Kitob davlat qo`riqxonasi. Qashqadaryo viloyatida «Hisor» tog‘-archazor qo‘riqxonasidan tashqari O‘zbekistondagi yagona "Kitob” davlat qo‘riqxonasi Zarafshon tizma tog‘larining g‘arbiy qismida 1979-yilda tashkil etilgan. Bu yerda yurtimizdagi noyob o‘simlik va hayvonlar muhofaza qilinadi.
Qo‘riqxonada nafaqat hududdagi ekotizimni saqlab qolish, Xalqaro va O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi» ga kiritilgan o‘simlik, hayvonot olamini ham muhofaza etishga xizmat qiladi. Uning umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadi. Yer sharining geologik tarixi bo‘yicha tabiiy ilmiy yodgorlik hisoblanadi. Ushbu geologik qo‘riqxona o‘z ahamiyati jihatidan jahon geologik merosining eng ajoyib ko‘rinishi sifatida xalqaro maqomga egadir.
Ko‘pgina jonivor va o‘simlik qoldiqlaridan iborat bo‘lgan tog‘ jinslari bugungi kunda yerning geologik holatini o‘rganish uchun dunyo olimlari e'tiborini tortib kelayotganini ham aytib o‘tish joiz. Ilmiy manbalarda keltirilishicha, geolog olimlarning izlanishlari natijasida qo‘riqxona hududidagi tog‘ qatlamlarining uzilishsiz yer yuziga chiqib yotishi va o‘rganish uchun qulayligi isbot etilgan. Geologik kesmalarda qadimgi hayvon qoldiqlarining ko‘pligi va xilma-xilligi yotqiziqlarning yoshini, tog‘ jinslarining hosil bo‘lish holatini aniqlash, ularni taqqoslash, hududning geologik tuzilishini va o‘sha vaqtda qanday qazilma boyliklar hosil bo‘lishini asoslab berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kesmalar qo‘riqxonaning diqqatga sazovor joylari, ya'ni uning geologik ob'yektlari-tog‘ qatlamlarining ketma-ket joylashuvi, ulardagi qadimgi hayvonlarning tosh qotgan qoldiqlarini o‘rganish mumkin bo‘lgan asosiy manba hisoblanadi.
"Kitob” davlat geologik qo‘riqxonasi. nafaqat bir necha yuz million yillar avval yashagan, davrlar o‘tib iqlim o‘zgarishlari natijasida qadimgi dengiz jonzotlari tosh bo‘lib qotgan kesmalari, balki bugungi kun hayvonot va nabotot olami bilan ham mashhurdir.
Qo‘riqxona hududida 300 xil manzarali o‘simliklar o‘sadi. Shundan 280 turi xalq tabobatida ishlatiladi. 22 turi esa O‘zbekiston Respublikasining "Qizil kitobi”ga kiritilgan. Shuningdek, sut emizuvchilarning 21 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi, baliqlarning esa 3 turi mavjud. Qo‘riqxona hududida tarvaqaylab o‘sgan yong‘oqlar, hosili mo‘l qizil olmalar, baland bo‘yli, yovvoyi qizil do‘lanalar va boshqa daraxt turlarini uchratish mumkin. Ammo ularning shoxlarida sayrayotgan qushlar soni uncha ko‘p emas. 128 turi muhofaza qilinsa ham, aksariyati juda kam uchraydi. Shuningdek, Zinzilboy soyi bo‘ylab yurganda daraxt turlari, archalar, jilg‘alarni ham ko‘rish mumkin.
Hozirgi kunda qo‘riqxonada 2 ta loyiha asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Hududdagi paleozoy yotqiziqlarini stratigrafik o‘rganishda xalqaro hamkorlik ishlari ham yil sayin kengayib borayapti. Ayni paytda ham qo‘riqxona hayvonot (fauna) va o‘simlik (flora) dunyosi boy va xilma-xilligi bilan tabiatning betakror go‘shalaridan biridir. Ularni saqlash, o‘rganish uchun u yerda nabotot va hayvonot olamining har bir turi muhofazaga olingan.
Bu yerda o‘simliklar, hayvonlar, qushlarning nihoyatda noyob turlarini uchratsa bo‘ladi. Ana shulardan biri hududimizda kam uchraydigan, o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi ko‘k qushdir. Tabiatda ko‘k va moviy tusli qushlar ko‘p, ammo ko‘k qush ularning hech biri emas. Uning ilmiy unvoni Myophonus caeruleus Scop deb nomlangan.
Ko‘k qush qo‘riqxona soylarining maftunkor qushidir. U toshqin suvlarda qad ko‘tarib turuvchi toshlarda uchraydi, to‘q ko‘k rangda tovlanib, ovozi nafis va jarangdor yangraydi. "Uni ko‘rgan inson baxtli bo‘larmish”, - deb rivoyatlarda ham aytib o‘tiladi.
Soylar, daralar bo‘ylab yurganda daraxtlarning ancha siyrak, shuningdek, soyli joylarda nisbatan qalinroq o‘sganini ko‘rish mumkin. Qo‘riqxonada Zarafshon archasi ham muhofaza qilinadi. Archa uncha baland o‘smagan, sarg‘ayib qolgan o‘t-o‘lanlar bilan qoplagan, tog‘ yonbag‘riga yashilligi bilan chiroy baxsh etib turadi. O‘zidan xushbo‘y hid taratadi. Bu betakror hudud xalqaro tadqiqotlar va turistlar markaziga aylangan.
Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi haqida gap ketganda yerning tosh qotgan kitobi, deya ta'rif beriladi. So‘zni tarixdan boshlaydigan bo‘lsak, bu yerlarda qachonlardir ulkan dengiz mavjlanib turgan. Bu dengizning shakllanishi 500 million yil avval boshlangan bo‘lsa, 180-200 million yil davomida mazkur hudud suv ostida qolgan. Dengiz esa yuzlab million yil suv hayvonlari va o‘simliklariga "boshpana" bo‘lib kelgan. Ignatanlilar, trilobitlar, marjonlar, braxiopada kabi hayvon turlari dengiz tubida turg‘un yashaganlar. Bu davrda quruqlik kam bo‘lganligi uchun ham ular suv ostida rivojlangan.
Yana million yillar davomida yerdagi tektonik o‘zgarish va harakatlar, geologik hodisalar sabab dengiz o‘rnida ulkan tog‘ yuzaga kelgan. Endilikda esa bu ulkan tog‘ o‘z bag‘riga paleozoy erasining o‘rta ordovikdan karbon davrigacha bo‘lgan dengiz cho‘kindi yotqiziqlaridan iborat noyob qadimgi dengiz hayvon qoldiqlarini o‘z bag‘riga olgan tosh kitobdir. Paleontologik qoldiqlar bu davrda paydo bo‘lgan karbonatli cho‘kindi tog‘ jinslarida to‘liq saqlanib qolgan. Bu esa ularning yoshini, turini, paydo bo‘lgan vaqtini va o‘sha davrdagi sharoitni ilmiy o‘rganish imkonini beradi. Million-million yillar avval yashagan tirik organizmlarning tosh qotgan qoldiqlari - tog‘ qatlamlari sirini o‘rganish esa albatta katta bilim va malaka talab etadi.
7-Rasm