2.Jahon miqyosida turli mamlakatlarning bozor iqtisodiyotiga o`tishi va modellari. 1.XX asrga kelib bozor iqtisodiyotiga o’tish global, ya’ni umumjahon voqeligiga aylandi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish murakkab jarayon, shuning uchun u uzoq vaqt davom etadi. Undan tashqari, har bir mamlakatning o’ziga xos xususiyatlari mavjud bo’lib, bozor iqtisodiyotiga o’tishning turli modellari, yo’nalishlari asosida amalga oshadi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishning o’ziga xos yo’li quyidagi omillarga bog’liq:
1) geografik o’rin;
2) tabiiy resurslarning mavjudligi va ularning zaxirasi;
3) tarixiy taraqqiyot darajasi;
4) aholining an’analari va urf-odatlari;
5) ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasi;
6) jamiyatning ijtimoiy yo’nalishi.
Shu bilan birga bozor iqtisodiyoti modellarining umumiy tomonlari bo’lib, bular:
-bozor iqtisodiyotining turli-tuman mulkchilikka asoslanganligi;
-tovarlar va xizmatlarga erkin narxlar ustunligi;
-raqobat kurashiga asoslanishi;
-iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum tizimi mavjudligi va boshqalardan iborat.
Bozor iqtisodiyoti barcha mamlakatlarda o’z xususiyatlari va umumiy tomonlarining o’ziga xos qorishmasidan iborat bo’lib, ilmiy iqtisodiyotda har xil model (andaza) tarzida ifodalanadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish modellarini tarixiy nuqtai nazardan 3 guruhga bo’lish mumkin. Ana shunday guruhlarga bo’lishning mezoni qilib:
-davlat dasturlarining maqsadi, yo’nalishi;
-iqtisodiyotni tartibga solish usullari;
-iqtisodiyotda davlat sektorining ulushi;
-ish haqidagi farq kabilar olinadi.
1. G’arbiy Yevropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan mamlakatlar yo’li. Bunda bozor iqtisodiyotiga evolyutsion o’zgarishlar orqali o’tib boriladi. XX asrning 30- yillariga kelib, ayniqsa 50- yillardan bu jarayon yanada tezlashdi. Bu modelni iqtisodchilar klassik model deb atashadi. U bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatlar uchun namuna bo’lib xizmat qilishi mumkin. Chunki, klassik modelda bozor iqtisodiyotining qonun-qoidalari, hayotiyligi sinab ko’rilgan. Klassik modelning o’zi ham 3 ga bo’linadi.
1.Sotsial bozor iqtisodiyoti modeli ko’proq fuqarolar manfaatini himoya qilish, uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish, aholining haddan ziyod tabaqalanishiga yo’l qo’ymaslik, davlat mulkining ulushining boshqa modellarga qaraganda ko’pligi (25—30%) bilan ajralib turadi. Bu model Germaniya, Avstriya, Skandinaviya mamlakatlariga xos.
2.Aralash yoki erkin bozor iqtisodiyoti modeli da esa davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyotni tartiblashda ustun darajada taktik usullardan foydalanishi, iqtisodiyotda davlat mulkining hissasi (10% atrofida) kamligi, aholining tabaqalanishi, kuchli ish haqidagi farqning kattaligi bilan ajralib turadi. Bu modelni qo’llagan eng tipik mamlakat sifatida AQShni ko’rsatish mumkin.
3.Korporativ iqtisodiyot modeli davlatning yirik biznes manfaatini himoya qilish, asosiy ustuvor tarmoqlarni aniqlab, ularning rivojlanishiga yordam berish, davlat mulki hissasi kamligi, lekin ish haqidagi farq haddan tashqari katta emasligi bilan farqlanadi. Bu muhim muvaffaqiyat bilan Yaponiyada va uning izdoshlari bo’lgan mamlakatlarda qo’llangan.