluvchi (tartiblovchi) daromadlar – tegishli byudjetda ko’zda tutilgan barcha xarajatlarni to’liq qoplash maqsadida umumdavlat soliqlaridan quyi byudjetdagi biriktirilgan daromadlarning ustiga yuqori byudjetdan beriladigan daromadlar. Bunday daromadlarning tarkibiga qo’shilgan qiymat solig’i, aktsizlar, korxonalardan olinadigan daromad (foyda) solig’i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i kabilar kiradi. Bu soliqlar bo’yicha daromadlar quyi byudjetlardagi tushumlarni tartibga solish uchun moliyaviy hisobot davrida (odatda, bir yilda) belgilangan tartibda tasdiqlangan stavkalar bo’yicha soliqlardan foiz ajratmalari ko’rinishida foydalaniladi. Tartibga soluvchi daromadlar bo’yicha ajratmalar bevosita quyi byudjetlarga borib tushadi, ajratmalar stavkasi (normativi) esa davlat byudjeti tasdiqlanayotgan paytda aniqlanadi.